Hatto formatlangan disk va fleshkadagi o‘chib ketgan fayllarni ham tiklovchi yettita eng zo‘r dastur

  •   DiMaX
  •  15046
  •  10.09.2019 16:34

Hatto formatlangan disk va fleshkadagi o‘chib ketgan fayllarni ham tiklovchi yettita eng zo‘r dastur

Bugungi kunda ko‘plab ma’lumotlarni kompyuter, noutbuk, smartfon yoki planshet xotirasida saqlashga odatlanganmiz. Lekin ehtiyotsizlik sababli yoki virus hujumi oqibatida ular o‘chib ketishi mumkin, shunda fayllarni tiklovchi utilitalar ko‘makka keladi.

O‘QING: Excel'da saqlab qolinmagan fayllarni qanday tiklash mumkin?

Eng avvalo, bir narsani tushunib olish muhim: faylni diskdan o‘chirganimizda, aslida uning tizimdagi tavsifigina o‘chirib tashlanadi. O‘sha faylni tashkil etuvchi baytlar jamlanmasi esa joyida qoladi va toki ustidan boshqa fayl yozilmagunicha saqlanib turadi. Shunday ekan, biror fayl yo‘qolib qolganida, avvalo u joylashgan diskka boshqa, ayniqsa yirik hajmli fayl ko‘chirmay turish kerak.

Quyidagi kompyuter dasturlari ana shunday – o‘chib ketgan fayllarni tiklashda qo‘l keladi, ayrimlari hatto disk formatlanganidan keyin ham topib berishga qodir. Faqat bir jihatini yodda tuting: dasturlarni o‘sha – fayllar o‘chib ketgan diskka emas, boshqasiga o‘rnatganingiz ma’qul. Aks holda o‘rnatilayotgan dastur o‘sha o‘chib ketgan faylning o‘rniga yozilib, uni tiklash imkonini kamaytiradi yoki hatto yo‘qqa chiqaradi. Umuman olganda, bulardan birortasini har ehtimolga qarshi hozirdan o‘rnatib qo‘ysangiz ham bo‘laveradi – keyinchalik kerak bo‘lib qolganida izlab yurmaysiz.

Xullas, o‘chgan ma’lumotlarni tiklovchi eng yaxshi ilovalar quyidagilardir.

1. Recuva

Platforma: Windows.

Narxi: bepul, kengaytirilgan versiyasi 19,95 dollar.

Recuva bexosdan o‘chirib yuborilgan, «Korzina»ni tozalaganda yo‘qotilgan fayllarni tiklab beradi. Ushbu dastur tasodifan formatlab yuborilgan xotira qurilmalaridagi fayllarni – fotoapparat xotira kartasidagi surat, MP3-pleyerdagi qo‘shiq kabilarni ham topib sizga qaytarib bera oladi. Recuva har qanday xotira tashuvchisi, hatto iPod xotirasi bilan ham ishlay oladi.

Kompyuteringizga uni mana bu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.

2. Disk Drill

Platforma: Windows, Mac.

Narxi: bepul, kengaytirilgan versiyasi 89 dollar.

Disk Drill – asosan Mac kompyuterlarida ma’lumotlarni tiklashga mo‘ljallangan utilita, lekin Windows versiyasi ham bor. Bu dastur ko‘plab turlardagi disklar, fayllar va fayl tizimlarini qo‘llab-quvvatlashi bilan e’tiborga loyiq. O‘chirib yuborilgan fayllarni uning Recovery Protection funksiyasi yordamida tiklash, shuningdek, fayllar dublikatlarini topish va diskni tozalash ham mumkin. Biroq bepul versiyasi to Disk Drill o‘rnatilguniga qadar o‘chirilgan fayllarni tiklab bermaydi, shu bois hoziroq ushbu havola yordamida uni o‘rnatib olganingiz ma’qul.

3. TestDisk

Platforma: Windows, Mac, Linux, FreeBSD, OpenBSD, SunOS, DOS.

Narxi: bepul.

Ochiq kodli, o‘ta universal va ko‘p funksiyali ilova. Uning interfeysi matnli, ammo tushunib olish qiyin emas.

TestDisk juda ko‘plab formatlardagi fayllar bilan ishlay oladi. Bundan tashqari, ushbu dasturni LiveCD’ga yozib qo‘yib, operatsion tizimi buzilib, kompyuter yonmay qolganida undagi ma’lumotlarni tiklash uchun qo‘llash mumkin. Mazkur utilita shikastlangan yuklovchi sektorni yoki yo‘qotilgan axborotlarni tiklab bera oladi.

TestDisk jamlanmasida PhotoRec dasturi ham mavjud – u diskdan o‘chirilgan fayllar, fotosuratlar, musiqa va videolarni tiklashga xizmat qiladi. Mazkur serqirra utilitani mana bu havola orqali o‘rnatib olishingiz mumkin.

O‘QING: Qanday qilib Windows'ni keraksiz ma’lumotlardan tozalash mumkin: 5 bepul vosita

4. R-Undelete

Platforma: Windows, Mac, Linux.

Narxi: bepul versiyasi 256 KBgacha hajmli fayllarni tiklaydi, kengaytirilgan versiyasi 79,99 dollar turadi.

R-Undelete ma’lumotlarni tiklovchi qudratli dasturlar oilasi – R-Studio tarkibiga kiradi. Ular FAT12/16/32/exFAT, NTFS, NTFS5, HFS/HFS+, UFS1/UFS2 va Ext2/Ext3/Ext4 fayl tizimlariga mansub disklar bilan ishlay oladi.

R-Studio ilovasi nafaqat lokal diskdagi, balki tarmoq orqali ham yo‘qolgan ma’lumotlarni tiklab bera oladi. Axborotlarni tiklashdan tashqari, bu utilita bekap yaratish, disk bo‘limlarini takomillashtirilgan nusxalash hamda disklardagi “o‘lik” bloklarni izlash kabi vazifalarga ham qodir.

R-Undelete ilovasini o‘rnatib olish uchun ushbu havola yordamida uning rasmiy saytiga o‘tasiz.

5. Eassos Recovery

Platforma: Windows.

Narxi: sinov rejimida 1 GBgacha ma’lumotni tiklaydi; to‘liq versiyasi 69,99 dollar turadi.

Mazkur utilita o‘chib ketgan fayllar, fotosuratlar, matnli hujjatlar va yana 550 dan oshiq formatlardagi fayllarni tiklay oladi. Ilova juda sodda va tushunarli interfeysga ega.

Eassos Recovery dasturini mana bu yerdan yuklab olishingiz mumkin.

6. Hetman Recovery

Platforma: Windows.

Narxi: bepul versiyasi topilgan fayllarni saqlamaydi; to‘liq versiyasi 37,95 dollar turadi.

Hetman har xil turlardagi ma’lumotlarni tiklash uchun utilitalar jamlanmasini taklif etadi: diskning yaxlit bo‘limi yoki alohida – fotosurat va hujjatlarni. Dastur barcha qattiq disklar, flesh-kartalar, SD hamda microSD xotira kartalari bilan ishlay oladi.

Mazkur ilovani ushbu havola orqali rasmiy saytidan o‘rnatib olasiz.

7. Glary Undelete

Platforma: Windows.

Narxi: bepul; Glary Utilities tarkibida 19,97 dollar.

Bu dastur o‘chirib yuborilgan har qanday faylni tiklab bera oladi, shu jumladan siqilgan, fragmentatsiya qilingan va hatto shifrlanganlarini ham. O‘chirilgan fayllarni topgach, orasidan faqat keraklilarini tiklash uchun filtrlash funksiyasi bor.

Glary Undelete utilitasini mana bu havola yordamida yuklab olish mumkin.

O‘QING: Android’dan yo‘qolgan ma’lumotlar qanday qayta tiklanadi?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!