Huawei P9: jahon e’tiborini qozongan xitoylik ilk smartfon

Huawei P9: jahon e’tiborini qozongan xitoylik ilk smartfon

Huawei P9 – qo‘sh bosh kameralarga ega bo‘lgan ilk smartfon. U mana shu jihati bilan tarixda qoladi. Uning kamerasi Germaniyaning Leica firmasi bilan hamkorlikda tayyorlangan.

“Huawei P” smartfonlar turkumini ishlab chiqarish 3 yil avval – iPhone dizaynini ko‘chirib olgan Ascend P6 modelini ishlab chiqarish bilan boshlangan. Oradan bir yil o‘tib namoyish qilingan Ascend P7 smartfoni katta qiziqishga sabab bo‘ladi.

Yangi Huawei P9 modeli smartfon bozorida iPhone hamda “Galaxy A” gadjetlariga raqiblik qiladi. Galaxy Note’ga qarshi esa Huawei “Mate” modelini kurashga tushiradi.

Smartfon   2016 yilning 6 aprelida Londonda namoyish etilgan. LG G3 taqdim etilgan Battersea Evolution pavilonida o‘tgan taqdimotdan so‘ng Huawei’ning yangi qurilmasi ko‘pchilikning diqqatini tortdi.

Bugunga kelib kompaniya jahonning 3-raqamli smartfon ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.  Shu bilan birga, Huawei P9 jahon ahli e’tiborini qozongan ilk Xitoy flagmani sifatida xalqaro yetakchilar qatorida tarixga kirdi. Uning kamera imkoniyatlari barchaga Samsung va Apple sifatini eslata boshladi.

Dizayn

Huawei P9 komplektida mis karta bo‘lmachasini ochuvchi metall to‘g‘nog‘ich, C tipidagi USB kabel, audio qulochin, tarmoq adapteri mavjud.

Huawei P9 korpusidagi salobat foydalanuvchini bir zumda o‘ziga rom qiladi. U sizga iPhone 6(S)’ga xos hashamni eslatsa ajab emas. Metall korpus bu yerda o‘zining jozibasini namoyon qiladi.

P9 gadjetining silliq metall korpusi 2.5D turidagi ekran shishasi bilan uyg‘unlashtirilgan.  Uning o‘lchamlari – 145 x 70.9 x 6.95 mm. Korpus yassi shakldagi burchaklarga ega.

Orqa panelning yuqori qismi shisha uloq bilan bezatilib, u yerdan qo‘sh kameralar, ikki svetodiodli fotochaqnoq hamda lazerli fokusirovka tizimi o‘rin olgan.

Ulardan quyida esa Huawei dizayniga xos an’anaga muvofiq, barmoq izlari skaneri joylashtirilgan. Uning ishlash tezligi Samsung Galaxy S6’niki bilan tenglashtirilmoqda. Sensordan qo‘shimcha ba’zi funksiyalarda, misol uchun  ogohlantirishlar menyusini tezkor ochish yoki galereyadagi suratlarni o‘tkazishda foydalanish mumkinligi smartfon sanoatida o‘ziga xos “topilma” bo‘lgan.

Korpusning quyi qismila 3.5 mm standartidagi audio quloqchin konnektori, USB-C kabeli uchun port hamda dinamiklarga joy ajratilgan.

Korpusning o‘ng tomon yonida ovozni boshqarish tugmasi va quvvatlash uchun port o‘rin olgan. Har ikkala tugma metall xomashyosidan tayyorlangan.

Korpusning yuqori qismida shovqin ta’sirini kamaytiradigan ikkinchi mikrofon mavjud.

Huawei P9 modelidan kelib chiqib, turli xil gibrid xotira va sim karta bo‘lmachalariga ega. Uning biz o‘rganayotgan EVA-L09 modelida SIM-karta bo‘lmachasi korpusning chap yonidan joy olgan. Kichik hajmdagi qo‘sh sim kartani qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lmachalardan biriga microSD qo‘shimcha xotira kartasini joylashtirish ham mumkin.

Ekranga Corning Gorilla Glass’ning 4-avlod himoya shishasi qoplangan, ekran barmoq izlari va yog‘-dog‘ ta’siriga chidamli.

Ekran ustidan joy olgan 8 megapikselli old kamera FullHD sig‘imli video suratga oladi. Uning yonida esa muloqot dinamigi, oraliq-masofa datchigi, o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroqlarni ogohlantirish indikatori uchun joy ajratilgan. Muloqot dinamigining ishlash sifati yuqori darajada.

Old panelning hoshiyalarida alyuminiy metallidan foydalanilgani ekran chiroyini ochgan. Panelga mahorat bilan sayqal berilgani darrov ko‘zga tashlanadi. Ochig‘ini aytganda, hozircha mazkur nafislik va go‘zallikka ega boshqa gadjetni topish qiyin.

Umumiy olganda gadjetning korpus yig‘ilishiga gap yo‘q. Korpusda sim karta bo‘lmachasidan tashqari ajraladigan boshqa qism yo‘q.

Huawei P9 tillarang, kumush, kulrang, och tillarang, oq chinni rangli korpuslarda ishlab chiqarilmoqda.

Displey

So‘nggi yillarda taqdim etilayotgan flagman smartfonlarning displeyi yuqori sifatli.  Huawei P9 mobil qurilmasida diagonali 5.2 dyuym bo‘lgan ekrandan foydalanilgan. Unda ko‘zni oluvchi nurga qarshi qoplama mavjud.

Konturli, ya’ni 2.5D turidagi displey sig‘imi FullHD, ya’ni 1920×1080 pikselga teng. Har dyuymda 423 piksel. Uning IPS matritsasi havosiz qatlamga ega.

Huawei P9’ning energo tejamkor displeyi Japan Display (JDI) kompaniyasi tomonidan IPS-NEO texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan.

Aytish mumkinki, displey surat va tasvirning aks etish darajasi yuqori va sifatli. Ayniqsa, metall korpus va sayqallangan chetki romlar tasvirni yanada boyitadigandek.

Huawei P9 matritsasi juda yaxshi ko‘rsatkichlarga ega. Faqat unda qora rang tusi bir oz o‘tkir.

Platforma

Huawei P9 smartfonining EVA-L09 talqini 3 GB tezkor va 32 GB doimiy ichki xotiraga ega. U 1 dona sim kartani qo‘llab-quvvatlaydi.

EVA-L19 talqini 2 ta sim kartani o‘qiydi. Apparatning tezkor xotirasi 3 GB, doimiy ichki xotira 32 GB.

EVA-L29 talqini esa eng “kuchlisi” bo‘lib, sim karta va qo‘shimcha 2 ta bo‘lmachalarga, 4 GB tezkor va 64 GB doimiy xotiraga ega.

Huawei P9 mobil aloqa vositasining «yuragi» HUAWEI Kirin 955: u 64 bit, 8 yadroli (4x2,5 GGs A72+ 4x1,8 GGs A53), grafik-tasvir uchun Mali-T880 protsessori mas’ul. P9 samaradorligi juda oqsab qolmaydi. O‘yin va ilovalardan foydalanishda biror muammo yo‘q. Metall korpus nagruzka chog‘ida bir oz qizishi mumkin.

P9 mobil aloqa vositasi Google Android 6.0. operatsion tizimining moslashtirilgan EMUI 4.1 talqinida faoliyat ko‘rsatadi.

Kamera

Huawei P9 kamera sifati bilan jahon e’tiborini tortgan ilk xitoylik gadjet.

2 ta bosh kameraning har biri 12 MP sig‘imli surat oladi. Ularning diafragmasi F2.2. Birinchi kamera ob’yektni rangli olsa, ikkinchisi oq-qora tasvirda tushiradi.  Shundan so‘ng ikkala kamera olgan surat yaxlit holatga keladi.  Bu esa ularga rangni eng yuqori darajada aks ettirish, dinamik diapozonni aniqlash, sezuvchanlikni oshirishlari uchun ayni muddao.

Shuningdek, qo‘sh kameralar surat fokusini to‘g‘ri aniqlashda muhim ishtirok etadi. Ularda lazerli avtofokus tizimi ham o‘rnatilgan.

Kunduzgi sharoitda olingan kadrlar sifati super: aniq oq tus me’yori, ortiqcha xiraliklardan xolilik, kichik detallarning ham yorqin aks etishi. Ammo yorug‘lik pasayishi bilan sifat ham tushib ketadi.

Uning tungi suratlarining sifati Samsung Galaxy S7 yoki Apple iPhone 6S flagmanlari olgan suratlar bilan raqobat qila olmaydi. Kunduzi avtofokus juda tez ishlaydi. Tungi sharoitda esa unchalik emas.

Huawei P9 smartfoni kamerasi kadrlarni RAW (DNG) formatida ichki xotiraga yozadi. Ular 15 MBdan 30 MBgacha hajmda bo‘ladi.

Old kameraning ishlashi ham sifatli.

Kamerada sekundiga 60 kadrli FullHD sig‘imli tasvir olish mumkin. Sifat o‘rtacha. Fokus tez va aniq. Video tasvir ovozi esa aniq-tiniq, toza.

csm_4_zu_3_teaser_low_758be1f128

Akkumulyator

Biz o‘rganayotgan talqin elektr toki sig‘imi 3000 mA soat bo‘lgan akkumulyatorga ega. U kundalik 1 soat aloqa, Wi-Fi sinxronizatsiya,  internet (Tvitter, pochta, Skayp, Vatsapp) uchun foydalanilsa, quvvati 1,5 kunga yetadi. Zamonaviy o‘yinlarni esa uzluksiz 3-4 soat o‘ynash, 7 soat tinimsiz HD video ko‘rish mumkin. “Batareya dispetcheri” quvvatni tejash uchun Bluetooth, GPS, NFC aloqa tizimlarini, foydalanilmaydigan ilovalarni o‘chirib qo‘yishni maslahat beradi.

Kommunikatsiya

Huawei P9 nafaqat aloqaning 2G/3G, balki 4G CAT 6 tarmoqlarida ham ishlay oladi. Apparatda «Signal+2.0» tizimi mavjud. Ya’ni, bu antennani ushlash sifatini yaxshilaydi.

Yana bir muhim jihati «Wi-Fi+2.0» texnologiyasi bo‘lib, gadjet avtomatik ravishda o‘tkazuvchanligi yuqori eng barqaror  Wi-Fi tarmoqqa ulanadi.

Shu bilan birga, telefon apparati NFC (L19 va L29 modellarida mavjud emas), GPS va GLONASS, Bluetooth 4.2, USB 2.0 kabi aloqa tarmoqlariga ega.

huawei-p9

Xulosa

Huawei so‘nggi 3 yilda katta yutuqlarni qo‘lga kiritib, Android-smartfonlar bozorida peshqadam ishlab chiqaruvchiga aylandi. Huawei P9 smartfon hashamdor dizayn, metall korpus bilan ko‘rinishidan iPhone 6/6S’dan qolishmaydi. Uning tashqi ko‘rinishi o‘ziga xos. Samaradorligi, texnologiyalarning tatbiq etilishi va kamera imkoniyatlari ham Huawei P9’da yuqori. Sifatli xomashyo, eng yaxshi metallar, mohirlik bilan yig‘ilgan korpus, eng yaxshi ekran IPS-matritsasi, yaxshi kamera va mustahkam akkumulyator uni kuchli gadjetlar qatoriga qo‘shadi. Shularni hisobga olib, uni eng yaxshi gadjetlar qatoriga qo‘shish, tavsiya qilish mumkin.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

http://olx.uz/ $500 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.