iOS va Android smartfonlarida reklamadan butkul xalos bo‘lish

  •   DiMaX
  •  7740
  •  24.03.2017 20:06

iOS va Android smartfonlarida reklamadan butkul xalos bo‘lish

Smartfon orqali internetga kirganingizda reklamalar joningizga tegishi bilan birga, ancha-muncha trafikni ham «yeb» qo‘yadi. Bundan qutulishning eng yaxshi yo‘li – saytlardagi turli bannerlarni bloklash (cheklash) funksiyasi avval-boshidanoq ko‘zda tutilgan brauzerlardan foydalanishdir. Ammo mazkur usul faqatgina Android tizimida amal qiladi-da.

iOS tizimi uchun reklamalarni cheklovchi brauzer shunchaki mavjud emas. Shu bois ham iPhone va iPad sohiblari bir necha kengaytma orasidan birortasini tanlab olib o‘rnatishlariga to‘g‘ri keladi.

Quyida smartfon va planshetlarda internetga kirganda reklamani cheklovchi eng ommabop va qulay usullarga to‘xtalib o‘tamiz.

Free Adblocker Browser

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizim: Android.
  • Rus tili: bor.

Tor doiralarda keng tarqalgan mobil brauzer. Barcha turdagi reklamalarni yashiradi, internetda ishlashda xavfsizlikni ta’minlaydi va sozlash talab etilmaydi.

Free Adblocker Browser’ni o‘rnatgach, telefoningizga endi o‘nlab keraksiz bannerlar va reklama lavhalari yuklanmaydi. Shu bois unga tushadigan og‘irlik ham ancha kamayadi, bu esa batareya quvvatini tejashga ham olib keladi.

Adblock Browser

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizim: Android.
  • Rus tili: bor.

Yuqoridagi brauzer bilan nafaqat nomi, balki ishlash prinsipi tomonidan ham o‘zaro o‘xshash. Reklama bannerlari, lavhalari, suratlari va e’lonlarining aks etishini cheklaydi; smartfonga tushadigan og‘irlikni kamaytiradi va xavfsizligingizni ta’minlashga ham hissa qo‘shadi.

Ommabop Firefox asosida yaratilganligi bois, Adblock Browser’da ishlash qulayroq va yoqimliroq ham.

Opera

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizim: Android.
  • Rus tili: bor.

Kompyuterlar uchun chiqarilgan versiyasi kabi, uyali qurilmalarga moslangan Opera’da ham boshidanoq ham reklama kontentini cheklash nazarda tutilgan. Brauzerning o‘ziga o‘rnatilgan yangiliklar tasmasi mamlakatdagi va dunyodagi so‘nggi voqealardan xabardor qilib boradi. Umuman, 100 million martadan oshiq ko‘chirib olib o‘rnatilganligi ham bu ilovaning ommabopligi bejiz emasligidan dalolat.

Adblock Plus

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizimlar: iOS, Android (Samsung uchun).
  • Rus tili: bor.

Ushbu ommabop bloklovchi iOS tizimli qurilmalar sohiblariga Safari, Samsung mobil qurilmalari egalariga esa turli Android-brauzerlar sahifalarini reklamadan tozalashga yordam beradi. Unda oq ro‘yxatlar qo‘shish imkoni tufayli, agar zarur bo‘lsa kerakli veb-sahifalarni o‘zgarishsiz qoldirish ham mumkin.

Barcha reklama ma’lumotlari oqimini ushlab qolishga Adblock Plus hozircha to‘la qodir emas, masalan, «Yandeks.Direkt»ga uning kuchi yetmaydi. Ammo iPhone egalari orasida bu cheklovchi yaxshigina nom qozongan.

Crystal

  • Litsenziya: tijorat dasturi.
  • Operatsion tizimlar: iOS, Android (Samsung uchun).
  • Rus tili: yo‘q

Soddaligi va ko‘p funksiyalarga egaligi bilan yaxshigina ommalashgan ilova. Reklama ko‘rsatilishini cheklash uchun uning sozlamalariga kirish, brauzerni tanlash va «Pravila blokirovaniya kontenta»ni bosish kerak – bo‘ldi.

Umuman olganda, Crystal’da boshqa sozlamaning o‘zi yo‘q. Unda hatto qora va oq ro‘yxatlar ham mavjud emas, ammo ilova baribir o‘ziga yuklatilgan vazifani yaxshi uddalaydi. Uni Apple yoki Samsung mobil qurilmalari uchun yuklab olish mumkin.

Adblock Fast

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizimlar: iOS, Android.
  • Rus tili: yo‘q.

Reklamadan bezganlar uchun yana bir bepul ilova, ammo uning ishlashini judayam zo‘r, deb bo‘lmaydi. Ayrim hollarda biror reklamani ushlab qolmasdan o‘tkazib yuboradi. Ba’zida esa legal kontentni, masalan, internet-do‘kondagi tovarni reklama hisoblab ko‘rsatmay qo‘yadi. Lekin ko‘p hollarda zarur funksiyalarini yaxshi bajaradi.

Mazkur ilovani iOS yoki Android tizimli devayslarga ko‘chirib olib o‘rnatishingiz mumkin.

Barcha Androidilovalardan reklamani butkul olib tashlash

Yuqoridagi usullar faqat brauzerda reklamadan qutulish uchun bo‘lsa, endi «yashil robotchali» qurilmalarga o‘rnatilgan boshqa ilovalardagi reklamalarni ham cheklash yo‘llarini ko‘rib chiqamiz. Buning uchun maxsus dasturlar bor, shulardan eng muhimlarini sanab o‘tamiz.

Adguard

  • Litsenziya: tijorat dasturi.
  • Operatsion tizim: Android.
  • Rus tili: bor.

Barcha mobil ilovalardagi reklamalarni bartaraf etuvchi to‘laqoli dasturiy ta’minot. Adguard’ni Google Play do‘konidan topa olmaysiz, uni ishlab chiquvchining saytidan olib o‘rnatish mumkin.

Aytish kerakki, dasturning bepul varianti faqatgina brauzerlarni reklamadan tozalaydi. Barcha ilovalardagi reklamalardan qutulish uchun esa Adguard’ning to‘liq versiyasini xarid qilishingizga to‘g‘ri keladi.

AdAway

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizim: Android.
  • Rus tili: bor.

Qisqacha aytganda, AdAway ilovasi hosts faylini shunday tahrirlaydiki, keyin ilovalar internetga ulana olsalar-da, reklamani yuklay olishmaydi. Anglaganingizdek, Android’ning tizim fayllariga o‘zgartirish kirita olishi uchun AdAway ilovasi root huquqini talab etadi.

Bu dasturni ishlatishning hech qiyin joyi yo‘q. Uning bosh ekranida ikkitagina tugmacha turadi. Ulardan biri reklamalarning kirishini cheklaydi, ikkinchisi esa tizim fayllarini dastlabki holatiga qaytaradi.

AdFree

  • Litsenziya: bepul.
  • Operatsion tizim: Android.
  • Rus tili: bor.

Bu ilova ham telefoningizdagi tizim fayllariga kirish uchun root huquqini talab qiladi va hosts fayliga o‘zgarish kiritadi. AdFree reklamaning barcha turlarini biryoqli qila oladi, shu turdagi boshqa dasturlarga nisbatan kam joy egallaydi va telefon resurslarini umuman sarflamaydi.

Tushunarli sabablarga ko‘ra u Google Play do‘koniga joylanmagan, ilovani faqat rasmiy saytidangina olish mumkin.

Barcha iOS-ilovalarda reklamadan butkul qutulish

iOS – yopiq chiqish kodiga ega tizim, unda tizim fayllariga kirish boshidanoq imkonsiz. Reklamalarni bloklash uchun esa aynan shu fayllarga o‘zgartirishlar kiritish lozim bo‘ladi.

Ammo bu – Apple qurilmalarida reklamadan qutulish imkoni yo‘q, degani emas. Shunchaki, bu jarayon birmuncha qiyinroq kechadi, kerakli amallar «qo‘lda» bajariladi va tavakkalga asoslanadi.

Buning asosiy sharti – jeylbreyk, ya’ni tizimga kirishning to‘liq huquqi mavjud bo‘lishi kerak. Yodda tuting: mazkur operatsiya tizimni o‘zgartirganligi sababli, keyinchalik Apple servis markazlarida bu qurilmangizga kafolat xizmati ko‘rsatishdan bosh tortishlari mumkin. Shuningdek, unda biror ish xato bajarilsa, iPhone yoki iPad ishdan chiqib, bir parcha metall va plastikdan iborat «g‘isht»ga aylanadi-qoladi. Shu bois, bu yerda ko‘rsatiladigan amallar uchun javobgarlik butunlay o‘z zimmangizda bo‘lishini eslatib o‘tamiz.

Xullasi kalom, tizim papkalariga kirishimiz uchun biror fayl menejeri, masalan – iFiles kerak bo‘ladi.

Papkaga kirish huquqini o‘zgartirish

Biror ilovada reklama ko‘rinishi uchun, birinchi navbatda u qurilmaga yuklanib va saqlanib olishi kerak bo‘ladi. Ko‘p hollarda reklama fayllari muayyan ilovaning Caches papkasiga o‘rnashib oladi. Agar shu papkaga kirishni cheklab qo‘ysak, ilova reklamani hech qayerdan ola bilmaydi va, tabiiyki, sizga ko‘rsata olmaydi. Buning uchun quyidagi amallarni bajarish lozim:

  1. Kerakli dastur papkasiga kiramiz: User → Application → «Dastur nomi».
  2. Caches papkasini topamiz.
  3. Uning uchun «Prochest» va «Vipolnit» huquqlarini o‘rnating.

Keyin mana shu ilovada reklama ko‘rinmaydigan bo‘ladi.

Dastur papkasidan suratlarni o‘chirish

Ayrim dasturlarning reklama fayllari real vaqt rejimida serverdan yuklanmaydi-da, dasturning o‘zi bilan birga ko‘chirilib, o‘rnatish jarayonida uning tegishli papkasiga joylashadi. Shu bois ularni shunchaki o‘chirib tashlash orqali ham bunday reklamadan qutulish mumkin:

  1. Mana bu manzilga kiramiz: User → Containers → Bundle → Application → «Dastur nomi».
  2. Papkadagi reklama bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha fayllarni o‘chiramiz.

iAd’ni o‘chirib tashlash

iAd bu – Apple’ning barcha mahsulotlariga reklama joylovchi servisning o‘zidir. Unga aloqador bo‘lgan papkani o‘chirib tashlash orqali biz, o‘zimiz istamagan kontentdan qutula olamiz.

Buning uchun iOS tizim papkalariga kiramiz va quyidagi fayllarni o‘chirib tashlaymiz:

  1. com.apple.iad.adlibd.
  2. iAdFramework.axbundle.
  3. iAd.framework.
  4. iAdCore.framework

Yodda tuting: jeylbreyk yordamida amalga oshiriladigan usullarning hammasi ham yuz foiz muvaffaqiyatli chiqavermaydi. Tizim papkalaridan birorta kerakli faylni adashib o‘chirib yuborsangiz esa devaysingiz butkul ishdan chiqib qolishi mumkin. Shu bois, reklamadan qutulaman deb, qurilmangizdan ayrilib qolishingiz xavfi mavjudligi hamisha esingizda bo‘lsin.

Darvoqe, kompyuterda reklamadan butkul xalos bo‘lish haqidagi maqolamizni ham o‘qidingizmi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!