Intel $1999 dollarlik Core i9 protsessorini taqdim qildi

Intel $1999 dollarlik Core i9 protsessorini taqdim qildi

30 may kuni Tayvandagi Computex anjumanida Intel kompaniyasi yangi Core X protsessorlar turkumini taqdim qildi. Bu turkumdan ayni vaqtda ishlab chiqarilayotgan Core i5 hamda Core i7 modellarining yanada kuchli talqinlari, shuningdek yangi — yanada yuqori salohiyatli Core i9 flagman protsessori o‘rin olgan.

Core X chiplari platformasi birinchi galda zamonaviy, o‘ta yuqori piksel sig‘imli va grafikaga boy o‘yinlarni o‘ynash barobarida tomoshabinlarga video oqimini uzatishni xush ko‘ruvchi geymerlarga mo‘ljallangan. Umuman bu chiplar kompyuterini kuchli va har qanday ko‘rinishdagi ma’lumotlarni tezkor qayta ishlashda imkoniyatlari keng protsessor bilan ta’minlash istagidagi foydalanuvchilarga mo‘ljallangan.

Salohiyat va narx
Murakkab funksiyalarni bajaruvchi Core i9 Extreme protsessori $1,999 dollarga baholangan. Intel ma’lum qilishicha, bu protsessor keng iste’molchilar qatlamiga mo‘ljallangan 18 yadro va 36 oqimli ilk stol kompyuteri protsessoridir. Core i9’ning eng arzoni, ya’ni 12 yadro va 24 oqimli ma’lumotni qayta ishlaydigan talqini $999 hamda 16 yadro va 32 oqimlisi $1699 dollarga baholangan.

Core X turkumining eng hamyonbop modeli — Core i5-7640X bo‘lib, $242 dollar turadi va 4 yadro va ma’lumotlarni 4 oqimda qayta ishlay oladi. 4 yadro va 8 oqimli Core i7 X-Series chipi $339, uning 10 yadroli va 20 oqimli talqini $599 dollar turadi.

Barcha yangi Core X protsessorlari Intel X299 “ona plata”siga mo‘ljallangan yangi chipsetda ishlaydi. Core X turkumidagi deyarli barcha protsessorlar Intel’ning 6-avlodi bo‘lgan Skylake platformasining yangilangan talqinidir. Shu bois ham kompaniya ularni Skylake X deb nomlagan. Faqatgina i5-7640X va i7-7740X protsessorlari Kaby Lake X arxitekturasi asosida ishlab chiqarilmoqda.

Turbo Boost Max 3.0
Intel, shuningdek Turbo Boost Max 3.0 texnologiyasini namoyish qilgan. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Turbo Boost Max 3.0 har bir yadroning samaradorligini oshiradi. Uning yordamida ko‘p oqimli rejimda Core X protsessorlari 10 foizga, bir oqimli rejimda esa 15 foizga samarali ishlaydi.