Google Glass 2: kelajak ko‘zoynaklarini takomillashtirish davom etadi

Google Glass 2: kelajak ko‘zoynaklarini takomillashtirish davom etadi

“Aqlli ko‘zoynak” displeyini ta’bga ko‘ra mustaqil o‘rnatish imkonini beruvchi Google Glass 2’ning qanday ko‘rinishga ega bo‘lishiga oydinlik kiritildi. Google Monocle qurilmasi bir ko‘zga mo‘ljallangan displeyga hamda boshning orqa qismini o‘rab oluvchi tutqichga ega.

2015 yilning yanvar oyida Google ko‘zoynaklarning birinchi avlodini rivojlantirish dasturi – Glass Explorer program o‘z nihoyasiga yetganini, kompaniya yil oxirida yangi loyiha mahsulotlari to‘g‘risida e’lon qilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya Google Glass texnologiyasining ikkinchi talqinini Project Aura nomi bilan takomillashtirmoqda.

Kompaniyaning bu galgi hamkori jahonning yirik axborot texnologiyalari ishlab chiqaruvchisi hisoblangan Nest Labs kompaniyasi bosh direktori Toni Fadell. Bu inson axborot texnologiyalari sohasining yetakchi innovatorlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Ko‘zoynaklarning takomillashgan versiyasi ikki xil dizaynga ega bo‘ladi. Biri yuqorida qayd etilgan Glass 2 hamda kasbiy faoliyatda foydalanishga mo‘ljallangan Enterprise Edition ko‘zoynaklari.

Google yirik ishlab chiqaruvchilar va kompaniyalar bilan hamkorlikda “Glass at Work” loyihasi doirasida turli sohalar uchun aqlli ko‘zoynaklar ishlab chiqarishni ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu qurilmalarning ish jarayonida xavfsizlikni ta’minlashda, ishlab chiqarishda va hatto jarrohlik amaliyotlarida keng qo‘llanilishi kutilmoqda.

Enterprise Edition ko‘zoynaklarining 2016 yilning bahor oylarida namoyish qilinishi kutilmoqda. Bugun 1.5 ming AQSh dollaridan sotilayotgan aqlli ko‘zoynaklarning birinchi avlodi kam ishlab chiqarilgani bois ham bahosi yuqori. Mutaxassislar Google Glass istiqbolda katta miqdorda ishlab chiqarilishini inobatga olib, uning ancha arzon bo‘lishini ta’kidlashmoqda.

Kelajak ko‘zoynaklarini yaratishda uning ichki, texnologik imkoniyatlariga katta e’tibor qaratilib, ularda Texas Instruments CPU rusumidagi protsessorlar o‘rniga Intel protsessorlaridan, Intel Atom chiplaridan foydalaniladi. Istiqbolda uning 4-6 soatga yetadigan quvvat zahirasining imkoniyatlari yanada kengayadi.

Google Glass 5 megapikselli fotokamera, 720 pikselda yozuvchi videokamera bilan ta’minlangan bo‘lsa, endigi qurilmalarga 8 megapikselli fotokameralar, videotasvirni 1080 piksel formatda yozib oladigan videokamera o‘rnatiladi.

Foydalanuvchilar va jamoatchilikning fikr-mulohazalari, kompaniyaning yondashuvidan ham ko‘rinib turibdiki, hozirgacha kelajak ko‘zoynaklarining yorqin istiqboli haqida bir nima deyish mushkul.

“Men iPod va iPhone qurilmalarini yaratilish jarayonida ishtirok etgan inson sifatida yangi texnologiyaning mohiyatini, uning istiqbolini his qilaman. Glass kun kelib shulardek hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylanishiga ishonaman. Buning uchun esa vaqt kerak bo‘ladi,” deydi Toni Fadell.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!