Google iPhone’ning “jonli surat” muammosini hal qiladi

Google iPhone’ning “jonli surat” muammosini hal qiladi

Google iPhone smartfonlari uchun o‘zining Motion Stills nomli ilovasini yangi talqinda e’lon qildi. Dastur “Live Photos”, ya’ni harakatdagi suratlarni GIF yoki video formatidagi fayllarga aylantiradi. Uning yordamida ayfon foydalanuvchilari muvaffaqiyatsiz chiqqan «harakatli surat»larini tahrir qilishlari mumkin.

Ma’lumki, iPhone 6s’ning 12 megapikselli kamerasining imkoniyati kengayib, unda harakatli fotosuratlar olish imkoni joriy qilindi. “Jonli surat” 1.5 soniya mobaynidagi video hamda audio bo‘lib unda tasvirga olish tugmasi bosilguniga va bosilganidan keyingi jarayon muhrlanadi. Natijada, 12 megapikselli JPEG formatidagi “jonli” fotosurat hosil bo‘ladi.

Bu shakldagi suratlarni iPhone 7, iPhone 7 Plus, iPhone 6s, iPhone 6s Plus va iPhone SE’da olish, Apple’ning aksariyat gadjetlari, jumladan Mac va Apple Watch’da ko‘rish mumkin.
Ammo, bu formatni GIF yoki MOV kabi ommabop formatga aylantirishning iloji yo‘q edi. Motion Stills ilovasi endi ushbu muammoni hal qiladi. Dastur yordamida “harakatli surat”larning ranglari yorqinlashib, yanada barqaror va tiniq suratlar olish mumkin.

Motion Stills’dagi yana yangilik — ilova endi avtomat ravishda tasvirni tahlil qiladi va ortiqcha parchalarni kesib tashlaydi. Undan ham muhimroq jihat shuki, ilova yordamida “jonli surat”ning har bir kadrini tahrir qilib, kerakli joylarni olib qolish mumkin. Ilovani nnternetsiz ham ishlatish mumkin.

Google’ning ma’lum qilishicha, Motion Stills surat sifatini oshirib, qo‘l titrashi natijasida hosil bo‘ladigan xiralashishlarni bartaraf qiladi, jarayonning eng sifatli kadrlarini qoldiradi.

Motion Stills’ning yangi talqinini App Store’da ushbu manzildan bepul yangilab olish mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.