Huawei Mate 9: asosiy muammolar va ularni yechish yo‘llari

  •   DiMaX
  •  1642
  •  10.05.2017 18:37

Huawei Mate 9: asosiy muammolar va ularni yechish yo‘llari

Huawei Mate tizimi qurilmalari – zamonaviy dizaynga, ilg‘or xossalarga va sig‘imdor akkumulyatorlarga ega bo‘lgan baquvvat flagmanlardir. Huawei Mate 9 modeli ham aynan shunday bo‘lib chiqdi, ammo foydalanuvchilar ulardagi ayrim muammolardan shikoyat qilishadi. Quyida ana shu kamchiliklar va ularni hal etish yo‘llariga to‘xtalib o‘tamiz.

Nova Launcher va boshqa launcherlar bilan kelishmaslik

Ayrim foydalanuvchilarning aniqlashlaricha, ularning Huawei Mate 9 smartfonlarida Nova, Apex va shu kabi boshqa launcherlar o‘rnatilgan bo‘lsa, ilova yopilganidan keyin qurilma interfeysi yana UI EMUI’ga qaytib qoladi. Sozlamalariga kirib, o‘z launcherini boshqatdan qo‘yishga to‘g‘ri keladi.

Ehtimol, bu tezkor xotira bilan bog‘liq muammodir. Yoki, sozlamalarni qarang-chi, quvvat tejash rejimi yoqiq emasmikan? Ko‘pincha bu rejim akkumulyator quvvatini tejash uchun fonda ishlayotgan barcha ilovalarni yopib qo‘yadi.

Bu muammodan qutulish uchun launcherni muntazam ishlab turuvchi ilovalar menyusiga kiritib qo‘yish lozim. Ammo esda tuting: ayrim launcherlar (masalan, Nova) barcha vazifalar ro‘yxatida aks etmaydi. Shuning uchun EMUI’ni faollashtiring, Nova ilovasini ishga tushiring va topshiriqlar dispetcheri orqali uning yopilishini cheklab qo‘ying. So‘ng launcherni faollashtiring – muammo hal bo‘lishi kerak.

Mate 9 samaradorligi pastligi

Yana ba’zi hollarda Huawei Mate 9 ishlash samaradorligi pasayib ketishi, qurilmaning qotib qolishi kuzatiladi. Buni to‘g‘rilash uchun, qaysi ilovalar eng ko‘p resursni «yeb qo‘yayotgan»ini tekshiring va ularni smartfon xotirasidan olib tashlang.

Shuningdek, tezlikning pasayishiga zararli chet ilovalar ham sabab bo‘lishi mumkin. Buni tekshirish uchun Mate 9’ni xavfsiz rejim – «Safe Mode»da ishlatib ko‘ring (buning qanday amalga oshirilishini quyiroqda ko‘rib olasiz). Agar shu rejimda samaradorlik muammosi ko‘zga tashlanmasa, demak, 99 foizlik ehtimol bilan ayb o‘sha ziyonkor dasturda. APK-fayli orqali oxirgi o‘rnatilgan ilovalaringizni bir tekshiruvdan o‘tkazing.

Akkumulyatorning tez quvvatsizlanishi

Aslida Mate 9 modeliga baquvvat batareya qo‘yilgan, u 6–9 soatga emas, balki ko‘proq muddat ishlashga mo‘ljallangan. Agarda shundan tez tugab qolayotgan bo‘lsa, sozlamalarni tekshirib, akkumulyator quvvatining sarflanish statistikasini ko‘zdan kechiring. O‘sha joyda eng ko‘p quvvatni «yeb qo‘yayotgan» ilovani aniqlang. Yagona yo‘li – uni o‘chirib tashlab, Google Play’dan uning o‘rniga «yengilroq» ilova topib o‘rnating.

Shuningdek, Mate 9 quvvatining tez tugashiga pochta ilovasining hamda Google Kalendarning sinxronlanishi ham ta’sir ko‘rsatadi. Agar sizda ham shunday holat bo‘lsa, ularning sinxronizatsiyasini o‘chirib qo‘yishingiz mumkin.

Simsiz ulanishdagi muammolar

Mate 9’ning keng tarqalgan muammolari qatorida buyam bor. Smartfon yangi Wi-Fi hamda Bluetooth qurilmalar: router, fitnes-braslet va boshqa texnika jihozlariga ulanishi qiyin. Ammo buning ham yechimi bor.

Wi-Fi’ga ulana olmaganda…

Mate 9 odatdagi Wi-Fi marshrutizatorlarga bemalol ulanib turgan bir paytda, ayrimlar 802.11 EAP standartini qo‘llab-quvvatlovchi routerlarga ulana olmay qiynalishadi. «Connect» yoki «Soxranit» tugmachasi faol bo‘lmasdan, kul rang holida turadi. Ammo bu muammoning yechimi juda oddiy: CA sertifikati sozlamalarini «Ne vibrano»dan «Ne proveryat»ga o‘tkazib qo‘yasiz.

Agar buyam ish bermasa, mana bu usullarni qo‘llab ko‘ring:

  • routerni o‘chirib-yoqib, qaytadan ulanib ko‘ring;
  • smartfonda «Zabit etu set» opsiyasi orqali bu tarmoqni bekor qilib, qaytadan ulanib ko‘ring;
  • qurilmangizning MAC manzili routerning filtr ro‘yxatiga kiritilmaganligiga ishonch hosil qiling;
  • smartfon va router proshivkalarini oxirgi versiyasigacha yangilang;
  • boshqa routerda tekshirib ko‘ring.

Bluetooth orqali ulana olmasangiz…

  • faol ulanmani o‘chirib tashlab, qaytadan ulaning;
  • Bluetooth sozlamalariga kiring va paroldan boshqa hech narsa talab etilmaydigan qilib sozlanganligiga ishonch hosil qiling;
  • tashqi ulanuvchi gadjetning Mate 9’dagi Bluetooth versiyasi bilan mosligini tekshiring.

Smartfonning boshqa baglari

Bu modeldagi ayrim muammolarni, afsuski, hozircha oddiy usullar bilan hal etib bo‘lmaydi. Buning uchun smartfon proshivkasining yangilanishini kutishga to‘g‘ri keladi.

Quyida EMUI’ni yangilagandan keyin hal etilishi mumkin bo‘lgan eng keng tarqalgan xatoliklar keltirilgan:

  • blokirovka ekranida pleyerda ovoz sozlash tugmachalari yo‘q – pleyer ovozini sozlash uchun albatta smartfonni blokdan chiqarish yoki buning uchun mexanik klavishlardan foydalanish kerak;
  • ayrim Mate 9’larning displeyidagi tach paneli yaxshi ishlamaydi. To‘g‘ri, ekranni kalibrlash mumkin, ammo bu hamisha ham yordam bermaydi;
  • «shtorka»da – ekranning tepa qismidan pastga silab tushiriluvchi panelda bildirishnomalar aks etmaydi – Huawei tez orada bu muammoni yechish uchun bug-fix chiqaradi, kutamiz.

Hard Reset qilish, Safe Mode’ga kirish va bo‘lim keshini tozalash

Yuqoridagi ayrim harakatlarni bajarish va boshqa ishlar uchun mana shu uchta ishni qanday amalga oshirishni o‘rganib olishingiz lozim.

Qani, ketdikmi?

Hard Reset

Huawei Mate 9 modelida qurilmani dastlabki holatiga qaytarishning uchta usuli bor.

Birinchi usul:

  • smartfonni o‘chiring;
  • keyin bir vaqtning o‘zida uni o‘chirib-yoqish tugmachasi va ovozni pasaytirish tugmachasini bosib, ushlab turing;
  • ekranda Huawei logotipi paydo bo‘lishi bilan tugmachalarni qo‘yib yuboring;
  • menyu bo‘ylab yurish uchun ovoz sozlash tugmachalaridan foydalangan holda, «Steret dannie» bo‘limiga boring va bu harakatingizni tasdiqlash uchun telefonni yoqish tugmachasini bosing.

Ikkinchi usul:

  • devays yoqiq holatida turganida uning sozlamalari – «Nastroyki» menyusiga kiring;
  • pastga – «Advanced Settings»ga tushing;
  • «Rezervnoye kopirovaniye i sbros»ni tanlang;
  • «Factory Data Reset»ni tanlang va harakatingizni tasdiqlang.

Uchinchi usul:

  • smartfon yoqiq holatida turganida, «Telefon» ilovasini oching;
  • shu yerda *#*#2846579#*#* kodini tering;
  • ochilgan menyudagi «Sbros»ni bosing.

Xavfsiz rejim – Safe Mode

  • Qurilmani o‘chiring, keyin esa uni qayta ishga tushirish uchun yoqish tugmachasini bosib turing;
  • ekranda Huawei logotipi paydo bo‘lishi bilan tugmachani qo‘yib yuboring va darhol ovoz pasaytirish tugmachasini bosib, ushlab turing;
  • bu tugmachani qo‘yib yubormasdan tursangiz, smartfon yana o‘chib-yonadi, ekranning pastki chap burchagida «Bezopasniy rejim» (Safe Mode) yozuvini ko‘rgach, tugmachani qo‘yib yuboring;
  • xavfsiz rejimdan chiqish uchun qurilmani shunchaki odatdagidek o‘chirib-yoqsangiz kifoya.

Bo‘lim keshini tozalash (wipe cache partition)

  • Devaysni o‘chiring;
  • keyin uni o‘chirib-yoqish tugmachasi va ovozini pasaytirish tugmachalarini baravariga bosgancha ushlab turing;
  • ekranda Huawei logotipi ko‘rinishi bilan tugmachalarni qo‘yib yuboring;
  • menyu bo‘ylab yurish uchun ovoz sozlash tugmachalaridan foydalangan holda, «Steret razdel kesha» bo‘limiga o‘ting va bu amalingizni tasdiqlash uchun smartfonni yoqish tugmachasini bosing.

Shu tariqa, Huawei Mate 9 smartfonlarida eng ko‘p uchraydigan muammolarni hal etsa bo‘ladi. Shuningdek, ularning ayrim parametrlarni ko‘rish yoki o‘zgartirish uchun, Android tizimidagi barcha smartfon va planshetlar uchun umumiy bo‘lgan maxfiy kodlarni ham ko‘rib olishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, agarda qurilmalarni sozlash bo‘yicha yetarlicha tajribaga ega bo‘lmasangiz, maxfiy kodlarni terish orqali sozlamalarga o‘zgarish kiritmaganingiz ma’qul. Chunki bu devaysingizning muhim funksiyalari ishlamay qolishiga yoki umuman o‘zi ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Maxfiy kodlarni terish yoki boshqa sozlamalarini o‘zgartirish oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlar uchun mas’uliyat butkul o‘zingizning zimmangizdadir.