HTC sensor romli U11 flagmanini taqdim qildi

HTC sensor romli U11 flagmanini taqdim qildi

16 may kuni Tayvanning HTC texnologiyalar kompaniyasi o‘zining U11 flagman smartfonini jamoatchilik e’tiboriga havola qildi. Rasmiy namoyishda ma’lum qilinishicha, mazkur telefon apparati sensor romlari, ilg‘or stereo-ovoz uzatuvchi dinamiklari hamda shovqinni kamaytiruvchi tizimi bilan jahondagi boshqa flagmanlardan ajralib turadi.

HTC U11’ning eng ilg‘or jihatiga uning Edge Sense texnologiyasidagi korpusini kiritish mumkin. Qayrilma dizayndagi korpus barmoq izi zarbi va uning davomiyligini his qiladi va shunga ko‘ra amallarni bajaradi. Misol uchun, apparatning yon tomonini barmoqda bosib tursangiz — kamera yoki boshqa bir ilovalar tezkor ishga tushadi, ovozni boshqarish mumkin bo‘ladi.

5,5 dyuymli yangi “aqlli telefon” korpusi shisha hamda alyuminiy uyg‘unligida tayyorlangan bo‘lib, suv va changni ichkariga o‘tkazmaydi. Platforma uchun 8 yadroli Snapdragon 835 protsessori, old kamera uchun 16 megapikselli kamera moduli, bosh kameraga 12 megapikselli, optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega sensor tanlangan.

HTC U11 4 GB tezkor hamda 64 GB doimiy, shuningdek 6 gigabaytli tezkor va 128 GB.li doimiy xotiraga ega modifikatsiyalarda ishlab chiqariladi.

HTC U11 flagmaniga o‘rnatilgan stereo-tovushli tashqi dinamiklarda yangicha — shovqinni kamaytiruvchi ilg‘or texnologiya joriy qilingan. Shuningdek, korpus an’anaviy 3,5 mm.li audio-quloqchin tuynukchasidan ham mahrum bo‘lgan.

Smartfon o‘lchamlari: 153,99 × 75,99 × 7,99–9,20 mm, vazni — 168 gramm.

HTC U11’ning boshqa texnik jihatlari sifatida yuqori sig‘imli — Quad HD (2560 x 1440 pikselli) displeyni, sig‘imi 3000 mA soat bo‘lgan akkumulyatorni keltirish mumkin.

HTC U11 dastlab may oyidan muayyan hududlarda, yil oxirida esa jahon smartfon bozorida $650 dollardan sotuvga chiqariladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!