Huawei P9 Max: “top” protsessorga ega kuchli fablet

Huawei P9 Max: “top” protsessorga ega kuchli fablet

Xitoyning Huawei kompaniyasi yaqinda flagmanlar uchun Kirin 950 protsessorini namoyish etgandi. Shu kunlarda esa Huawei Mate8 fabletining rasmlari, shuningdek, Huawei P9 Max fableti haqidagi xabarlar ham paydo bo‘ldi. P9 50S haqidagi ma’lumotlarni AnTuTu benchmarki rasmiy saytida ko‘rish mumkin.

Fablet 6,2-dyuymli ekran(1600×2560) ega va nuqtalar zichligi 486ppi. Apparat bazasi sakkiz yadroli Kirin 950 chipseti asosida bo‘lib, Mali-T880 MP4 GPU grafik soprotsessori va 4 GB operativ xotiraga ega. O‘rnatma xotira 64 GB xajmda va dasturiy ta’minot — Android 6.0 asosida. Fabletning orqa tomoniga qo‘sh kamera o‘rnatilgan.

Aytish kerakki, Huawei P9 Max sinov jarayonida 73 759 ochko jamg‘argan bo‘lsa, 3D grafik testida 16 822 ochkoga loyiq ko‘rilgan. Natijalar ajoyib, biroq Samsung Exynos 7420 bazasidagi Meizu Pro 5 ko‘rsatgichlaridan yuqori emas. Meizu flagmani bu sinovlarda 76 244 va 23 393 ochko yiqqan edi. Darvoqe, Kirin 950ning ko‘rgazmali namunasiga qo‘yilgan baho AnTuTu da 82 000 ochkodan oshdi.

Eslatib o‘tamiz, sakkiz yadroli HiSilicon Kirin 950 protsessori 16 nanometrli texnojarayonda yig‘ilgan va unda big.LITTLE me’morchiligi qo‘llanilgan: talabchan ilovalar uchun 2,53 GGs takt chastotaga ega 4 yadroli Cortex A-72 va kundalik topshiriqlar uchun 1,8 GGs takt chastotali 4 yadroli Cortex A-53.

Grafikaga “javobgar” Mali-T880MP4 tezlatgichi. Kompaniyaning fikricha, avvalgi HiSilicon Kirin 930 dan ancha kuchli.

Flagman protsessoriga i5 (Intel Core i5 bilan adashtirmang) qo‘shilgan va u gadjetga o‘rnatilgan harakat datchiklari ma’lumotlarini yig‘adi va qayta ishlaydi. Qolaversa, u avvalgi i3 dan ko‘ra bir yarim barobar kam quvvat sarflaydi.

Xitoy kompaniyasi Kirin 950 avvalgilaridan 40% foizga kuchliroq, 60 % foizga kamroq energiya sarflaydi, deya ishontirmoqda. Bu, o‘z navbatida, 3500 mAs quvvatga ega akkumulyatorning yana bir necha soat barqaror ishlashiga imkon berishi mumkin.

Chipset tarmoqda 4 G ni qo‘llay oladi — unga LTE Cat.6 modemi o‘rnatilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!