Huawei Apple'ga qarshi boshqa bir jiddiy raqibni ham taqdim qildi

Huawei Apple'ga qarshi boshqa bir jiddiy raqibni ham taqdim qildi

Huawei iPhone X flagmaniga o‘xshab ketadigan P20 smartfon modellari bilan birga, jamoatchilik e’tiboriga Apple'ning taniqli AirPods audio quloqchinlariga o‘xshash quloqchin ham taqdim qildi.

FreeBuds deb nomlangan aksessuar Huawei vakillarining ma’lum qilishlaricha, bir marotaba to‘liq quvvat bilan 10 soat ishlaydi. Bu raqiblar bilan taqqoslaganda yuqori ko‘rsatkich. Misol uchun, AirPods quloqchinlari to‘liq quvvat bilan besh soat ishlaydi.

AirPods kabi, FreeBuds ham maxsus qutichasida yetkazib beriladi. Bu qutichada qo‘shimcha akkumulyator ham joylashtirilgan. Quloqchinlar mazkur keysda gorizontal holatda yotadi hamda magnit yordamida mahkam turadi.

Huawei kompaniyasining so‘zlariga qaraganda, FreeBuds dizayni shovqinni qaytarishga mo‘ljallangan va bu borada u raqibi bo‘lmish AirPods quloqchinlaridan ham yaxshi natijani ko‘rsatadi. Sababi, uning korpusga yondosh qismida silikon xomashyosidan tayyorlangan maxsus qism bor.

Taqdimotda ishtirok etgan jurnalistlarning fikricha, FreeBuds quloqchinlari AirPods kabi quloqqa yaxshi o‘rnashadi.

Yevropada FreeBuds quloqchinlari 159 yevro, ya’ni 195 AQSh dollaridan sotiladi. Taqqoslash uchun aytamiz, AirPods quloqchinlari Yevropada 179 yevro yoki 220 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Apple kompaniyasidan farqli ravishda, Huawei faqatgina oq emas, qora rangdagi audio quloqchinlarni ham ishlab chiqaradi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!