Huawei Honor 9 “ekonom-flagmani” taqdim qilindi

Huawei Honor 9 “ekonom-flagmani” taqdim qilindi

Huawei kompaniyasi yangi “Honor 9” smartfonini taqdim qildi. Honor 9 flagmanga xos jihatlarga ega qulay narxdagi mobil aloqa vositasi. Gadjet tashqi ko‘rinishidan avvalgi avlod — “Honor 8” smartfonini eslatib yuboradi: old tomonida 2D effektiga ega shisha panel hamda orqa korpusni qoplab olgan 3D shaklidagi bezak shishasi va metall sinch.

Biroq, “ajdodi”dan farqli ravishda, Honor 9’ning barmoq izlari skaneri orqa emas, old paneldagi tugmadan o‘rin olgan. Orqa panelga esa brendning logotipi tushirilgan. Smartfon ko‘k, kumush va tilla rangli korpuslarda ishlab chiqariladi. Uning yon tomondagi — shisha panellarni birlashtirib turgan metalldan tayyorlangan sinchlari korpus rangiga bo‘yalagan.

Bir qaraganda, Honor 9 telefoni ayni paytda Xitoyda ehtiyoj yuqori bo‘lgan Xiaomi Mi 6 flagmaniga ham o‘xshab ketadi va insayderlar tomonidan bozorga unga qarshi chiqarilishi ham ma’lum qilingan.

Honor 9 smartfonining 5,15 dyuymli (IPS matritsa) Full HD displeyi old panelning 70 foiz maydonini egallagan. Ma’lum qilinishicha, ekranning sezgirligi avvalgi smartfonlarga nisbatan 25 foizga, har bir tugmani bosganda smartfonning ishlash tezkorligi 10 foizga oshgan.

Yangi smartfon 8 yadroli, chastota tezligi 2,4 GGs bo‘lgan Kirin 960 protsessori, Mali-G71 videokartasiga ega. Bu protsessor, shuningdek Huawei P10 va Mate 9 flagmanlariga ham o‘rnatilgan. Uning doimiy xotirasini microSD bo‘lmasi orqali kengaytirish mumkin. Honor 9 Android 7.1.1’ning o‘zlashtirilgan EMUI 5.1 talqinida faoliyat ko‘rsatadi.

An’anaga ko‘ra, Honor 9 ham qo‘sh ob’yektivli bosh kameraga ega bo‘lgan. Bu modullardan biri 12, boshqasi 20 megapikselli. Ularning aperturasi f/2,2. Bu sensorlarning biri monoxrom — manzarani oq-qora, boshqasi rangli suratga oladi. Natijada, suratning dinamik diapazoni kengayib, detallarga boy bo‘ladi.

Bosh kamerada optik barqarorlashtirish, lazerli avtofokus, 2 karrali optik yaqinlashtirish funksiyalari, portret janrida suratga olish rejimi mavjud. Gadjetning old kamera sig‘imi 8 megapiksel.

Akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 3200 mA soat bo‘lib, smartfon USB Type-C universal porti hamda Super Charge 3.0 texnologiyasi yordamida tezkor quvvat oladi. Ya’ni, 60 daqiqada quvvatini 90 foizga to‘ldiradi. Gadjetda infra-qizil port, Hi-Fi audio protsessori, NFC modemi mavjud.

O‘lchamlari: 147,3 x 70,9 x 7,45 mm, 155 gramm.

Honor 9’ning bosh o‘ziga xosligi — bu narxi. 16 iyundan Xitoy bozoriga uning eng quyi jihatlarga ega talqini, ya’ni 4/64 GB xotirali talqini $338, 6/64 gigabaytli xotira talqini $390, eng yuqori — 6/128 GB versiyasi esa $441 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, jahonning eng ilg‘or protsessori bo‘lgan Snapdragon 835’da ishlaydigan Xiaomi Mi6 smartfonining eng arzon, ya’ni 6 GB tezkor hamda 64 GB doimiy xotira talqini $363 dollardan sotuvga chiqarilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!