Huawei MacBook’ga raqib noutbukni sotuvga chiqarmoqda

Huawei MacBook’ga raqib noutbukni sotuvga chiqarmoqda

Huawei 2016 yilda namoyish qilgan MateBook “2 tasi bittada” tamoyiliga asoslangan — bir qaraganda planshet, bir qaraganda noutbuk shakliga kiradigan gadjet. O‘shanda bu sensor ekranli qurilmani ko‘pchilik Apple MacBook bilan taqqoslagan edi. 23 may kungi taqdimotda esa MateBook’ning “X” talqini, ya’ni bus-butunligicha noutbukni eslatadigan versiyasi namoyish qilindi. Endi u ekrandan ajralmas klaviaturasi bilan MacBook’ga yanayam o‘xshab ketadi.

13 dyuymli MateBook X “ko‘chma kompyuteri” 1,05 kg vaznga ega. Unga 12,5 mm.li yupqa va yengil korpus, ekran panelining 88 foiz qismini egallab turgan, Gorilla Glass himoya shishasi bilan qoplangan 2K (2160 x 1440 pikselli) sig‘imli displeyga ega. Uning ekran atrofidagi rom hoshiyasining qalinligi 4 millimetr.

Huawei devaysda aerokosmik sohada foydalaniladigan, shovqin chiqarmaydigan salqinlatish texnologiyasini joriy qilgan. MateBook X’da Intel Core i7 (2,7-3,5 GGs) yoki i5 (2,5-3,1 GGs) kuchli protsessorlar o‘rnatilgan. Tezkor xotira sig‘imi 4/8 GB, doimiy – 128, 256 yoki 512 GB. Undagi 4100 mA soat sig‘imli akkumulyator 10 soat ishlash uchun yetarli.

Huawei’ning ma’lum qilishicha, MateBook X — bu Dolby kompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlangan Dolby Atmos Sound System funksiyasi va maxsus dinamiklarga ega ilk noutbuk. Ishlab chiqaruvchi, shuningdek, yoqib-o‘chirish tugmasiga barmoq izlari skanerini ham o‘rnatgan. Bu skaner Windows’ning shaxsni aniqlash tizimini qo‘llab-quvvatlaydi.

MateBook X 3 rangdagi korpusda: tilla rang, samoviy kulrang va och-pushti rangda ishlab chiqariladi. MateBook X shu yilning yoz faslida Yevropada 1399 yevrodan 1699 yevrogacha bo‘lgan narxlarda sotuvga chiqariladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!