Injenerlarning kelajakka oid aqlga sig‘mas loyihalari (video)

Injenerlarning kelajakka oid aqlga sig‘mas loyihalari (video)

Yangi texnologiya turmushni yengillashtirishi, chigallik yaratmasligi lozim. Bugun sizga zamonamiz injenerlarining kelajak uchun tayyorlagan bir qator loyihalarini havola etamiz. Bir qarashda hammasi ajoyib, ammo ko‘plab savollar tug‘diruvchi loyihalarni marhamat, o‘zingiz videoda tomosha qiling. Tug‘ilgan savollarni esa birgalikda muhokama qilamiz.

Bu loyihalarning barchasi tovarlar dizayni va turli sohalarda xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi Dahir Insaat kompaniyasiga tegishli. Dahir Insaat tibbiyot anjomlari, savdo o‘rinlari, restoranlar va osmono‘par imoratlarni loyihalashtirish, shaharni rejalashtirish kabi sohalarda faoliyat yuritadi.

Tashiluvchi transformer-uylar

Bugun yuk mashinasi ikki qavatli uyni tashiyotganini ko‘rsa, birov ajablanmasligi mumkin. Bu bizning kelajagimiz, desak adashmaymiz. Ulkan yuk avtomobili bortidagi yig‘ma uy tegishli joyga o‘rnashtirilgach, yoziladi va 250 kv metrli binoyidek yevrouyga aylanadi.

To‘g‘ri, bunaqa uy sun’iy materiallardan quriladi. Videolavhani tomosha qilgach, ulkan devorlarni yig‘ish va yozish uchun gidravlikaning kuchi yetmasligiga ishonasiz. Qolaversa, ikkinchi qavatga chiqiladigan zinapoya ko‘rinmaydi. Bundan tashqari, yig‘ma uyning santexnika tizim qanday nochor ahvolda bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas.

Tovarlarni yer ostidan yetkazib berish xizmati

Dahir Insaat tovarlarni manzilga yetkazish sohasida tub o‘zgarish yasamoqchi. Kurerlik va pochta xizmatlari o‘rniga yer ostida ko‘p sonli konveyer tasmalari o‘rnatiladi. Konveyerga o‘rnatilgan datchiklar tasma tiqilib qolishi kabi holatlarni aniqlaydi va lozim bo‘lsa tortib to‘g‘rilanadi. Yerosti konveyerining vazifasi pochta orqali tovar yetkazib berishdagi noqulayliklarga barham berishdir. Ammo loyiha mualliflari buni qurish uchun sarflanadigan ulkan mablag‘ni hisobga olmagan ko‘rinadi. Ehtimol, ular eng oson ish yer qazish deb o‘ylagandir. Qolaversa, odatiy kurer xizmatlaridan aynan nimasi bilan ustunligi ham noma’lumligicha qolgan.

Yapasqi vertolyot

Gap faqat uning yapasqiligida emas. Yoshligingizda varrak uchirganmisiz? Bu vertolyot ham varrak kabi yerga bog‘lab qo‘yilgan. Unda temir yo‘l transportining barcha kamchiliklari mujassam. Avariya xavfi va energiya sarfi yuqori. Uni relsga bog‘lab qo‘yib nima bor? Mualliflar uchuvchiga ishonmaganligidan “yerga bog‘lab qo‘ygan” bo‘lishi mumkin. Parraklari ulkan havo transporti gavdasining 60 foizini egallaydi, biroq Dahir Insaat uni hashamatli havo layneridek tasvirlaydi. Videoda yo‘lovchilar dvigatelning kuchli shovqiniga qaramasdan ichimliklardan tatigancha bemalol suhbatlashib o‘tirishibdi.

Avto-supermarket

Innovatsiyalar hayotni qulaylashtirmasdan, murakkablashtirishi mumkin. Videolavhadagi avtomagazinni tomosha qilib, bunga o‘zingiz ishonch hosil qilasiz.

Bu magazinda avtomobilingizda yurib savdo qilasiz. Mahsulotlar qo‘yilgan qavat-qavat peshtaxtalarni tugmani bosib aylantirasiz va o‘zingizga yoqqanini tanlaysiz. G‘irt dahmazaning o‘zi. Birinchidan, mahsulotni tanlash ko‘p vaqt oladi, chunki ularni bor-bo‘yicha ko‘rib chamalashning iloji yo‘q. Ikkinchidan, peshtaxtalarni aylantirish ortiqcha ish. Qolaversa, ortiqcha energiya talab qiluvchi usul mahsulot narxiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Aylanuvchi tokchalardagi mahsulotlarni sovutish tizimi muammosi ham bor. Eng qizig‘i, mahsulotni avtomatik usulda tanlaganingiz bilan, baribir, mashinaga qo‘lda yuklaysiz.

Desant artilleriyachi

Videolavhada bombardirovkachi samolyotning bortidan tanklar bataloni o‘rmalayotgan dalaga qandaydir uzun ballonchalar tashlanayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ballonlar avtomatik ochiluvchi parashyuti yordamida yerga yumshoq qo‘nadi va o‘rnashib olgach, o‘rtasidan irg‘ib chiqqan stvoli bilan qarshidagi tanklarga o‘q yog‘dira boshlaydi.

Snaryadlar 90 gradus burchak ostida otiladi, bu nishonga tekkizishning eng yaxshi yo‘li emas. Bundan tashqari o‘qotar moslamalar osmondan tekis va qattiq yerga tushmasa, nishonni urolmasligi mumkin.

Kishida shubha uyg‘otuvchi yana bir tomoni bor. Bunday mukammal snaryad otuvchi moslama ishlab chiqara oladigan, havo flotiga ega davlat dushman tankini yo‘q qilishning boshqa samaraliroq usulini topolmaydimi? Ammo-lekin videolavhada g‘oyat qiziqarli va foydali tasvirlanganini tan olish kerak.

Jangovar vertolyotlar tizimi

To‘rt parrakli ulkan vertolyotlar dushmanning qiruvchi samolyotlari, bombardirovkachilari yoki aviabardori yaqinida mo‘’jizaviy tarzda yashirinib oladi. Mashinaga ortib yoki tortib kelingan transformer bir zumda tish-tirnog‘igacha qurollangan uchar apparatga aylanib dushmanga o‘t sochadi. Vertolyotning qutisi snaryad va o‘qqa to‘la.

Tizimning g‘aroyibligi shundaki, dushman qarorgohiga bunday statsionar vertolyotning qanday yaqinlashuvi jumboqdir. Havoga ko‘tarilishi bilanoq bundan qulay nishonni urib tushirish qiyin emas. Har qanday yerdagi artilleriya bunchalik murakkab yig‘iladigan qiruvchi apparatga muhtoj emas. Ammo mualliflarning rejasiga ishonsak, to‘rt parrakli jangovar vertolyot ulkan aviabardorni ham yer bilan yakson qilishga qodir.

popmech.ru asosida tayyorlandi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!