Google Search’ga “iltimos” va “rahmat” izhor qilgan buvi qahramonga aylandi

Google Search’ga “iltimos” va “rahmat” izhor qilgan buvi qahramonga aylandi

Bugun “internet odamlari” degan yangi toifadagilar paydo bo‘ldi. Ularning aksariyati internetda xushmuomalalikni unutib qo‘yadi. Internetdan o‘zlariga kerak ma’lumotni topishadi va undan foydalanishadi. U ma’lumotni tarmoqqa kiritgan kishining mehnati bilan deyarli hech kimning ishi yo‘q.

Ammo kechagina britaniyalik 86 yoshlik onaxonning Google qidiruv tizimiga savol yo‘llab bildirgan “iltimos” va “rahmat senga” degan izhorlari internetda ham qanchalar xushmuomala, boadab bo‘lish mumkinligini ko‘rsatdi.

Mey Ashvort ismli ingliz xonimi Google’da “iltimos, “mcmxcviii” rim raqamlarini o‘girishga yordam bersang, senga katta rahmat” degan yozuvni qidiruvga bergan va “1998” degan javobni olgan.

Bu yozuvni uning noutbukida nevarasi Ben Ekkersli ko‘rib qolib, buvisidan nega Google’dan iltimos qilgani va tizimga rahmat aytganini so‘ragan. Mey xonim esa iltimos qilish va yordam berganlarga rahmat aytish umuminsoniy udumligini aytadi. Bundan ta’sirlangan Ben bu hodisani jamoatchilikka yetkazmaslikka o‘zida kuch topa olmagan.

Siz ko‘rib turgan, onaxon qidiruv tizimiga kiritgan yozuv qisqa fursatda ommalashib ketib, Mey Ashvort internet olamining eng boadab va sevimli foydalanuvchisiga aylanadi.

Mazkur hodisadan xabar topgan Google bunga quyidagi munosabat bildirdi.

“Qadrli Benning buvisi,

Ishonamizki, ahvolingiz juda yaxshi.

Jahon bo‘ylab milliardlab qidiruvlar orasidan siznikiga huzurlanib kuldik.

Siz bergan savolning javobi “1998” edi.

Sizga katta rahmat!”

— @Google’ning Britaniya bo‘linmasi

Qadrli, buvijon,

Rahmatga hojat yo‘q.

Samimiyat bilan,

— @Google

Shunday qilib, xushmuomala ingliz buvi jahon internet foydalanuvchilarga insonga xos umumbashariy an’anani eslatib qo‘ydi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!