Honor 10: "Malika"ning yarim narxli flagmani

Honor 10:

U juda jozibador va kelishgan. Honor 10 haqidagi tavsifni ana shunday boshlashni ma’qul ko‘rdik.

Honor brendi 15 may kuni Honor 10 deb nom olgan kompaniyaning yangi flagman smartfonini taqdim qildi. "Aurora Glass Design" uslubidagi dizayn, "peshonasi"da kesig‘i bor hamda Kirin 970 protsessori, "sun’iy aql" texnologiyasiga ega bo‘lgan smartfon bir qarashdayoq diqqatni tortadi.

Buni qarangki, devays oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas "Malika"ga ham tashrif buyurishga ulgurdi. Huawei kompaniyasining «qizi» hisoblangan Honor arzon narx evaziga nisbatan kuchli smartfonlar tayyorlashi bilan nom qozongan. Buni isbotlash uchun Honor 10 modelini yaqindan o‘rganib ko‘rdik. Kuchli flagman protsessor, ilg‘or kamera hamda chiroyli korpus evaziga 450 dollarlik smartfonga ega bo‘lish hammaga ham ma’qul keladi.

Dizayn va o‘ziga xoslik

Honor flagmanlarining Huawei flagmanlaridan farqini Skoda hamda Volkswagen avtomobillaridagi farqqa qiyoslash mumkin – har ikkala model platformasi bir xil, biroq ularning nomi jarangdor, ya’ni brend nomi mashhurroq.

Smartfon ergonomikasi yoki korpus shakldorligi ham ko‘ngildagidek: smartfon qo‘lda qulay joylashadi. Uni bir qo‘l bilan ham bemalol boshqarish mumkin. Korpusning yig‘ilishi sifatli hamda korpus yaxlik.

Huawei flagmanlari "P" (P9/P10/P20) hamda "Mate" (Mate 8/Mate 9/Mate 10) turkumlarida ishlab chiqariladi. Honor flagmanlari esa «raqamli» (Honor 8/Honor 9/Honor 10) hamda "V" turkumda (Honor V8/Honor V9 va Honor V10). Nomdagi raqamlar soni qancha ko‘p bo‘lsa, smartfon shunchalik kuchli bo‘ladi.

Aloqa imkoniyatlari

Aloqa masalasida Huawei smartfonlari hali pand bermagan. Bugun biz o‘rganayotgan smartfon ham bundan mustasno emas. Suhbat dinamigida ovoz sifati aniq va tiniq, xirillashlar yo‘q. Mikrofon esa maqtovga loyiq. hatto eng yaxshilaridan biri.

Huawei an’anani buzmagan va korpusda audio quloqchin uchun tuynukni qoldirgan. Biroq qo‘shimcha xotira kartasi uchun alohida bo‘lmacha yo‘q. Kompaniya ochiqchasiga «128 Gbayt xotira sig‘imi senga yetarli emasmi?» demoqchi bo‘lgan.

Smartfonda NFC modulining yo‘qligi chinakam kamchilik. Ammo ayni paytda uning o‘rnini bosadigan ko‘plab dasturlar ham chiqib ketdi.

Jumladan, Honor 10 "sendvich" usulida old va orqa panellari pishiq shisha bilan mushtarak qilingan. Shisha ostida esa metall panellar mavjud. Orqa panel shishadan tayyorlangan.

Yon tomondagi metall sinchlar esa Huawei P20 Pro flagmanidagi kabi smartfonga hasham bag‘ishlaydi. Shu bilan birga, bu modelning ko‘rinishi ixcham. Smartfon o‘lchami Samsung Galaxy S8/S9 telefonini eslatib yuboradi, ekran diagonali ham shuncha. Faqat Samsung flagmanida barmoq izi skaneri orqa panelda. Huawei esa 5.8 dyuymli ekranni hamda ultra tovushli barmoq izi skanerini old panelga joylashtirgan.

Biroq Honor 10 korpus masalasida "qovun tushirib" qo‘yadi – suvdan himoya yo‘q, stereodinamiklar yo‘q (lekin mono-dinamik ham juda sifatli ishlaydi, Galaxy S8 modelidan yaxshi, Huawei P20 modeli bilan ham bahslasha oladi). Ammo bu – Honor, Huawei emas.

 

Displey va boshqa jihatlar

5.84 dyuymli FHD+ ekran Huawei P20 modelining ekraniga o‘xshab ketadi. Bu displey old panelning 82.6 foiz qismini egallab olgan. Yon, tepa va pastki romlar ancha yupqalashgan.

Displey ham AMOLED/OLED emas, IPS matritsali. Narxi bilan solishtiradigan bo‘lsak, ekran yorqinligi hamda rang-tasvirni uzatishi foydalanuvchini xursand qiladi. Ekranning piksellar sig‘imi Full HD.

Ekranda surat namoyishi yorqin va kontrast yuqori. Oq tus oq, qora tus ham o‘zicha to‘yingan va tasvirda tabiiy aks etadi. Sozlamalar orqali rang haroratini belgilash ham mumkin. Displey OLED ekranga o‘xshagisi keladi, biroq bunday emas. OLED bo‘lganida smarfton imkoniyatlari yanada oshar edi.

Birinchidan, OLED ekran ancha energo tejamkor. Ikkinchidan, bu turdagi ekranda “AlwaysOnDisplay”, ya’ni ekranda muntazam faol bir qismni joriy qilish mumkin.

Audio quloqchinlar orqali musiqani tinglash nihoyatda zavqli. Sababi, AK4376A nomli Hi-Fi audiochip o‘z vazifasini a’lo darajada bajaradi.

Ilg‘or samaradorlik

Huawei ishlab chiqarayotgan Kirin 970 imkoniyatlariga ko‘ra oldingi yilgi Snapdragon 835 modelini eslatib yuboradi. Unga nisbatan bugungi kunda Samsung Exynos 9810 yoki Qualcomm Snapdragon 845 chiplari ancha kuchli.

Shu bilan birga, neyronli chipning samaradorligi ko‘pchilik uchun ma’qul. Bu protsessor ayrim jihatlarda Samsung va Sony kabi ishlab chiqaruvchilarning flagmanlarini ham ortda qoldiradi.

Ma’lumotlarni 10 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydigan kuchli, 8 yadroli Kirin 970 protsessori sun’iy aql texnologiyasi asosida o‘z-o‘zini o‘qitib, yangi jihatlarni o‘rganib borishi bilan o‘ziga xos. Grafik tasvirlar uchun esa Mali-G72 MP12 video kartasi mas’ul. Smartfon 4 gigabaytli tezkor hamda 64/128 gigabaytli doimiy xotira bilan ta’minlangan.

Xitoylik bu ishlab chiqaruvchi platformaning ishlash tezkorligi tushib ketmasligi uchun ham modellariga Quad HD yoki 4K sig‘imli ekranlarni qo‘yishmaydi.

Shunday bo‘lsa ham, Honor 10 samaradorlikda yetakchi smartfonlardan biri ekaniga shubha yo‘q.

Smartfon Android 8.1 Oreo operatsion tizimining o‘zlashtirilgan EMUI 8.1 talqini boshqaruvida ishlaydi.

3,400 mA soat tok sig‘imli akkumulyator esa kuch-quvvatga mas’ul. Honor 10 modeli, shuningdek 5V/4.5A texnologiyasi bo‘yicha tezkor quvvat olish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Ya’ni, 25 daqiqada quvvatini 50 foizga to‘ldirib oladi. 

"Aqlli" kamera o‘zini oqlaydi

Huawei – fotosurat olishni boplaydigan smartfon ishlab chiqaruvchi eng peshqadam xitoylik kompaniya. Huawei P20 flagmani surat olishda Apple iPhone X, Samsung Galaxy S9 yoki boshqa xohlagan mobil aloqa vositasini uyaltiradi. Honor 10 ham surat olishda o‘zining raqiblarini yer tishlatadi.

Honor 10 protsessorida suratni qayta ishlaydigan alohida qism bor. Kamera unga tasvirni ko‘rsatishi bilan bu qism avtomatik ravishda suratni sifatli qilib muhrlaydi va qayta ishlaydi.

Honor 10 old kamerasi imkoniyatlarini Huawei P20/P20 Pro flagmanlarining old kameralaridan olgan – yomon emas, biroq bu borada Galaxy S8/S9/Note8 selfi kameralari sifatliroq ishlaydi.

Kameralarda olingan suratlarga o‘zingiz baho bering:

Smartfonning orqa panelida 16 megapikselli RGB (rangli) sensor hamda 24 megapikselli monoxrom (oq-qora) sensor mavjud. Ularning yorug‘lik taqsimlovchi linzasi f/1.8 standartli. Bosh kamera ham "sun’iy aql" tizimiga ega bo‘lgan.

Bu kamera 500 tadan ziyod manzarani 22 ta toifa bo‘yicha ajrata oladi va shunga ko‘ra surat oladi. Misol uchun, osmon, o‘simlik, odamlarni, sharsharani suratga olish vaqtida kamera manzarani biladi va shunga ko‘ra o‘zini o‘zi sozlaydi.

Selfi uchun Honor 10 modeliga 24 megapikselli kamera sensori o‘rnatilgan. Bu sensor qiyofani 3D o‘lchamda skaner qiladi. Honor brendining ma’lum qilishicha, selfi kamera yuzdagi yuzlab o‘ziga xos jihat va belgilarni taniy oladi. Shuningdek, old kamerada ham orqa fon g‘ira-shira qilingan suratlar olish mumkin.

Smartfon yorug‘lik past sharoitda ham yorqin va detallarga boy suratlar olish imkoniga ega.

 

Akkumulyator va quvvatlash

Honor 10 yirik akkumulyatori bilan maqtana oladi! Samsung 3000 mA soat "quvvat toshi" bilan S9 modelida cheklangan bir paytda, "qahramonimiz" 3400 mA soat sig‘imli akkumulyatorni taklif qilmoqda.

3400 mA soat elektr quvvati faol foydalanganda sizga 1 kunga yetadi. Tunda esa smartfon 6% quvvatini yo‘qotadi. Quvvatlash uchun USB-C porti mavjud. Super Charge tezkor quvvatlash texnologiyasi ham mavjud. Quyida smartfonning 0% dan 100% gacha quvvat olish xronologiyasi bilan tanishing:

15 minut - 13%
30 minut - 30%
45 minut - 47%
60 minut - 63%
75 minut - 78%
90 minut - 91%
100 minut - 97%
105 minut - 98%
110 minut - 100%

Huawei P20 modelida bo‘lgani kabi, mazkur smartfon orqa paneli ham shishadan tayyorlangan bo‘lsa-da, u simsiz quvvat olish imkoniga ega emas.

Honor 10 (COL-39) texnik jihatlari:

Operatsion tizim

Android 8.1 Oreo

Ekran

5,84”, 2280x1080 (19:9), IPS, 432 ppi

Protsessor

HiSilicon Kirin 970, 8 yadro (4x Cortex-A53 1,8 GGs + 4x Cortex-A73 2,36 GGs), 10 nm FinFET+

Video karta

Mali-G72 MP12

Operativ xotira

4/6 Gbayt (O‘zbekistonda hozircha 4 Gbayt talqin)

Doimiy xotira

64/128 Gbayt

Aloqa

4G (LTE Cat.13), 3G, Wi-Fi (IEEE 802.11 b/g/n/ac), Bluetooth 4.2, GPS, GLONASS, IQ-port, NFC

Kameralar

Bosh kamera: 16 Mp, avtofokus, diafragma f/1.8, video 3840x2160, yordamchi sensor: 24 Mp, monoxrom, avtofokus yo‘q, diafragma f/1.8

Old kamera: 24 Mp, avtofokus yo‘q, diafragma f/2.0

Akkumulyator

3400 mA soat, ajralmas

O‘lchamlari

149.6x71.2x7.7 mm

Vazni

153 gramm

O‘zbekistondagi narxi

O‘rtacha 450 AQSh dollari

O‘ziga xosliklari

Smartfon firmaning ovozli boshqaruv tizimini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Telefon blokirovkada bo‘lganida ham smartfonga vazifa berish mumkin. Buning uchun, “Ok, Google” deyishham shart emas. Misol uchun, kontaktdagi odamlarga qo‘ng‘iroq qilish uchun "Hoy, og‘ayni, falonchiga qo‘ng‘iroq qil" deyish kifoya. Shuningdek, smartfonni qayerdaligini bilmasangiz, "Hoy, og‘ayni qayerdasan?" desangiz, smartfon ovoz beradi.

Shuningdek, endi ekranni ikkiga bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ikki ilovadan foydalanish mumkin.

Chiroyli smartfon taassurotli suratlar oladi

Honor 10 old kamerasi "aqlli" ekanini hisobga olsak, u yuzga qarab turib tizimni blokirovka qilish funksiyasiga ega bo‘lgan. Buning uchun dispelyni yuqoriga ko‘tarib, kameraga qaralsa kifoya.

Galaxy S9 yoki iPhone X flagmanlari bilan Honor 10 modelini taqqoslash -- aqlga zid bo‘lib tuyilishi mumkin, biroq narxiga qaraydigan bo‘lsak, 450 AQSh dollariga bunday yaxshi devaysning savdoga chiqarilgani xaridorni xursand qiladi.

Bunday narxga kamida ikki yil avvalgi, Samsung Galaxy S7 kabi, flagmanlarni xarid qila olasiz.

Honor 10 o‘zining narxida sotilayotgan raqiblari orasidagi kuchli devays.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.