Ilon Mask Twitter bosh qarorgohiga suvchanoq (rakovina) ko'tarib keldi

Ilon Mask Twitter bosh qarorgohiga suvchanoq (rakovina) ko'tarib keldi

Tesla va SpaceX kompaniyalari rahbari, Ilon Mask, vanihoyat Twitter'ni sotib olmoqda. Milliarder joriy yil aprelida ijtimoiy tarmoq kompaniyasini 44 milliard dollarga sotib olishini ma'lum qildi va oy oxirida Twitter kelishuvga rozi bo'ldi. Biroq vaqt o'tib, u Twitter'ni platformadagi botlar soni haqida noto'g'ri ma'lumot berganlikda aybladi va o'z fikridan qaytmoqchi bo'ldi. Natijada esa Twitter uni kelishuvni buzganlikda ayblab sudga bergan edi. Yoz oyida bo'lib o'tgan bir qancha sud muzokaralaridan so'ng, milliarder oktabr boshida axiyri ijtimoiy tarmoq kompaniyasini sotib olishini aytdi, sud esa unga 28-oktabrgacha kelishuvni yakunlashni buyurdi.

Chorshanba kuni Ilon Mask o'zining Twitter'dagi rasmiy sahifasi biosini "Chief Twit"ga, manzilini Twitter'ning San-Fransiskodagi bosh qarorgohiga o'zgartirdi va birozdan keyin u yerga tashrif buyurdi. Qo'lida suvchanoq (rakovina) bilan xuddi o'z uyiga kirib kelayotgandek ko'rinadigan videoni milliarder "Twitter bosh qarorgohiga kirish" va "cho'kishiga imkon bering" (tushunib olishlariga vaqt, imkon berish ma'nosida) iborasi bilan tvit qildi.

Insider'ning xabar qilishicha, Twitter'ning marketing bo'yicha bosh direktori Lesli Berland xodimlarga Mask hafta davomida ofisda bo'lishi va juma kuni ishchilar bilan uchrashishi haqida elektron pochta xabarini jo'natgan:

"Ilon bu hafta San-Fransiskodagi ofisda odamlar bilan uchrashmoqda, zallarni kezmoqda va barchangiz qiladigan ishlar bilan shug'ullanishda davom etmoqda. Agar siz ham shu ofisda bo'lsangiz va uni atrofda ko'rsangiz, salom ayting! Boshqalar uchun esa bu Ilon bilan ko'plab uchrashuvlar va suhbatlarning boshlanishi, juma kuni barchangiz to'g'ridan-to'g'ri undan eshitasiz" deyiladi xabarda.

Dushanba kuni bo'lib o'tgan video konferensiyada Ilon Mask bankirlarni Twitter bilan kelishuvni jumagacha yopmoqchi ekanligidan xabardor qilgan, yoxud bankirlarga shu kungacha "pullarni tayyorlab qo'yish"lari buyurilgan edi. Ehtimol, milliarderning Twitter'ga tashrifi uning deyarli kompaniyani sotib olib bo'lganligini, ammo hali rasmiy bayonot chiqmaganligini anglatadi.

O'QING: Google jarimaga tortildi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!