HP noutbuklarida josus bor ekan!

  •   DiMaX
  •  1532
  •  14.12.2017 17:47

HP noutbuklarida josus bor ekan!

Portativ kompyuterlar ishlab chiqaruvchilar orasida yetakchilaridan sanalmish HP Inc. kompaniyasining ko‘plab noutbuk modellarida klaviatura josusi mavjudligi aniqlandi. Kompaniya hozirda bu muammoni bartaraf etishga kirishgan, deb yozadi tadviser.ru sayti.

O‘QING: Himoya tizimidagi «tuynuk» sababli Windows 10 hujumlarga chidamsizdir

Axborot xavfsizligi bo‘yicha mustaqil mutaxassis Maykl Ming (Michael Myng) e’lon qilgan texnik hisobotda bu ko‘rsatilgan, deyiladi xabarda. Unda ma’lum etilishicha, Synaptics tachpadlari uchun drayverning bir qismi bo‘lgan SynTP.sys faylida keylogger mavjud.

Aslida klaviatura tugmachalarining bosilishlarini qayd etib borish funksiyasi o‘chirib qo‘yilgan. Ammo uni faollashtirib yuborish uchun reyestrga ozgina o‘zgartirish kiritish kifoya. Ya’ni, reyestrga quyidagi kalitlarni kiritish orqali klaviaturadagi barcha amallarni kuzatish mumkin bo‘ladi:

HKLM\Software\Synaptics\%ProductName%

HKLM\Software\Synaptics\%ProductName%\Default

Agarda g‘araz niyatli kishilar noutbukda shu kalitlarni kiritib qo‘yishsa, keyin bu qurilma klaviaturasida qilingan ishlarni kuzatishlari va shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlab olishlari mumkin.

O‘QING: «Oq xakerlik»ni o‘rganish uchun 6 ta eng yaxshi resurs

Maykl Ming so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlikdagi mazkur «tirqish» HP portativ kompyuterlarining 460 dan oshiq modellarida mavjud. Jumladan, EliteBook, ProBook, Pavilion va Envy turkumlariga mansub noutbuklarda ham.

HP Inc. kompaniyasidan izoh berishlaricha, klaviatura josusiga ega kod tasodifan paydo bo‘lgan. Dastlab u xatolarni bartaraf etishga mo‘ljallangan Synaptics dasturiy ta’minotiga kiritilgan bo‘lgan. Kompaniya ushbu nuqson orqali foydalanuvchilarning maxfiyligiga ziyon yetishi mumkinligini tan olgan, ammo o‘zlari ham, Synaptics ham noutbuklardagi bu «tuynuk» orqali mijozlarning ma’lumotlariga kirishmaganini aytgan.

Hozirda ishlab chiqaruvchi o‘z noutbuklari uchun klaviatura josusi muammosini bartaraf etuvchi dasturiy yangilanishni chiqargan. To‘g‘ri, hozircha barcha modellar uchun emas, ammo HP Inc. imkon qadar tezroq barcha qurilmalarini mazkur «tirqish»dan xalos etishga so‘z bergan.

O‘QING: Eng keng tarqalgan bu Android-klaviatura josus ekan!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!