Intel 2 barobar tez, 40 % samarador 8-avlod chiplarini taqdim qildi

Intel 2 barobar tez, 40 % samarador 8-avlod chiplarini taqdim qildi

Intel kompaniyasi Intel Core protsessorlar oilasining 8-avlodini taqdim qildi. Uning ishchi nomi Coffee Lake deb nomlangan. Mazkur protsessorlar mobil gadjetlarga mo‘ljallangan bo‘lib, 2 tasi 1 da tamoyili asosida yaratilgan gibrid, yupqa va yengil noutbuklarda foydalaniladi. Intel'ning tasdiqlashicha, 8-avlod Intel Core protsessorlari (U-series) kompaniyaning eng tezkor platformalari bo‘lib, ularning ishlash samaradorligi 7-avlod chiplariga qaraganda 40 foizga yuqori.

Deyarli 2 barobar tezkor!

Yangi chiplar 4K, VR, 3D hamda boshqa turdagi video kontentni qayta ishlashga ixtisoslashgan. Platforma HD 620 grafik-tasvirlarni qayta ishlaydigan video-kartaga ega.

Innovatsion chiplarning tezkorligi masalasiga to‘xtalar ekan, Intel'ning e’tirof etishicha,  Coffee Lake chiplariga qo‘shimcha 2 ta yadro qo‘shilgani hisobiga ular Kaby Lake protsessorlariga qaraganda ma’lumotni deyarli 2 barobar tezkor qayta ishlaydi.

Yangi konfiguratsiya

Aytganimizdek. yangi avlod protsessorlaridagi samaradorlikning oshishi 4 yadroli yangi tizim, shu bilan birga quvvatni tejaydigan mikroarxitektura, ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonining maqbullashtirilishi hisobiga amalga oshirilgan.

Intel kompaniyasiga ko‘ra, 8-avlod Intel Core protsessorlari to‘liq quvvat bilan UHD 4K sig‘imli videoni 10 soat namoyish qilish salohiyatiga ega. Yana bir muhim jihati -- bu protsessorlar o‘rnatilgan gadjetlar qadoqdayoq Microsoft Mixed Reality aralash voqelik texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Qachon ishlab chiqarishga joriy qilinadi?

Intel Core i5 / i7 bazasiga o‘rnatilgan 8-avlod protsessorlari o‘rnatilgan ilk gadjetlar yaqinlashib kelayotgan sentyabrda taqdim qilinadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!