Huawei Honor 9: 28 kunda 1 mln dona sotilgan smartfon|Tavsif

Huawei Honor 9: 28 kunda 1 mln dona sotilgan smartfon|Tavsif

Kirish 

Huawei kompaniyasi joriy yilda Huawei P10 flagmanini bozorga chiqargan edi. Ko‘p o‘tmasdan xitoylik ishlab chiqaruvchi xuddi shu platforma va dasturiy ta’minotga ega bo‘lgan Honor 9 smartfonini ham taqdim qildi. 

Biroq, yangi smartfonda dizayn va kameralar butunlay boshqacha. Shuningdek, Honor 9'ning narx-navosi ham ancha arzon bo‘ldi. Kompaniyaning bu smartfonni chiqarishidan maqsadi aniq -- Xitoy bozorida arzon va yaxshi gadjetlar chiqarayotgan raqiblarga qarshi kurash.  

Huawei 2013 yildan "Samsung Galaxy" kabi model turkumlaridan ajralib chiqqan alohida Honor brendi ostida mobil telefon ishlab chiqara boshladi. Bu turkum smartfonlari kuchli platformaga va o‘rta darajali boshqa jihatlarga ega bo‘ladi.

Honor brendi uchun kompaniya katta pul sarflamaydi: reklama va marketing, shou-biznes vakillarining qiyofalaridan, dong‘i ketgan hamkorlar nomlaridan foydalanmaydi. Natijada, bu brend smartfonlari nisbatan arzonga tushadi. Bugun biz ana shunday modellardan biri bo‘lgan Honor 9 bilan tanishamiz.

Huawei kompaniyasi yangi Honor 9 smartfonini 12 iyunda taqdim qilib, shu oyning o‘zida avvaldan buyurtma ola boshlagan. Honor 9 flagmanga xos jihatlarga ega qulay narxdagi mobil aloqa vositasi.

17 iyulda kompaniya 28 kunda 1 million dona Honor 9 sotganini tantanali ravishda ma’lum qilgan. Quyida mana shunday muvaffaqiyatli smartfon bilan yaqindan tanishamiz.

Qadoqni ochamiz ...

Qadoq ham, uning ichidagi buyumlar safi ham ixchamgina, ya’ni standart. Kabel, zaryadka, sim-karta uchun skrepka. Shuningdek, orqa panel uchun plastik keys. Bu g‘ilof bilan orqa panel yana ham chiroyli ko‘rinish oladi.

Shishadorlik trendi bo‘yicha 

Honor va Huawei turkumlari smartfonlari o‘lchami bir xil bo‘lsa ham, ularning korpus materiali turlicha bo‘ladi: odatda Huawei arzon smartfonlariga plastik korpus qo‘yadi. Biroq, o‘rta narxli Honor smartfonlari flagman bo‘lmasa ham, doimo metall korpusda ishlab chiqariladi. Honor 9 metall va shisha "kiyimga" ega bo‘lgan. 

Honor 9 — hashamdor, yupqa korpusli va yengi apparat. Uning old va orqa shisha panellari qayrilma. Smartfon tom qismi metalldan ishlangan. Bu dizayn yechimi sizga ham Xiaomi Mi6'ni eslatayotgan bo‘lsa ajab, emas, biroq Honor 9 bir oz kattaroq va nafisroq.

Gadjet tashqi ko‘rinishidan avvalgi avlod — “Honor 8” smartfonini eslatib yuboradi: old tomonida 2D effektiga ega shisha panel hamda orqa korpusni qoplab olgan 3D shaklidagi bezak shishasi va metall sinch.

Ma’lum bo‘lishicha, 15 qavatli korpus shishasi Galaxy S7'dagi shishadan pishiq. Shunday bo‘lsa ham, kichkina ehtiyotsizlik ham bu go‘zallikka barham berishi mumkin.

Biroq, “ajdodi”dan farqli ravishda, Honor 9’ning barmoq izlari skaneri orqa emas, old paneldagi tugmadan o‘rin olgan. Orqa panelga esa brendning logotipi tushirilgan. Smartfon ko‘k, kumush va tilla rangli korpuslarda ishlab chiqariladi. Uning yon tomondagi — shisha panellarni birlashtirib turgan metalldan tayyorlangan sinchlari korpus rangiga bo‘yalgan.

Orqa panel ayniqsa, taassurotli: nur tushishi bilan yorqin tovlanadi. Orqa panelga nur urilganida u o‘zidan lazer nurlari kabi ingichka yog‘du taratadi.

Honor 9 boshqa shisha smartfonlar kabi, sirpanchiq bo‘lib, uni nihoyatda avaylashga to‘g‘ri keladi. Huawei P10 flagmanidan farqli ravishda, 5,15 dyuymli Honor 9'ning yon tomonlari jilosiz metall bilan o‘rab olingan.

Umuman olganda, smartfon dizayni diqqatga sazovor. Bir tomondan u chiroyli va puxta ishlangan. Boshqa tomondan — kir-chir ko‘taradigan, shuningdek, metall korpus tez qizib ham ketadi.

Honor 9 ekran klavishlariga ega emas. «Orqaga» va «O‘tkazib yuborilgan ilovalar» virtual tugmalari barmoq izlari skanerining yon tomonlaridan o‘rin egallagan

Honor 9 ko‘k (eng ko‘rkami), kumush va qora rangdagi korpuslarda ishlab chiqarilmoqda.

Ekran

Smartfonda 5,15 dyuymli Full HD (1920 x 1080 pikselli) ekrandan foydalanilgan. Bu o‘lchamli ekran uchun har dyuymdagi piksellar soni 423 (dpi) ta bo‘lishi -- ko‘ngildagidek. Natijada, ekranda surat-tasvir yorqin va aniq aks etadi.

Displey old panelning 70 foiz maydonini egallagan. Ma’lum qilinishicha, ekranning sezgirligi avvalgi smartfonlarga nisbatan 25 foizga, har bir tugmani bosganda smartfonning ishlash tezkorligi 10 foizga oshgan.

Honor 9 ekrani matritsasi — sifatli LTPS (IPS-texnologiyasining ilg‘orlashgan avlodi). Bu matritsaning rang-tus spektri keng. 

Apple iOS kabi, ekran sozlamalari xilma-xil. Honor 9 ekranidagi yorug‘lik zahirasi yetarli. Bu ekran quyosh nuri ostida ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi va tasvir aniq gavdalanadi. 

Platforma va samaradorlik 

Huawei P10 flagmani kabi, qahramonimiz ham chastota tezligi 2,4 GGs bo‘lgan Kirin 960 protsessori bilan ta’minlangan. Bu juda ham yangi chip bo‘lmasa-da, 8 ta yadrosi bilan hali ham kuchli protsessorlar qatoridan o‘rin egallab turibdi:  4 × Cortex A73 2,4 GGs + 4 × Cortex A53 1,8 GGs. Smartfonda grafik-tasvirni Mali-G71 video-kartasi qayta ishlaydi.

Bu protsessor Mate 9 flagmaniga ham o‘rnatilgan. Misol uchun, Galaxy S8 chipi Honor 9'nikidan 35-40% ga tezkor. Honor 9 platformasi bo‘yicha Snapdragon 821 o‘rnatilgan LG G6 bilan bellasha oladi.

Ko‘rib turganingizdek, Honor 9 gadjeti samaradorlikda Xiaomi Mi6 va Samsung Galaxy S8’dan bir oz orqada bo‘lsa ham, Sony Xperia XZ Premium va LG G6 kabi o‘zidan 2 barobar qimmat gadjetlarni ortda qoldirgan.

Tezkor xotirani tanlash imkoni mavjud: smartfon 4 GB yoki 6 GB "operativka" hamda 64/128 GB doimiy (eMMC 5.1) xotira bilan ishlab chiqarilmoqda. Aslida uning boshlang‘ich talqini ham foydalanish uchun yetarli.

Samaradorlik bo‘yicha shikoyat qilishga hojat yo‘q: Honor 9 xohlagan o‘yin va ilovalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Kadrlarning chastota almashinuvi ham joyida.

Biroq, muammo boshqa tomonda: qizishda. O‘yin o‘ynaganda korpus 46 gradusga, hatto ba’zida 51 gradusgacha qiziydi. Bu holat smartfonning uzoq faoliyati uchun to‘siq. Lekin, bu qizishni kompaniya birgina proshivka bilan to‘g‘irlashi ham mumkin. Bunda protsessorning chastota almashinuvini muvofiqlashtirish kerak, xolos. 

Smartfonning doimiy xotirasini microSD bo‘lmasi orqali kengaytirish mumkin. Honor 9 Android 7.1.1’ning o‘zlashtirilgan EMUI 5.1 talqinida faoliyat ko‘rsatadi.

Akkumulyator 

Akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 3200 mA soat bo‘lib, smartfon USB 2.0 porti hamda Super Charge 3.0 texnologiyasi yordamida tezkor quvvat oladi. Ya’ni, 60 daqiqada quvvatini 100 foizga to‘ldiradi.

Bir marotaba quvvatlab, faol foydalanganda, ya’ni qo‘ng‘iroqlar, messenjerlardan foydalanganda, o‘yin o‘ynaganda, pochta, YouTube va boshqa ilovalardan foydalanganda, smartfondan 12-13 soat foydalanish mumkin.

Kamera imkoniyatlari

Huawei o‘zining qo‘sh sensorli kamera texnologiyasini rivojlantirishda davom etadi. Honor 9 ham bosh kamera uchun 2 ta ob’yektiv omixtalashtirilgan. Ulardan biri -- 20 MP va monoxrom, ya’ni oq-qora matritsali. Ikkinchisi 12 MP, rangli. Har ikkala sensordagi yorug‘likni qamrab oluvchi linza hajmi f/2.2. Kamera modullari orqali kelgan ma’lumotlarni birlashtiradi, ya’ni oq-qora modul va rangli modul tasviri birlashib, yagona -- rangga to‘yingan surat hosil bo‘ladi.

Bosh kamera chindan ham yaxshi suratga oladi: surat detallarga boy va aniq-tiniq, yorug‘lik past sharoitda ham surat sifati yaxshi chiqadi.

Bosh kamerada optik barqarorlashtirish, lazerli avtofokus, 2 karrali optik yaqinlashtirish funksiyalari joriy qilingan.

Shuningdek, kamera ilovasida zamonaviy "Portret" rejimi ham mavjud. Bunda smartfon orqa fonni g‘ira-shira qilib oladi. Honor 9 bu borada juda mohir. 

Old kamera

Old kamera moduli 8 megapikselli va uning yorug‘lik linzasining hajmi f/2.4. Old kamera olgan suratlar ham taassurotli. Ayniqsa,  «go‘zallashtirish» rejimini yoqqanda, selfi yana ham yorqin chiqadi.

Quyidagi suratlar orqali Honor 9 kamerasiga o‘zingiz baho bering.

Selfi-kamera ijodi

Musiqiy smartfon 

Dinamik ovozi va sifati barchani xursand qiladi. Bu ovozda qo‘ng‘iroqni qabul qilish va shovqin joyda ham kino tomosha qilish mumkin. Sababi -- Huawei Honor 9 smartfonida ovozni qayta ishlaydigan maxsus AKM audiochipi o‘rnatilgan. Shu bois ham, audio-quloqchinda ovoz toza tinglanadi.

Shu bilan birga, gadjetda infra-qizil port, Hi-Fi audio protsessori, NFC modemi mavjud.

 

Narx-navo 

Honor 9’ning bosh o‘ziga xosligi — bu narxi. 16 iyundan Xitoy bozoriga uning eng quyi jihatlarga ega talqini, ya’ni 4/64 GB xotirali talqini $338, 6/64 gigabaytli xotira talqini $390, eng yuqori — 6/128 GB versiyasi esa $441 AQSh dollaridan sotuvga chiqarildi.

Eslatib o‘tamiz, jahonning eng ilg‘or protsessori bo‘lgan Snapdragon 835’da ishlaydigan Xiaomi Mi6 smartfonining eng arzon, ya’ni 6 GB tezkor hamda 64 GB doimiy xotira talqini $363 dollardan sotuvga chiqarilgan.

 

Xulosa 

Yuqorida qayd etilgan jihatlarga ega smartfon uchun Huawei'ning  $338 dollar so‘rayotgani -- insof doirasida. Sifatli tizim, ilg‘or protsessor, "o‘tkir ko‘z" kamera, original dizayn, sifatli ovoz tizimi bilan Huawei Honor 9 diqqatga sazovor "aqlli" telefon.

Xalqaro smartfon bozorlarida ayni paytda uning narxi $450 AQSh dollarini tashkil qilmoqda. Huawei Honor 9 ko‘zga yarq etib tashlanadigan smartfon. Qolaversa, brend uchun ham to‘lash kerakligini unutmang. Axir, Huawei ham Samsung, Apple'dan so‘ng jahonning 3-raqamli smartfon ishlab chiqaruvchisi.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

 Afzalligi

 Kamchiligi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!