Huawei allaqachon buklama smartfon prototipini yaratibdi!

  •   DiMaX
  •  1478
  •  21.10.2017 12:24

Huawei allaqachon buklama smartfon prototipini yaratibdi!

Xabaringiz bor, hozirda yetakchi smartfonsozlar egiluvchi displeyga ega buklama telefon yaratishga zo‘r berib intilmoqdalar. Xitoyning yirik smartfonsozi Huawei ham bu poygadan chetda turgani yo‘q, deb yozadi CNET nashri.

Bu haqda kompaniyaning iste’molchilar bilan ishlash bo‘limi rahbari Richard Yu (Richard Yu) xabar bergan.

Huawei vakilining ma’lum qilishicha, kompaniya allaqachon qurilmaning ishchi prototipini yaratib bo‘lgan. To‘g‘ri, smartfon hali to‘liq tayyor bo‘lganicha yo‘q, ammo keyingi yiliyoq ishlab chiqarishga joriy etilishi mumkin. Richard Yuning ta’kidlashicha, mahsulotni hali takomillashtirish lozim; ular hozirda displeyni butkul qayishqoq qilish, shuningdek, mexanik konstruksiyasining dizaynini ham yanada yaxshilash ustida ish olib borishmoqda.

Ayni damda tayyor bo‘lgan prototip o‘rtasida ozgina chegarasi mavjud bo‘lgan ikkita displeyga ega. Bu esa ishlab chiqaruvchini qoniqtirmayapti va Huawei shu chegaradan ham butkul qutulib, bitta yaxlit buklama ekranni yaratmoqchi.

Aytish kerakki, boshqa smartfonsozlar ham buklanuvchi qurilma tayyorlash ustida ish olib borishmoqda, ammo xitoylik ZTE ulardan o‘zib ketdi va o‘zgacha form-faktordagi Axon M – gorizontal tarzda buklanuvchi, ikkita displeyli ilk smartfonni taqdim etdi. Samsung’ning buklama smartfoni haqidagi xabarlar shu yilning mart oyida tarqala boshlagan. Sentyabrda esa kompaniya bukiluvchan smartfonni sertifikatlash bo‘yicha Koreya radiotadqiqotlar agentligiga patent arizasini topshirgan. Galaxy X deb atalayotgan va bilakka taqiladigan ushbu model, narxi balandligi bois, iPhone X’dan ham noyob smartfon bo‘ladi. Apple ham «raskladushka» iPhone chiqarmoqchi, ammo Samsung’dan cho‘chigani uchun bu borada LG Display kompaniyasi bilan hamkorlikda ish boshlagan.