Huawei sir tutgan «to‘rt ko‘zli», romsiz flagman «qo‘lga tushdi»

  •   DiMaX
  •  2240
  •  12.09.2017 17:49

Huawei sir tutgan «to‘rt ko‘zli», romsiz flagman «qo‘lga tushdi»

Huawei kompaniyasi shu kunlarda bitta yangi smartfon tayyorlagan, ammo uni rasman oshkor etmagan. Qurilma haqidagi ma’lumotlar Xitoy Telekommunikatsion jihozlarni sertifikatlash markazining saytida paydo bo‘lgan.

Huawei RNE-AL00 markirovkali bu modelning displeyi smartfon old panelini deyarli butkul qoplab olgan bo‘lib, trendga ko‘ra tomonlarining o‘zaro nisbati 18:9 ga teng, gardishi romsiz degudek darajada minimal. Ekran diagonali 5,99 dyuymni tashkil etadi, displey sifati – Full HD+ (2160 x 1080 pikselli).


Ushbu smartfonning asosiy xususiyatlaridan yana biri – har ikkala kamerasi ham qo‘shaloq modulga ega ekanligidir. Uning asosiy kamerasi 16 va 2 megapikselli, old kamerasi esa 13 va 2 megapikselli ob’yektivlarni o‘z ichiga olgan.

Smartfon metall korpusga mahkamlangan, orqa panelida daktiloskopik skaneri bor. U Huawei’ning o‘z protsessori – sakkiz yadroli Kirin 659 bazasida ishlaydi. Tezkor hamda ichki xotirasi tegishlicha 4 va 64 GB hajmga ega. Bundan tashqari, microSD formatidagi karta yordamida uning xotirasini yana 256 gigabaytga kengaytirish imkoni mavjud.


Sirli smartfonning akkumulyatori 3240 mA/soat sig‘imga ega. U ikkita SIM-karta bilan ishlay oladi, simsiz aloqaning 4G LTE, Wi-Fi (802.11 b/g/n), Bluetooth 4.2, GPS va GLONASS interfeyslarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Huawei’ning bu mahsuloti EMUI qobig‘idagi Android 7.0 Nougat operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi. Korpusining o‘lchamlari 156,2 x 75,2 x 7,5 millimetrga, vazni esa 164 grammga teng.