HP Elite x2 1012 G2 – hali taqdim etilmagan Surface Pro 5 raqibi

  •   DiMaX
  •  853
  •  09.06.2017 12:45

HP Elite x2 1012 G2 – hali taqdim etilmagan Surface Pro 5 raqibi

Yaqindagina Microsoft kompaniyasi, o‘zining Surface Pro 5’ni yaqin kelajakda kutmaslik kerakligini, bunaqa qurilma hozir shunchaki mavjud emasligini aytgan edi. Mazkur yangilik ushbu turdagi gadjetlar ishqibozlarining hafsalasini pir qilgan edi, ammo kutilmaganda HP kompaniyasi shunga o‘xshash yechim taklif qildi. U ikkinchi avlod Elite x2 1012 planshetkompyuterini taqdim etdi, deb yozadi 4pda.ru.

Ta’kidlash kerakki, original Elite x2 1012 qurilmasi 2015 yili ishlab chiqarilgan edi. Yangi model ham tashqi ko‘rinishi jihatidan o‘z avlodidan unchalik farq qilmaydi, biroq uning «ichki dunyosi» yangilangan. Yangi – HP Elite x2 1012 G2 modeli xuddi Microsoft’ning Surface Pro turkumidagi planshetlari dizaynida ishlangan. U planshetni stol ustida yoki boshqa tekis yuzada qulay joylashtirish  uchun ko‘tarma taglik bilan jihozlangan.

Ikkinchi avlod HP Elite x2 1012 plansheti to‘rt xil modifikatsiyada taqdim etiladi:

  • Intel HD Graphics 620 grafikali Core i3 7100U (2,4 GGs, ikki yadro);
  • Intel HD Graphics 620 grafikali Core i5-7200U (2,5-3,1 GGs, ikki yadro);
  • Intel HD Graphics 620 grafikali Core i5-7300U (2,6-3,5 GGs, ikki yadro);
  • Intel HD Graphics 620 grafikali Core i7-7600U (2,8-3,9 GGs, ikki yadro).

Ilg‘or jamlanmada planshet 16 GBlik tezkor xotira hamda 1 terabaytlik SSD-disk bilan ta’minlangan. Core i3 protsessori o‘rnatilgan eng hamyonbop versiyasiga esa 1 866 MGs chastotada ishlovchi LPDDR3 turidagi 4 GBlik tezkor xotira hamda M.2 SATA turiga mansub 128 GB hajmli SSD-tashuvchi o‘rnatilgan.

HP Elite x2 1012 G2 planshetiga 2736×1824 piksel sig‘imli, diagonali 12,3 dyuymlik sensorli displey qo‘yilgan va u Corning Gorilla Glass toblangan shishasi bilan himoyalangan. Ko‘tarma taglik qurilmani stol yuzasiga nisbatan 165 darajagacha burchak ostida ko‘tarib joylashtirish imkonini beradi.

Jamlanmada HP Elite x2 1012 G2 bilan birga stilus hamda ulanuvchi klaviatura ham taqdim etiladi. Klaviatura planshetning versiyasiga bog‘liq holda o‘zaro farqlanadi. Ma’lum bo‘lgani shuki, eng hamyonbop jamlanmada videoanjumanlar uchun ishlab chiqilgan Collaboration Keyboard klaviaturasi bo‘ladi. Unda taqvim – kalendarni ishga tushiruvchi, taqdimotlarni boshqaruvchi, shuningdek kiruvchi qo‘ng‘iroqlarga javob beruvchi tugmachalar ham o‘rin olgan. Planshetning qimmatroq versiyalari jamlanmasida keluvchi Advanced Keyboard klaviaturasi esa NFC-modul va smart-kartalarni o‘qish qurilmasi bilan jihozlangan.

Xabarga ko‘ra, HP Elite x2 1012 G2 shu yilning iyul oyida $1 099 dan boshlanuvchi narxlarda bozorga chiqariladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!