Huawei taqdimot arafasida Mate 10 olgan ilk suratlarni e’lon qildi

Huawei taqdimot arafasida Mate 10 olgan ilk suratlarni e’lon qildi

Bugun Huawei kompaniyasining Germaniyada Huawei Mate 10 flagmaniga bag‘ishlangan yirik namoyish oldidan uning kamerasi olgan ilk suratlar e’lon qilindi. Bu suratlarni kompaniyaning mahsulotlar bo‘yicha bosh menejeri Bryus Li e’lon qildi.

Mashhur insayder Evan Blass o‘zining Twitter-akkauntida Mate 10 Pro modelining ilk sifatli suratini e’lon qilib, qurilma romsiz ekranga hamda Leica bilan hamkorlikda ishlangan qo‘shaloq kuchli kameraga ega bo‘lishini aytgan edi. Uning kamerasida olingan ilk suratlarga siz ham baho bering.

Tasdiqlangan ma’lumotga ko‘ra, mazkur smartfon asosiy kamerasining har ikkala moduli ham, xuddi LG V30’niki kabi, f/1,6 yorug‘lik kuchiga ega ob’yektiv bilan jihozlangan. Kameraning o‘zi esa, xuddi fotostudiyadagi kabi suratga olishning 14 ta ssenariysini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu xuddi iOS 11 tizim talqinidagi Portrait Lighting funksiyasining analogidir.

Huawei Mate 10 modeli diagonali 6,1 dyuymli, sig‘imi 2560x1440 pikselli displey bilan ta’minlanadi. Flagman 6 gigabaytli tezkor xotirada faoliyat ko‘rsatadi. Yana bir muhim jihati — unda Amazon Alexa virtual yordamchi tizimi va kompaniya tomonidan yaratilgan sun’iy aql tizimi o‘rnatiladi.

Smartfonlarning akkumulyator sig‘imi 4 000 mA/soatni tashkil etadi va u tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Mazkur texnologiya ham Huawei’ning o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, neyron tarmoqlari bazasida ishlaydi.

Kompaniya roligida aytilishicha, Mate 10 xuddi odamlardek o‘rganishga, o‘ylashga va ko‘rishga qodir, smartfonning ishlash prinsiplari esa inson miyasining ishlash tamoyillari bilan chambarchas bog‘liqdir. 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!