Google yetakchisi AQShda eng ko‘p to‘lanadigan rahbarga aylandi

Google yetakchisi AQShda eng ko‘p to‘lanadigan rahbarga aylandi

Google yetakchisi Sundar Pichai AQShda eng ko‘p maosh to‘lanadigan rahbarga aylandi. AQShning Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, u joriy yilda kompaniya aksiyalaridan tushgan 199 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ga ega bo‘lgan.

2015 yilning 2 oktyabrida Google kompaniyasiga egalik qiluvchi Alphabet Inc. xoldingi tashkil etilgach, janob Pichai kompaniyaga rahbar etib tayinlangan edi.

43 yoshli Sundar Pichaiga joriy yilning 3 fevral kuni Alphabet xoldingining $199 million dollarga teng bo‘lgan 273,328 dona aksiyasi topshirilgan. Aksiyalardan tushgan navbatdagi mukofot puli bilan birga Pichay narxi taxminan $650 million dollarga teng aksiyalar egasiga aylandi. Bu mukofot pullari unga 2019 yilga qadar har chorakda, bosqichma-bosqich o‘tkazib beriladi.

Shuningdek, Forbes nashrining yozishicha, Google asoschilari Larri Peyj hamda Sergey Brin $34.6 mlrd. va $33.9 mlrd. dollar miqdoridagi mablag‘ga ega.

Sundar Pichai 1972 yilda Hindistonning Maduray shtatida, injener-elektrik xonadonida tug‘ilgan. Hindistonning Xaragpur texnologiyalar instituti (bakalavr), AQShning Stenford universiteti (magistr), shu bilan birga Pensilvaniya universitetlarida tahsil olgan. U kompaniyaga 2004 yilda kelib qo‘shilgan. Rahbarga aylanguniga qadar Google Chrome, Chrome OS, shuningdek Google Drive kabi dasturiy mahsulot va loyihalarning menejmenti bo‘yicha mas’ul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. U kompaniyaning Gmail hamda Google Maps loyihalarining rivojiga katta hissa qo‘shgan.

2015 yilda Cheniere Energy energetika kompaniyasi rahbari Sharif Souki yil davomida $141,949,28 dollar daromad olib, AQShda eng ko‘p maosh to‘langan rahbarga aylangan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.