Google’ning aqlli va odobli mashinalari yo‘lovchilarga yordamlashadi

Google’ning aqlli va odobli mashinalari yo‘lovchilarga yordamlashadi

Mustaqil harakatlanadigan avtomobillarni yaratish sur’ati yuqori darajaga yetgan bo‘lsa-da, hali ulardan sinovchilarsiz foydalanish qonuniy ravishda tartibga solingani yo‘q. Boisi avtomobillarning yo‘lovchilarga nisbatan munosabati ahamiyatli masala hisoblanib, hali bu to‘g‘rida asosli taklif bildirilganicha yo‘q.

Google joriy haftada o‘z-o‘zini boshqaruvchi avtomobili uchun olgan patent uning bu yo‘nalishdagi rejalariga oydinlik kiritdi.

Mashinaning tashqi qismiga o‘rnatilgan elektron displey yo‘lovchiga avtomobilning keyingi harakati to‘g‘risida ma’lumot beradi. Misol uchun, yo‘lovchilar bu belgilarga qarab, mashina ularga yo‘l berayotgani yoki to‘xtashlari kerakligini bilib oladilar.

Mashina egasi orqa o‘rindiqda biror o‘yin o‘ynab yoki mizg‘ib ketayotgan bir mahalda, endi hech kim yo‘lovchilar bilan qo‘l yoki bosh harakatlari, signal yoki faralar bilan muloqotga kirishmaydi.

Google’ning aqlli avtomobillar uchun olgan boshqa patentlarida bir-biridan ilg‘or g‘oyalarni uchratish mumkin. Misol uchun, kompaniya mashinalariga ichki emas, tashqi xavfsizlik yostiqchalarini o‘rnatishni maqsad qilgan.

Yana bir qiziq dalil shundaki, avtomobillar ovozli ogohlantirish tizimiga ega bo‘ladi. Ya’ni, avtomobil o‘ziga yaqin turgan yo‘lovchining manfaatidan kelib chiqib, unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, uni noto‘g‘ri xatti-harakatlardan ogohlantiradi. Ajab emas, kun kelib chorrahalarda yo‘lovchilarga qarata “Sizdan keyin, xonim!” yoki “Ko‘zingizga qarab yuring, janob!” deydigan odobli mashinalar harakatlana boshlasa.

Mutaxassislarning fikricha, bu turdagi mashinalarda qo‘llanilgan innovatsiya zamondan kamida besh yil oldinda yurishi kerak.

Google avtonom avtomobil texnologiyasini takomillashtirayotgan yagona kompaniya emas. Volvo, BMW, Chevrolet FNR, Volkswagen kabi yirik avtokonsernlar shu yo‘nalishdagi qimmat loyihalarni moliyalashtirishmoqda.