Hamyonbop Motorola Moto G6 Play’dagi g‘ayrioddiy element nima ekan? (+video)

  •   DiMaX
  •  1314
  •  30.01.2018 12:38

Hamyonbop Motorola Moto G6 Play’dagi g‘ayrioddiy element nima ekan? (+video)

Yaqindagina Motorola’ning yangi smartfon modellari haqida ma’lumotlar «sizib chiqdi». Jumladan, Moto G6 turkumiga mansub qurilmalarning ayrim xususiyatlari ham ma’lum bo‘ldi.

O‘QING: Moto Z2 Force flagmani iPhone 8’dan ham qimmatga tushyapti

Bugun esa Moto G6 Play gadjetining uch o‘lchamli modeli tasvirlangan videolavha tarqalmoqda. Lavhani taniqli insayder @OnLeaks taqdim etganini, uning prognozlari odatda to‘g‘ri chiqishini inobatga olsak, Motorola’ning ushbu hamyonbop smartfoni chindan ham quyidagicha ko‘rinishga ega:

Guvohi bo‘lganingizdek, Moto G6 Play ekrani ostida Motorola logotipi joylashgan. Daktiloskopik skaner esa, hozirgi ko‘pchilik smartfonlarda bo‘lgani kabi, orqa paneldan o‘rin olgan.

Ammo korpusning orqa panelida yana bir g‘ayrioddiy element bor – u kamera moduli va chaqnog‘ini o‘z ichiga olgan halqa shaklida. Ehtimol, bu bildirishonoma kelganidan ogohlantiruvchi yorug‘lik-diodli element bo‘lishi mumkin. Yana bir jihati e’tiborga loyiq – kamera moduli korpus yuzasidan turtib chiqqan emas, balki tekis yuzada joylashgan.

Bundan tashqari, Moto G6 Play orqa paneli shishadan ishlanganligi ham qiziq. Axir, bu – odatda simsiz quvvatlash texnologiyasi uchun qo‘llanadigan yechim-ku, bu smartfon esa hamyonbop model...

Manbalarning ma’lumot berishicha, Moto G6 Play diagonali 5,7 dyuymga, tasvir aniqligi esa 1440x720 pikselga teng ekran bilan jihozlangan. Uning «yuragi» sifatida Snapdragon 430 protsessori tanlangan, asosiy kamerasi esa 12 megapikselli. Tezkor xotirasi 2 yoki 3 gigabayt, doimiy xotirasi esa 16 yoxud 32 gigabayt hajmga ega. Shuningdek, smartfonning quvvat toshi ham salmoqli –  4000 mA/soat sig‘imga ega.

Moto G6 Play narxi, taqdimot sanasi va boshqa xususiyatlari hozircha ma’lum emas. Bu boradagi yangiliklardan birinchilar qatorida boxabar bo‘lib borish uchun bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: TOP-5: 2017 yilning eng yaxshi arzon smartfonlari