Innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlari tashkil etiladi

  •   DiMaX
  •  1414
  •  08.05.2018 20:07

Innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlari tashkil etiladi

Faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq davlat-xususiy sheriklik shartlarida Innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlari tashkil etiladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bergan.

O‘QING: Bobur Oqilxonov: «AQSh investorlari O‘zbekiston bilan jiddiy qiziqishayapti!»

Xabarga ko‘ra, markazlar o‘z faoliyatini tijorat asosida amalga oshiradi va tashkil etilgan paytdan boshlab besh yil muddatga barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.

Farmon bilan markazlarning asosiy vazifalari belgilandi. Xususan markazlar innovatsion loyihalar-startaplarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va o‘zlashtirish, innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish va tijoratlashtirishni amalga oshiradi.

Markazlarni tashkil etishda quyidagilar davlat-xususiy sheriklikning asosiy shartlari hisoblanadi:

  • markazlarni tashkil etish va ularga tegishli infratuzilmani qurish uchun zarur yer uchastkalari, bo‘sh binolar xususiy sheriklarga haq undirilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida ajratiladi;
  • markaz binolarini qurish uchun yer uchastkalarini tanlash belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
  • davlat va xususiy sheriklar tenglik asosida markazlarning ta’sischilari sifatida ishtirok etadi;
  • davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv markazlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab yigirma yil muddatgacha tuziladi;
  • markazlar faoliyatining yo‘nalishi davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv amal qilishining butun muddati davomida saqlanib qoladi;
  • markazlarning intellektual mulk ob’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga qilingan xarajatlarini qoplash Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
  • davlat sherigi iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish, jumladan, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni davlat xaridlari doirasida tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha shart-sharoitlarni yaratishga ko‘maklashish majburiyatini oladi.

Farmon bilan shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari rahbarlariga o‘zlarining tarmoq ixtisosliklarini hisobga olgan holda mablag‘lari Markazlarning tadqiqotlari va ishlanmalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan, jumladan, ularning ustav kapitaliga kirish orqali korporativ venchur fondlarni tashkil qilish tavsiya etildi.

O‘QING: Vazirlik barchani hamkorlikka chorlaydi