Innovatsion Huawei P10’ning jihatlari “fosh bo‘ldi”

Innovatsion Huawei P10’ning jihatlari “fosh bo‘ldi”

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining nufuzli anjumani MWC 2017’ga ham 2 hafta qolmoqda. Jahon Mobil Kongressiga Xitoyning Huawei kompaniyasi ham qator yangiliklari bilan birga, P10 smartfonini olib tashrif buyurishni reja qilgan.

YouTube video tarmog‘ida mazkur smartfonning 20 soniyalik ilk taqdimot roligi namoyish etildi. Huawei mazkur rolik orqali P10 mobil aloqa vositasida bosh kamera qo‘sh bo‘lishiga ishora qilmoqda. Rolikda kompaniya taqdimotning 2017 yilning 26 fevral kuni Barselonada o‘tishini ma’lum qilgan.

Rolikni tomosha qilish: 

Rolikda “Jahonning sen to‘g‘ringdagi qarashini o‘zgartir” jumlasi Huawei P10 smartfonining shiori sifatida keltirilgan. Aytish joizki, kompaniyaning avvalgi flagmani bo‘lgan Huawei P9 gadjetida “Dunyoga nisbatan o‘z qarashingni o‘zgartir” shiori qo‘llanilgan edi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Huawei P10 smartfonida selfi kamera ham qo‘sh bo‘lishi mumkin.

Yangi gadjet ko‘rinishidan avvalgi P9 flagmanini eslatib yuboradi. Yagona farq sifatida undagi barmoq izlari skanerining “Home” tugmasiga joylanganini aytish mumkin. Huawei P10 tilla rang, ko‘k, och yashil talqindagi korpuslarda ishlab chiqariladi.

Insayderlar tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Huawei P10 5,5 dyuymli, Full HD sig‘imli displeyga ega bo‘ladi. Unda kompaniyaning o‘z mahsuloti bo‘lgan Kirin 960 protsessori faoliyat ko‘rsatadi. Gadjet 4 yoki 6 GB operativ, 32, 64 va 128 GB doimiy xotira bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga, Huawei P10 Plus nomi ostida devaysning kengaytirilgan talqini ham ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Huawei P10 va P10 Plus uchun 12 MP sig‘imli bosh kameralarni an’anaga ko‘ra, Germaniyaning Leica firmasi yetkazib beradi. IP68 standartiga ega bo‘lgan har ikkala model chang va suv ta’siriga bardoshli bo‘ladi.

8 GB operativ xotira va 256 GB doimiy xotiraga ega Huawei P10 Plus aloqa vositasining 850 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilishi taxmin qilinmoqda.