Hamyonbop va “zo‘r” smartfon kerakmi? Lenovo Moto G5’ni maslahat beramiz

Hamyonbop va “zo‘r” smartfon kerakmi? Lenovo Moto G5’ni maslahat beramiz

2013 yildan boshlab ishlab chiqarilayotgan, ilk marotaba 160 AQSh dollaridan sotuvga chiqqan Moto G smartfonlari turkumi so‘nggi yillarda yaxshi va hamyonbop smartfon sotib olish istagida bo‘lgan insonlar uun ayni muddao bo‘ldi. LENOVO’ning Moto G turkumiga kiruvchi smartfonlarini hamma yerdan topish mumkin.

Xususan, 2017 yilning fevral oyida Barselonada taqdim etilgan Moto G5 smartfoni ham qulay narxi va jihatlari bilan diqqatga sazovor. Ayni paytda smartfon jahon bozorlarida 199 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilmoqda. So‘nggi 6 oy ichida dunyo miqyosida smartfonlarning narxi oshgan bo‘lsa ham, Moto G5 turkumi narxida o‘zgarish kuzatilmadi. Ayniqsa, narxini eshitganda ko‘zdan yoshib chiqib ketadigan Samsung’ning Galaxy S8 flagmanlari oldida, bu xitoylikning qanchalar hamyonbop ekanini anglash mumkin.

Dizayn

Maqolamiz qahramoni bo‘lmish Moto G 5.2 dyuymli hamda yanada kattaroq ekranli Moto G5 Plus versiyalarda ishlab chiqarilmoqda. Smartfon korpusi alyuminiydan, orqa paneli plastikdan tayyorlangan. Uning korpusi qalinligi 9.5 mm, korpusning orqa paneli olinadi, u yerda akkumulyator, SIM va MicroSD karta bo‘lmalarini ko‘rish mumkin. Ekran atrofidagi hoshiyalar taxminan 3 mm — bu yuqori “tabaqa”ga mansub telefon emasligini hisobga olsak, bu yaxshi. Moto G5 bo‘yiga 144.3 mm, eniga 73 mm, vazni — 144.5 gramm.

Ekran

Moto G5 smartfoni old panelining 65.4 foizi ekrandan iborat. Bugungi flagman smartfonlarda ekran ulushi 70 va 80 foizni tashkil qiladi. IPS LCD matritsali ekranning piksellar sig‘imi Full HD (1920×1080). Ekrandagi tasvir aniq-ravshan. Hattoki, ekran sozlamalarida bir qancha rejimlar ham taklif qilingan. Chindan ham, ekranda videotasvirning aks etishi haqida foydalanuvchilarning fikri ijobiy. Ayniqsa, kunduz kuni elektron kitoblar o‘qishda qulay. Tunda esa bu ekranda mutolaa qilmagan ma’qul. Boisi, smartfonda “tungi mutolaa” rejimi yo‘q. Ekran Gorilla Glass 3 himoya shishasiga egaligi bois uncha-muncha tirnalishlarni pisand qilmaydi.

Platforma

Moto G5 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 430 protsessori, 2 gigabaytli operativ va 16 GB doimiy xotira bilan ta’minlangan. microSD bo‘lmachasi yordamida xotirani yanada kengaytirish mumkin. Smartfon Android 7.0 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Moto G5 Plus’da esa 3 GB “operativka”dan foydalanilgan.

Ekran ostidagi botiq dizaynli bosh tugma barmoq izlari skaneri vazifasini ham bajaradi. Unga bir marta bosilsa, bosh ekranga qaytadi, bosib turilsa — ekran blokirovka bo‘ladi, uzog‘roq bosib turilsa — ovozli qidiruv tizimi bo‘lgan Google Now xizmati yoqiladi. Bu funksiya yaqinda taqdim qilingan Huawei P10 hamda P10 Plus flagmanlarida ham tatbiq qilingan.

Quvvat toshi

Motorola’ning ma’lum qilishicha, Moto G5’ning 2,800 mA soat akkumulyatori gadjetni 24 soat quvvat bilan beminnat ta’minlaydi. Kun davomida o‘rtacha me’yorda mobil GPS’dan foydalanganda, musiqa tinglab bir oz video tomosha qilganda, internet sahifalariga kirganda va kitob o‘qiganda kechga yaqin quvvatning 25 foizi sarf qilinishi ma’lum bo‘lgan.

Kamera

Smartfon xarid qilayotganda diqqat qilinadigan yana bir muhim jihat — bu kamera. Moto G5’da 13 megapikselli, f/2.0 standartidagi optik priborga ega bosh kamera va LED fotochaqnoq mavjud. Unda mobil kameraga xos eng ommabop texnologiya bo‘lmish avtofokus funksiyasi mavjud. Old kamera sig‘imi esa 5 megapikselli. Bu Apple’ga ayfon uchun kamera yetkazib beradigan OmniVision kompaniyasi mahsuloti.

Kamera ilovasi rejimlarga boy, o‘ziga xos jihatlari bor. Jumladan, old kameradagi “go‘zallik” rejimi, yoki ekranning fotochaqnoq vazifasini bajarishini aytish mumkin. Old kamera selfi yoki video-suhbatlar uchun ayni muddao.

Old kamerada 1080p sig‘imli Full HD video olsa bo‘ladi. Unda HDR, kengaytirilgan dinamik diapazon funksiyasining borligi hamda qo‘shimcha mikrofonning borligi uchun tasvir sifati yuqori ovoz tiniq jarang sochadi.

Quyidagi suratlarda Moto G5 kamerasi imkoniyatlariga o‘zingiz baho bering.

Moto G5’da olingan video tasvir:

Foydalanuvchilarning fikri:
Moto G5 ikkala bosh barmoqni ko‘tarib, maqtashga arziydigan munosib hamyonbop smartfon. Hozircha ushbu smartfonni yurtimiz smartfon bozorlarida uchratganimiz yo‘q. Ehtimol, siz smartfon xarid qilishga chiqqaningizda, unga duch kelib qolarsiz. Shunda mazkur maslahatimiz sizga yordam bersa, biz baxtiyor bo‘lamiz!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!