Ilk veb-sayt ishga tushganiga chorak asr to‘ldi

Ilk veb-sayt ishga tushganiga chorak asr to‘ldi

Avgust oyi internet tarixidagi muhim oy: xalqaro o‘rgimchak to‘rining ilk veb-sahifasi 1991 yilning avgustida, aniqrog‘i 6 avgustida faoliyatini boshlagan. www.info.cern.ch domenidagi bu sayt haligacha mavjud, biroq undan bugungi saytlarga xos jihatlar, ijtimoiy tarmoqlarga xos turfa xillikni topib bo‘lmaydi: unda matn va boshqa elektron manzillarga o‘tish mumkin bo‘lgan giperlinklar mavjud, xolos.

Byorners Li 1989 yilda taxminan bugungi internet tarmog‘iga o‘xshash texnologiyani kashf qilish haqida o‘ylay boshlaydi. Uning xayolidagi global tarmoq, matnli sahifa shaklida bo‘lib, undan hamma foydalanishi mumkin edi. Hozirgi zamon yoshlari uchun bu eski bosh kiyimidek — rangsiz yoki o‘ta jo‘n tuyilish mumkin, ammo ilg‘or fikr bugungi taraqqiyotning boshi edi.

1990 yilning oktyabr oyida Byorners Li veb-sayt sahifasiga asos bo‘luvchi HTML (Hyper Text Markup Language – gippermatnni belgilash tili) uchun kod yozadi. Shuningdek, HTTP (HyperText Transfer Protocol gipermatnni uzatish protokoli) standarti veb-saytda ma’lumot almashishni ta’minlagan. Shuningdek, URI (Uniform Resource Identifier – manbaaning yaxlitlashtirilgan manbaasi) identifikatori har bir saytning manzilini aniqlashga xizmat qilgan.

Ilk veb-sayt 1990 yilning oxirlarida Byornersning ishxonasida, ya’ni Yevropa yadro markazi tadqiqotchilari laboratoriyasi tizimida ishga tushiriladi. Janob Li o‘zining ixtirosini keyingi, ya’ni 1991 yilning 6 avgustida idorasidan tashqariga, ya’ni jamoatchilik e’tiboriga havola qiladi.

Tim Byorners-Li ilk veb-brauzerni NeXT kompyuterida sinovdan o‘tkazgan. Avvaliga WorldWideWeb deb nomlangan tizimni foydalanuvchilar internet tarmog‘i bilan adashtirmasliklari uchun Nexus deb nomladi. Bu tizim o‘sha davr uchun hayratlanarli bo‘lgan HTML fayllarni o‘qiy olgan.

Bugunga kelib internet ommabop ma’lumot va axborot almashish manbai sifatida jada rivojlanmoqda. Bugungi kunda xalqaro miqyosida 3.6 mlrd nafar kishi internetdan foydalanadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.