​Inha orqali Koreyaning yetakchi universitetlariga grant yutib olish mumkin

​Inha orqali Koreyaning yetakchi universitetlariga grant yutib olish mumkin

Koreya Respublikasidagi Inha universiteti o‘zbekistonlik yoshlarga Jungseok International School of Global Studies (Jungseok ISGS, Global tadqiqotlar xalqaro maktabi) dasturini taklif etadi. Ushbu dastur O‘zbekiston fuqarolariga Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlaridan birida o‘qish imkoniyatini yaratadi, deya xabar berildi universitet saytida.

20 oktyabr kuni “Joongang Daily” nashri Koreya Respublikasining eng yaxshi universitetlari reytingini chop etdi. Reytingda Koreya Respublikasidagi Inha universiteti 177 ball to‘plagan holda 10-o‘rinni egalladi.

“Joongang Daily” reytingi universitetlar faoliyatini tadqiqot, ta’lim, o‘quv yurti bitiruvchilarining ish bilan ta’minlash darajasi, fond faoliyati va boshqa ko‘rsatkichlar asosida baholagan.

Inha universiteti ko‘rsatkichlarning ko‘pida birinchi 10 talikda, yoki unga yaqin o‘rinlarda joylashdi. Misol uchun, oliy o‘quv yurti “Xodimlarni ishga olish uchun tavsiya qilinadigan universitet” va “Maktabni bitirgach, o‘qish uchun eng yaxshi universitet” bo‘yicha ko‘rsatkichlarda 6-o‘rinni egalladi.

Bularning hammasi, Koreya Respublikasidagi Inha universiteti yuqori sifatli ta’lim va tadqiqotlar dasturlarini taklif etishidan dalolatdir.

Bu yildan boshlab Koreya Respublikasidagi Inha universiteti “Jungseok ISGS” dasturini ochdi. Dastur yoshlarga Koreyaning yetakchi universitetlaridan birida bakalavr darajasini olishga imkoniyat yaratadi.

“Jungseok ISGS” dasturi yoshlarga Koreya Respublikasidagi Inha universitetida ta’lim olish hamda global tadqiqotlar sohasida bakalavr darajasini olish imkonini beradi. Dastur tomonidan a’lochi talabalarga grantlar ajratish ko‘zda tutilgan.

Mazkur dastur global biznes sohasida yetakchilarni tayyorlashga qaratilgan hamda xalqaro biznes, xalqaro savdo, moddiy-texnik va madaniy boshqaruv sohasidagi asosiy mavzularni qamrab oladi. Barcha kurslar ingliz tilida o‘tiladi, shu tufayli abituriyentlarning ingliz tili darajasi yaxshi bo‘lishi kerak.

Ushbu dasturga qiziqqan yoshlar hujjatlarini 2016-yilning 3-noyabriga qadar topshirishlari lozim. 4-noyabrdan 8-noyabrga qadar Koreya Respublikasidagi Inha universiteti vakillari dasturga hujjat topshirgan yoshlar bilan suhbat o‘tkazish uchun Toshkentga keladilar.

Shu o‘rinda, eslatib o‘tamiz, Koreya Respublikasidagi Inha universiteti O‘zbekistonda ham o‘zining yuqori sifatli dasturlarini taklif etmoqda. 2014-yilda O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Inha universiteti ochildi.

Bugungi kunda Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) yoshlarga «Kompyuter injiniring», «Dasturiy injiniring» va «Logistika» yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini taklif etmoqda.

IUT o‘quv dasturi Koreya Respublikasidagi Inha universitetining ta’lim dasturlariga to‘liq asoslangan. Shu bilan birga Koreya Respublikasidagi Inha universiteti vakillari ta’lim sifatini ta’minlash uchun IUTdagi akademik jarayonlarni nazorat qiladilar. IUTda yuqori malakali xorijiy va mahalliy professorlar ishlaydilar va ular yoshlar bilan o‘z bilimlari va tajribalarini o‘rtoqlashadilar.

Natijada qisqa vaqt ichida IUT O‘zbekistondagi eng obro‘li oliy o‘quv yurtlaridan biriga aylandi va har yili universitetda o‘qishni istagan yoshlarning soni oshib bormoqda. Agar 2015-yilda 800 nafardan ziyod yoshlar universitetda o‘qish uchun o‘z hujjatlarini topshirgan bo‘lsalar, 2016-yilda bu son 1432 nafarga yetdi. Bugungi kunda IUTda 700 nafarga yaqin talabalar tahsil olmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!