Google Translate yanada "kuchaydi"

Google Translate yanada

Google kompaniyasi bundan o‘n bir yil ilgari ishga tushirgan Google Translate veb-xizmati bugun 100 dan ortiq tillarni tarjima qiladigan yirik tarjimon platforma sanaladi. Google yaqinda mazkur xizmatni bugungi yangi texnologiya bilan yanada kuchaytirdi.

Veb-xizmatiga neyro-tarmoq, ya’ni "aqlli tizim"larning tatbiq qilinishi natijasida, xizmat matnni tarjima qilishda yanada yuqori aniqlik va mazmunan aniqlikka erishdi. Bunday jihat hattoki uning offlayn talqinida ham saqlanib qoladi.

So‘nggi yillar mobaynida neyro-mashiali tarjima texnologiyasi Google Translate xizmatining onlayn-versiyasida qo‘llanib kelingan. 2018 yilning iyunidan esa "sun’iy intellekt" texnologiyasi ilovaning offlayn talqiniga ham joriy qilinmoqda. Ushbu ilova iOS va Android mobil operatsion tizimlarida avtonom rejimda ishlashi mumkin.

Foydalanuvchi mazkur xizmatga qancha ko‘p murojaat qilsa, tarjima shu qadar aniq hamda ravon bo‘lib boraveradi. Endi ilovani internetga ulash shart bo‘lmagani tufayli, ushbu xizmatdan sayohat chog‘larida ham foydalanish mumkin. Foydalanuvchi boshqalar bilan til topishishi yoki suhbat qurishda internet izlab yurmaydi.

«Neyronli tizim gapni qismlarga bo‘lib emas, yaxlit hamda lo‘nda tarjima qiladi. Tarjima to‘liq va mazmundor chiqishi uchun Google Translate asosiy e’tiborni tugal fikrga qaratadi. Natijada, gap-so‘zlardagi savodxonlik ancha oshgan», — deydi Google kompaniyasi.

Google Translate — bugungi kunda sun’iy aql texnologiyasining imkoniyatlaridan foydalanayotgan yagona xizmat emas. 2018 yilda Microsoft Translator ham neyro-tarmoqlarni joriy qilish evaziga katta yutuqlarga erishgan.

Google Translate xizmatining takomillashgan talqinidan foydalanish uchun har bir foydalanilayotgan tilning leksik paketini o‘rnatish kerak bo‘ladi. Bunday lug‘atlarning o‘rtacha hajmi 35 dan 45 Mb.gacha bo‘ladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.