Harbiylar hayoti xavf ostida: fitnes-ilova minglab harbiylarning manzilini aniqlab berdi

  •   Saroy
  •  1384
  •  09.07.2018 15:34

Harbiylar hayoti xavf ostida: fitnes-ilova minglab harbiylarning manzilini aniqlab berdi

Bellingcat va De Correspondent jurnalistlarining aniqlashicha,  Polar Flow xizmati yordamida askarlar va razvedkachilarning turar-joylarini osonlik bilan aniqlasa bo‘larkan. Ilova ko‘chadagi mashq jarayonlarini kuzatish uchun GPS’dan foydalanadi, harbiylarning barcha yugiradigan marshrutlarini yozib oladi va ochiq xaritada e’lon qiladi. Jurnalistlar ham ushbu ma’lumotlardan foydalanishdi.

Hisobot uchun tadqiqotchilar  Polar Flow xizmati xaritasida harbiy baza, agentlik yoki muassasani topishgan va shu joydan marshrutning yakuniy nuqtasini qidirishgan. Odatda harbiylar yoki harbiy tashkilotlarga aloqador xodimlar  ushbu marshrut bo‘yicha yuguradi. Aksariyat hollarda ularning yugurish  yo‘nalishi o‘zlarining uyigacha yoki mehmonxonagacha bo‘ladi. Shu bilan birga, ko‘pchillik harbiylar fitnes-ilovalarda o‘zlarining haqiqiy ismi yoki familiyasini ishlatadilar.

Ushbu oshkor etilgan ma’lumotlardan foydalanib, uyidan harbiy  bazagacha kim yugurib kelayotganini bilsa bo‘ladi. Qolgani texnikaga bog‘liq, ya’ni bino koordinati, telefon ma’lumotnomasi, ijtimoiy tarmoq yoki boshqa ochiq ma’lumotlar orqali uyda yashayotgan harbiyning kimligi va aniq ismini bilib olish mumkin.

Shunday qilib, jurnalistlar 6500 nafar askar va harbiy xizmatchilar ro‘yxatini aniqlashdi. Ularning orasida beqaror va juda xavfli hududlarda xizmat qilayotgan harbiylar ham bor.  Oshkor etilgan ma’lumotlar orqali ularning ismini, yashayotgan uyining koordinatini va ishdan uygacha bo‘lgan yo‘lni topish mumkin. Bu esa, harbiylar uchun juda xavfli hisoblanadi.

Jurnalistlar o‘zlarining tadqiqotlari natijalari haqda Polar kompaniyasiga ma’lum qilishgan. Kompaniya allaqachon foydalanuvchilarning maxfiyligini saqlash chorasini ko‘rish ustida ish boshlab yuborishgan va mashqlar tarixini tozalab tashlash funksiyasini ham ishga tushirganlar.

Joriy yilning boshida Stara fitnes-servisi bilan ham shunday voqea kuzatilgan edi. O‘shanda ekspertlar mashqlar haqidagi ochiq  ma’lumotlar yordamida harbiy bazalar va boshqa muhim ob’yektlarning joylashgan manzilini oshkor eta olgandi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.