Google ​ Hindistonda hojatxonani tezda topib beradigan xizmatni ishga tushirdi

Google ​ Hindistonda hojatxonani tezda topib beradigan xizmatni ishga tushirdi

Google ​ qidiruvi Hindiston aholisiga jamoat hojatxonasini tezlik bilan topishga yordam beradigan bo‘ldi, deya xabar bermoqda Sof.uz.

Payshanba kuni ishga tushirilgan yangi xizmat Hindiston hukumatining butun mamlakat bo‘ylab ochiq joyda hojat chiqarishni bartaraf etish tadbirining bir qismi sanaladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston aholisining qariyb yarmi – 595 million kishi uyida hojatxonasi yo‘qligi tufayli hojatini ko‘chada chiqaradi.

Avvalroq, Hindiston hukumati mamlakatni jamoat hojatxonalari bilan ta’minlash uchun jiddiy kirishgani xabar qilingan edi. Hukumat hatto uyida hojatxonasi yo‘q bo‘lgan fuqarolarni davlat ishiga olishni taqiqlagan.

Endi poytaxt Dehli shahridagi aholi Google ​Map dasturida «jamoat hojatxonasi» degan qidiruv bilan poytaxt hamda Madhya Pradesh shtatidagi – ​ 5 162 ta hojatxonadan eng yaqinda joylashganini tezda bilib olishlari mumkin bo‘ladi.

Google’ning Hindistondagi bo‘limi vakili Gaurav Bhaskarning Al Jazeera​’ga ma’lum qilishicha, yaqin kelajakda dasturni Hindistonning hamma shaharlaridagi jamoat hojatxonalari haqidagi ma’lumot bilan to‘ldiriladi. Yangi dastur foydalanuvchilari hojatxonalarning tozaligi haqidagi fikrlarini ham yozib qoldirishlari mumkin.

Ikki yil muqaddam Hinistonning Mustaqillik bayramida bosh vazir Narendra Modi qishloq joylarida ham hojatxonalar qurish hukumatning asosiy maqsadlaridan biri ekanligini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng, hukumat 5 yil ichida mamlakat bo‘ylab millionlab hojatxonalar qurish rejasini e’lon qilgan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!