Inha universitetida DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan ta’lim dasturi ochildi

  •   DiMaX
  •  388
  •  06.03.2019 17:56

Inha universitetida DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan ta’lim dasturi ochildi

Toshkent shahridagi Inha universitetida DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan ta’lim dasturining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu xususda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.

O‘QING: O‘zbekistonda DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan dasturi bo‘lib o‘tadi

Microsoft korporatsiyasining qizlar uchun ta’lim sohasida ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohalarini takomillashtiruvchi mazkur DigiGirlz dasturi kelgusida global iqtisodiyotning muammolari va chaqiriqlariga tayyor turuvchi xodimlarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Toshkentdagi Inha universiteti rektori vazifasini bajaruvchi Muzaffar Jalolovlar mazkur ta’lim dasturining maqsadlari xususida to‘xtalib, unda faol ishtirok etayotgan 100 nafar iqtidorli qizning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

– Zamon kundan kun rivojlanib, texnologiyalar yangilanib bormoqda, – deydi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. – Ayollarimiz, ayniqsa, yosh qizlarimizning bu jihatdan ortda qolib ketishi mamlakatimiz rivojiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Shuning uchun bugungidek tadbirlarning ahamiyati katta. Ya’ni biz qizlarimizga yoshligidan axborot texnologiyalarini, ularni qo‘llay olishni o‘rgatish eng kerakli vazifalardan biridir.

Dastur doirasida ishtirokchilar Microsoft korporatsiyasi mutaxassislaridan virtual haqiqat va uning tendensiyalari, mobil ilovalar uchun intefeys dizaynlari, kasb tanlash va muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar oldi.

Tadbir davomida ishtirokchilar Microsoft’ning Markaziy va Sharqiy Yevropadagi bosh menejeri Anke Den Oudenning DigiGirlz dasturining maqsadlari va Microsoftning qizlar iqtidorini oshirish borasidagi faoliyati haqidagi onlayn ma’ruzasini tingladi.

Bundan tashqari, dastur ishtirokchilari o‘z loyihalari taqdimotini ham namoyish etdilar.

O‘QING: Inha universiteti uzluksiz ta’lim tayyorlov kurslarining filialini ochdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.