Huawei quloqchinsiz musiqa tinglash imkonini beruvchi Smart Eyewear «aqlli» ko‘zoynagini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  915
  •  28.03.2019 13:48

Huawei quloqchinsiz musiqa tinglash imkonini beruvchi Smart Eyewear «aqlli» ko‘zoynagini taqdim etdi

Xitoylik texnogigant Janubiy Koreyaning Gentle Monster brendi bilan hamkorlikda «aqlli» ko‘zoynak ishlab chiqdi. Uning asosiy o‘ziga xosligi – klassik dizayn bo‘lib, shuning evaziga bir qarashda uning aynan «aqlli» ko‘zoynak ekanini payqab ham bo‘lmaydi.

O‘QING: Smartfonni burun yordamida boshqaruvchi «aqlli» ko‘zoynak yaratishdi! (+video)

Smart Eyewear nomli bu ko‘zoynakning bandlariga quyidagilar joylangan: «sun’iy ong» algoritmlari yordamida ishlovchi shovqinni pasaytirish tizimiga ega dinamiklar; protsessor va NFC chipi; qo‘shaloq mikrofon; akkumulyator va antenna. Smart Eyewear uyali aloqa tarmog‘i orqali gaplashish hamda Bluetooth orqali ulangan smartfondan uzatiluvchi audiofayllarni tinglash imkonini beradi.

Ko‘zoynakni o‘zidagi sensor panel orqali boshqarish mumkin; u musiqani yangratish va to‘xtatish, qo‘ng‘iroqlarga javob berish kabilarda asqotadi. Smart Eyewear ko‘zoynagining asosiy imkoniyatlaridan biri – ovozli yordamchi bilan ishlay olishidir.

Huawei’ning ushbu yangi mahsuloti uchun Gentle Monster maxsus – klassikdan tortib zamonaviylarigacha turli variantlarda gardishlar ishlab chiqaradi. Yangi ko‘zoynak jamlanmasida dizayni Gentle Monster tomonidan taqdim etilgan g‘ilof ham mavjud bo‘lib, foydalanuvchi uning yordamida qurilmani quvvatlay oladi – uning akkumulyatori tok sig‘imi 2200 mA/soatga teng.

Xitoylik texnogigant hozircha ko‘zoynakning narxini oshkor etmagan va u haqdagi batafsil ma’lumotni joriy yilning iyulida – savdoga chiqishi arafasida taqdim etishga va’da bergan.

O‘QING: Kompyuterda ishlash uchun ko‘zoynak qanday tanlanadi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.