Yangi hamyonbop Galaxy smartfoni taqdim etildi

Yangi hamyonbop Galaxy smartfoni taqdim etildi

Galaxy A seriyasiga yana bir yangi model qo‘shildi. Ushbu smartfon o‘tgan yilgi A03s modelining yangi avlodi, shuningdek yaqinda taqdim etilgan A04 modeling yaxshilangan versiyasi hisoblanadi. 

Ushbu qurilma hech qanday taqdimotsiz Shimoliy Yevropa hududida paydo bo‘ldi. Endi smartfon qaysi hududlar uchun sotuvga chiqishi e’lon qilinishi kerak. 

Galaxy A04s byudjet sinfidagi smartfon bo‘lsa-da, uning texnik ko‘rsatkichlari yomon emas. Smartfon Android 12 operatsion tizimiga asoslangan One UI Core 4.1 grafik qobig‘ida ishlaydi. 

Kompaniya qurilmaga qanday chip o‘rnatgani haqida hech qanday ma’lumot bermadi, katta ehtimol bilan bu Exynos 850 chipi bo‘lishi kerak. Sakkizta Cortex-A56 yadroli ushbu chip A03s modeliga o‘rnatilgan Helio P35 chipida ancha kuchliroq bo‘lsa, 8 nanometr sabab A04'dagi 28 nanometrli Unisoc chipiga qaraganda ancha samaradaorligi yaxshiroq. 

Smartfon 3/4GB tezkor, 32/64/128GB doimiy xotiraga ega. Xotirani microSD kartasi bilan kengaytirish mumkin. “S“ modelning yana bir yaxshilangan tomoni bu displey. To‘g‘ri, qurilma hamon 720 x 1,600p rezolyutsiyadagi 6.5 dyuymli PLS LCD displeyi bilan jihozlangan, ammo u endi 60 gerts emas, balki 90 gertsda ishlaydi. Displeyining yuqori qismidan 5MP selfi kamera o‘rin olgan. 

Orqa panelda uchta kamera joylashgan: A04 kabi 1080p 30 kadrda videoga olishi mumkin bo‘lgan 50MP asosiy kamera hamda ikkita 2 megapikselli sath va makro kameralar. 

Qurilma 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Uning quvvati 90 soat musiqa eshitish, 21 soat internetdan foydalanishga yetadi. Eng katta o‘zgarishlardan biri bu USB-C porti. To‘g‘ri, smartfon tezkor quvvlash texnologiyasiga ega emas, ammo micro USB porti olib tashlanganligi ancha quvonarli holat. 

Smartfonda 3.5 mm audio jek hamda Dolby Atmos funksiyasi mavjud. U ikkita SIM-kartani qabul qiladi. Barmoq izi skaneri yon tomonda joylashgan. 

Hozircha smartfonning narxi to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘q. Qurilma qora, yashil, oq va mis ranglarda sotuvga chiqadi, ammo Samsung'ning onlayn do‘konida faqat yashil va oq ranglari ro‘yxatdan o‘tkazikgan. Galaxy A04s modeli Daniya, Norvegiya, Shvetsiya va Finlyandiya davlatlarida ro‘yxatdan o‘tkazikgan, biroq smartfon hali sotuvga chiqmadi. 

O‘QING: iPhone SE 4 smartfoni iPhone XR dizaynida chiqariladi 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.