Intel asoschisi Endryu Grouv vafot etdi

Intel asoschisi Endryu Grouv vafot etdi

Intel kompaniyasi asoschisi Endryu Grouv 80 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqida protsessorlar ishlab chiqaruvchi dunyoning eng yirik kompaniyasi rasmiy saytida xabar qilindi.

Intel matbuot xizmat xabarida shunday deyiladi:

“Intel kompaniyasining bosh direktori, direktorlar kengashining sobiq raisining vafotidan chuqur qayg‘udamiz. U butun bir boshli mutaxassislar, ishlab chiqaruvchilar va biznesmenlar ruhlantira oldi, imkoni yo‘q narsani bajara oldi”.

Grouv 1990 yillarda Intel kompaniyasini krizisdan olib chiqdi. O‘shanda bozorlarga yaponiyaning arzon xotira modullari kirib kelgan, shuningdek, Pentium protsessorlari ishida xatolik kuzatilgandi.

Uning ishlab chiqqan biznes-strategiyasi iqtisodchilar uchun kompaniyani murakkab vaziyat va nochorlikdan olib chiqish bo‘yicha namunaga aylangandi.

Qisqacha ma’lumot

Endryu Stiven Grouv 1936 yil 2 sentyabrda Budapesht(Vengriya)da tavallud topgan. 1956 yil inqilobdan so‘ng AQShga ketadi, bir qancha muddat Bronksda istiqomat qilgan.

Nyu-Yorkdagi City College`ning kimyo-texnologiyalari fakultetida ta’lim oladi va bir vaqtning o‘zida ofitsiant bo‘lib ishlaydi. Bakalavr darajasini olgach, 1963 yilda Berklidagi Kaliforniya universitetida doktorlik darajasiga yetishadi. Shundan so‘ng, u Fairchild Semiconductor kompaniyasining tadqiqotlar labaratoriyasida faoliyat boshlaydi. To‘rt yil ichida kompaniyaning tadqiqotlar va dasturiy mahsulotlar bo‘yicha direktori o‘rinbosari lavozimiga ko‘tariladi.

Intel

Grouv 1968 yili Robert Noys, Gordon Mur va yana olti nafar mutaxassis (Fairchild Semiconductor`dagi hamkasblari) bilan Intel korporatsiyasiga asos soladi.

1979 yili Grouv Intel prezidenti lavozimini egalladi, 1987 yil ijrochi direktor, 1997 yili direktorlar kengashi raisi bo‘ldi. 2005 yilda esa u kompaniyani tark etadi.

Grouvning vafoti munosabati bilan Apple rahbari Tim Kuk o‘z ta’ziyasini bildirdi:

«Endi Grouv texnologik dunyoning ustunlaridan biri edi. U mamlakatimizni sevdi va o‘zining eng yaxshi tomonlari bilan Amerika namunasiga aylandi….»

Endryu Grouv bir necha mukofotlarni qo‘lga kiritgan, jumladan:

1987 yil. «Muhandislik fanlaridagi yetakchiligi uchun» medali (IEEE)
1993 yil. «Yil fuqarosi»(Kremniy vodiysidagi butunjahon forumi)
1993 yil. «Yil rahbari» (Arizona universiteti)
1996 yil. «Yilnning davlat arbobi», (Garvard universiteti biznes maktabi)
1997 yil. “Computer Entrepreneur Award” (IEEE 1997)
1997 yil. «Yilning ijrochi direktori» (CEO jurnali)
1997 yil. «Yilning texnologiya yetakchisi»(Industry Week jurnali)
1997 yil. «Yil odami» (Time jurnali)
2000 yil. IEEE ko‘krak medali