Huawei shisha korpusli Honor 8 smartfonini taqdim etdi

Huawei shisha korpusli Honor 8 smartfonini taqdim etdi

Huawei kompaniyasi o‘rta darajaga kiruvchi Honor 8 mobil aloqa vositasini taqdim etdi. Uning ba’zi o‘ziga xos xususiyatlari, jumladan shisha uyg‘unligidagi korpus va qo‘sh ob’yektivli kamerasi tufayli Honor 8’ni “o‘rta darajali” deyish xato bo‘lishi ham mumkin.

Honor 8 korpusi 2 ta 2,5D turidagi shisha panellar birikmasidan tashkil topgan. Smartfonning mohirona dizayn yechimi unga hasham va salobat bag‘ishlaydi. Korpus qalinligi 7,45 mm, smartfon  153 gramm tosh bosadi. Smartfon orqa panelidan barmoq izlari skaneri, ikki xil tus beruvchi fotochaqnoq va zamonaviy qo‘sh kameralar o‘rin olgan.

Honor-8-3

Kamera 12 MP sig‘imli fotosuratlar olish ko‘nikmasiga ega. Shu bilan birga, kameralardan biri RGB – yuqori rangli diapazonda ishlasa, boshqasi oq va qora rangli suratlar olishga mo‘ljallangan. Kameralarda Sony kompaniyasining sensorlaridan foydalanilgan.

Korpusning old panelini 5,2 dyuymli FullHD-displeyi band qilib turibdi. Mazkur displeyning har dyuym kvadrati 423 pikselni sig‘dira oladi. Ekran ustida esa qo‘shimcha, 8 megapikselli old kamera mavjud.

Apparat ta’minotiga kelsak, Honor 8 gadjeti samaradorligi uchun 8 yadroli, 2,3 GGs chastota tezligida ishlaydigan Kirin 950 protsessori mas’ul hisoblanadi. Mobil telefonning tezkor xotirasining sig‘imi 3 yoki 4 GBni tashkil qiladi. Smartfondagi doimiy ichki xotira 32 hamda 64 GB miqdordagi ma’lumotni sig‘dira oladi.

Smartfon Android 6.0 operatsion tizimining moslashtirilgan EMUI 4.1. talqinida faoliyat ko‘rsatadi.

Honor 8’ning quvvat ta’minoti  3 000 mA·soat elektr toki sig‘imiga ega akkumulyatorga bog‘liq. Quvvat toshi tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega.

honor-8-2

Huawei Honor 8 mobil qurilmasi VoLTE aloqa texnologiyasining 4G+ tarmog‘ida bir vaqtning o‘zida 2 SIM-kartadan ma’lumot uzatish va olish imkoniga ega. Shuningdek, “aqlli telefon” an’anaviy Wi-Fi va Bluetooth modullari bilan ta’minlangan.

Ammo shular bilan smartfon ta’rif-tavsifi yakun topmaydi. Yana bir muhim jihat shuki, Huawei Honor 8’da ayni paytda ommalashayotgan yaqin masofada turib aloqa o‘rnatish texnologiyasi – NFC (near field communication) ham tatbiq qilingan. Telefondagi IK-port esa 25 ming turdagi qurilmalarni o‘qiy oladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, gadjet displeyi ikki talqinda, ya’ni Full HD (1920 × 1080 piksel sig‘imli) hamda Quad HD (2560 × 1440 pikselli) versiyalarda ishlab chiqariladi.

Yuqorida qayd etilgan ilg‘or texnologik xususiyatlarga ega Huawei Honor 8 uchun kompaniya 300 dan 375 AQSh dollarigacha bo‘lgan narx belgilagan. Gadjetning xalqaro bozordagi narxi hozircha ma’lum qilinmagan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!