Huawei P9 lite – akasining munosib ukasi

Huawei P9 lite – akasining munosib ukasi

Ma’lumki, Xitoyning Huawei kompaniyasi har yili bahorda P turkumidagi o‘zining flagman modellarini taqdim etib keladi. Flagmanlar, shubhasiz, ayni paytda smartfon sanoatidagi eng kuchli texnik xususiyatlar bilan ta’minlanadi. Shu bois bo‘lsa kerak, kompaniya yildan –yilga yanada ko‘p miqdorda smartfonlar sotib, jahon bozoridagi o‘z mavqeini mustahkamlab kelmoqda. Shunisi e’tiborliki, P turkumidagi  flagmanlarning lite (yengil, muallif) versiyalari ham so‘nggi yillarda ko‘plab foydalanuvchilarning e’tiborini jalb qilib kelmoqda. Buni ularning sotuv miqdoriga qarab bilish mumkin.

Ushbu tavsifda siz bilan 2016 yilning aprel oyida Huawei P9 flagmani bilan deyarli bir vaqtda taqdim etilgan P9 lite modeli haqida gaplashamiz. Ushbu smartfondan bir necha kun davomida foydalanish natijasida olgan tassurotlarimizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bizga qolsa, modelning nomidagi lite so‘zini biror boshqa so‘z bilan almashtirgan bo‘lardik. Chunki model chindan ham yaxshi xususiyatlarga ega, narxi ham ayni paytda hamyonbop! Demak, terabayt.uz’dagi yangi tavsifni boshlaymiz.

Parametr  Huawei P9 lite
Dizayn Metall korpus
Ekran IPS LCD, 5,2″, 1920×1080, 424 ppi
Kameralar 13 Mp (f/2.0, piksel: 1,12 nm), old kamera – 8 Mp.
Chipset Hisilicon Kirin 650 (4 yadroli 1,8 GGs + 4-yadroli 2,0 GGs)
Tarmoq GSM 850/900/1800/1900 MGs || UMTS 900/1900/2100 MGs || LTE 1, 3, 7, 8, 20
Xotira 2/16 GB + microSD
Akkumulyator 3000 mA/soat, Li-Pol
Barmoq izi skaneri Bor
Kommunikatsiya interfeyslari Wi-Fi (a/b/g/n), Bluetooth 4.1 (A2DP, LE), NFC, 2 ta SIM-karta
Gabarit va og‘irligi 46,8×72,6×7,5 mm, 147 gr.

Dizayn va korpus

Huawei P9 lite dizayni uning flagman akasi Huawei P9 uslubida ishlab chiqilgan. Og‘irligi – 147 gramm, korpusning qalinligi bor-yo‘g‘i 7,5 millimetr. Qurilma qo‘lda juda yaxshi joylashadi, foydalanish qulay.

Qurilmaning korpusi metalldan ishlangan (orqa tomondagi yuqori qismdan tashqari), old panelda kamera, sensor va dinamik joylashgan. Tugmalar yo‘q. Orqa panelda  esa barmoq izi skaneri ko‘zda tutilgan. Modeldan bir hafta davomida foydalanish vaqtida skaner biror marta ham nosoz yoki noaniq ishlaganiga guvoh bo‘lmadik.

  

Quvvat va ovoz balandligini boshqarish tugmalari o‘ng yon tomondan, SIM-karta va microSD sloti chap yon tomondan o‘rin olgan. Karnaylar va zaryadlash uyasi korpusning ostida, yuqorida esa naushnik sloti mavjud.

Orqa korpusda asosiy kamera va svetodiodli chaqnoq joylashgan.

Displey

Huawei P9 lite sifatli displey bilan jihozlangan, eng qizig‘i unda bir dyuym maydonga o‘rnatilgan piksellar sig‘imi (424 ppi) akasi Huawei P9 flagmaniga qaraganda ortiqroq (423 ppi). Displey IPS LCD matritsasidan tayyorlangan, aniqlik formati – Full HD (inson ko‘zi uchun keragidan ortiqcha aniqlik).

Displey aniqligi avtomatik sozlaanishish mumkin. Shu bilan birga, rang haroratini sozlash imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.

Umuman olganda,  smartfonlarga xos displey funksiyalarining barchaci mavjud.

Interfeys

Huawei P9 lite Android bazasidagi EMUI 4.1 dastur interfeysida ishlaydi. Interfeys ortiqcha detallardan xoli, ko‘zga yaxshi ko‘rinadi, ikonkalar to‘rtburchak shaklda, simmetrik tartiblangan. Interfeys dizayni har tomonlama yaxshi ishlangan. Shu bilan birga, qo‘shimcha mavzularni qo‘llash orqali uni o‘zingizga moslashingiz ham mumkin.

Google ilovalari boshqa Android  smartfonlardagi kabi alohida papkada joylangan. Eng qizig‘i, bizga berilgan  Huawei P9 lite modelida avvaldan proshivkaga o‘rnatilgan ilovalar yo‘q edi (ba’zi instrumentlarni hisobga olmaganda) Bu, shubhasiz, yaxshi yangilik. Chunki boshqa smartfon ishlab chiqaruvchilari bu borada odamda yaxshi taassurot qoldirmaydi.

Yana bir yaxshi yangilik: telefon menyusida o‘zbek tili ham mavjud.

Kamera

Xuddi  R9 flagmani singari Huawei P9 lite kamerasida ham bir qator rejimlar mavjud (professional va boshqalar). Asosiy kameraning aniqligi -13 MP. Rejimda menyusini o‘ng svayp, sozlamalar menyusini chap svayp orqali chiqarish mumkin.

Albatta, model flagmanlarga xos uslubda suratga tushirmaydi, ammo rasmlarning sifati foydalanuvchilarni butunlay qanoatlantira olishga qodir. Kamera qorong‘ida kutilganidek suratga olmasligi mumkin.

Sekin harakatli s’yomka va HDR rejimlari ha ko‘zda tutilgan. Ayniqsa, HDR rejimdagi tasvirlarning yorug‘ligi yaxshi darajada.

Video eng ko‘pi bilan Full HD aniqligida yoziladi. Shuningdek, kamera tabassumli yuzlarni aniqlaganda avtomatik rasmga olish xususiyatiga ega. RAsmga olish vaqtida yorqinlikni sozlash va 9 ta filtrdan foydalanish mumkin.

Old kameraning aniqligi – 8 MP, selfi uchun yetarli, har holda hozirgi foydalanuvchilar talabidan kelib chiqadigan bo‘lsak. Eng qizig‘i, selfilarga 10 soniyali ovozlarni ham qo‘shish mumkin. Bu, ayniqsa, suhbatdoshga qiziqarli selfi yuborganda asqotadi.

Kameradan misollar:

Protsessor va xotira

Modelga kompaniya tomonidan maxsus ishlab chiqilgan, biroq o‘rtacha, sakkiz yadroli  Kirin 650 protsessori o‘rnatilgan.  Umuman, bunday segmentdagi modelga flagmanlarga xos chipsetning joylanishi kutish ham aslida noo‘rin. Qurilma bir tekisda ishlaydi, 10 kun foydalanish davomida Terabayt.uz muxbirlari uning ishida biror kamchilik sezishmadi. Qurilma tegishlarga yaxshi javob qartaradi. Antutu benchmarkida Huawei P9 lite samaradorligiga 52783 ball qo‘yildi. Benchmark xulosasiga ko‘ra modelda o‘rta darajadagi o‘yinlarni o‘ynash mumkin, protsessor multitasking va murakkab ilovalar ishini ham yaxshi qo‘llab-quvvatlaydi.

Operativ xotira hajmi – 2 GB. Bunday xotira sig‘imi kundalik amallar uchun yetarli. Doimiy xotira sig‘imi – 16 GB. Umuman olganda, qurilma o‘rta segmentga mansub smartfonlar uchun zarur bo‘lgan barcha imkoniyatlar bilan ta’minlangan. Qurilmada qo‘lqop bilan boshqarish funksiyasi ham mavjud.

 

Audio tiniq yangraydi. Bu bora smartfon yaxshi xususiyatlarga ega. Naushniklar orqali ham siftali oovzdan bahra olishingiz mumkin. O‘rta darajadagi smartfon uchun bu qo‘shimcha afzallik.

Kommunikatsiya imkoniyatlari

Huawei P9 lite ikkita nano-SIM-karta o‘rnatish mumkin. Ikkinchi slotga microSD-karta joylash imkoniyati mavjud. Qurilma barcha uyali aloqa standartlarini qo‘llab-quvvatlaydi (GSM, WCDMA, LTE), aloqa borasida ham apparat yaxshi taassurot qoldiradi.

Garchi aloqa sifatining yaxshiligi ko‘proq mobil operatorga bog‘liq bo‘lsa-da, qurilma o‘ziga yuklatilgan vazifani a’lo darajada bajaradi.

 

Eng qizig‘i, apparat internet tezligini ham holat satrida ko‘rsatib turishi mumkin. Bu esa tarmoqning real tezligini baholashga yordam beradi.

Model Wi-Fi, Bluetooth va GPS modullari bilan jihozlangan, shuningdek,  NFC-aloqa ham mavjud.

Akkumulyator

Qurilma Li-Pol turkumidagi sig‘imi 3000 mA/soat bo‘lgan batareyadan quvvatlanadi. O‘rta segmentdagi model uchun bunday sig‘im yomon ko‘rsatkich emas. Grafika, video, internet, kamera va boshqa zaruriy funksiyalardan o‘rta ko‘p foydalansangiz, apparat ertalabdan kechgacha sizga xizmat qila oladi. Shunday bo‘lsa-da, baribir, batareya zaryadini tejashga to‘g‘ri keladi.

  

Modeldagi batareya sozlamalari menyusida 3 standart  quvvat tejash rejimi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, zaryad jdua kam qolganda foydalanadigan maksimal quvvat tejash rejimi ham mavjud. Batareya sozlamalarida quvvat sarfini optimallashtirish mumkin.

 

Xulosa

Huawei P9 lite o‘rta segmentga mansub smartfon bo‘lishiga qaramay, bir qator ilg‘or funksiyalar bilan ta’minlangan. Hozirgi paytda hamyonbop o‘rta darajadagi smartfonlar bozorida eng optimal yechim, desak adashmaymiz. Model sifatli displey, tiniq audio, yaxshi kommunikatsiya imkoniyatlari va tushunarli interfeysga ega. Dizayni flagmanlarga xos tarzda ishlangan, korpusning asosiy qismi metalldan tayyorlangan, bu esa qurilmani tashqi ta’sirlarga chidamli etadi. Ergonomika jihatidan telefonga hech qanday e’tiroz yo‘q – undan foydalanish juda qulay.

Kamera sensori ham chakki emas. Rasmlar aniq, sifati qoniqarli darajada. Tungi s’yomka bilan biroz kamchilik mavjud. Ammo kameradagi boshqa zamonaviy funksiyalar uning borligini sezdirmaydi. Apparatdagi batareya bir kunlik faol foydalanishga dosh beradi. Umuman olganda, qurilma o‘z puliga arziydi, undagi funksiya va imkoniyatlar so‘zimizni tasdiqlaydi.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

BMBOX $209 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!