HTC: “Marlin” smartfoni Nexus turkumining “sardori” bo‘ladi

HTC: “Marlin” smartfoni Nexus turkumining “sardori” bo‘ladi

Mana bir necha oydirki, tayvanlik kompaniya HTC tomonidan ishlab chiqarilishi kutilayotgan Nexus-smartfonlari mobil texnologiyalar ekspert va mutaxassislari og‘zidan tushayotgani yo‘q. Ishchi nomi “Sailfish” va “Marlin” deb nomlanayotgan smartfonlarning ilg‘or texnologiyalar bilan ta’minlanishi aytilmoqda.

HTC Sailfish smartfoni 5 dyuymli, 1920 x 1080 piksel sig‘imli, AMOLED platformasida ishlaydigan ekran, 4 yadroli, chastota tezligi 2 Mgs bo‘lgan markaziy protsessor, 3 GB tezkor xotiraga ega bo‘ladi. Smartfon batareykasi 2770 mA soat tok sig‘imiga ega bo‘ladi. Gadjetning doimiy ichki xotirasi 32 GB bo‘ladi. Nihoyat, ma’lumotlarga ko‘ra, HTC Sailfish 12 hamda 8-megapikselli kameralarga ega bo‘ladi.

HTC Nexus Marlin yoki “M1” nomi bilan atalayotgan mobil aloqa vositasi Nexus smartfonlari turkumining bosh flagmaniga aylanadi. Shu sababdan ham, qurilma 5,5 dyuymli, piksel sig‘imi 2560 x 1440 bo‘lgan displey, 4 yadroli Snapdragon 821 protsessori, Adreno 530 grafik protsessori bilan ta’minlanadi. Qurilmaning ichki doimiy xotirasi 32 hamda 128 GB bo‘ladi. Uning tezkor xotira sig‘imining 4 GB bo‘lishi haqida ma’lum qilingan.

Ba’zi ekspertlarning fikricha, mazkur qurilmada Android 7.0 Nougat operatsion tizimi sinovdan o‘tkaziladi.

Albatta, smartfon korpusidan barmoq izlari skaneri, 12 hamda 8 megapikselli kameralar, USB Type-C universal porti o‘rin oladi. Akkumulyatorning sig‘imi 3450 mA soat bo‘ladi.

Har xil manbaalarda e’lon qilinayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga muvofiq, Nexus S1 hamda Nexus M1 mobil telefon apparatlari joriy yilning sentyabr oyidan sotuvga chiqariladi. Norasmiy xabarlarga ko‘ra, ularning narxi 400-700 AQSh dollari bo‘lishi kutilmoqda.

Phonearena nashri tarqatgan ma’lumotga qaraganda Nexus One (2010) hamda Nexus 9 (2014) smartfonlarini muvaffaqiyatli ishlab chiqarishga erishgan HTC kompaniyasi bu gal ham Google’ning ishonchini oqlay oladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!