iOS 11 va Android O’ning e’tirofga loyiq “shoh-funksiyalari” (3 tadan)

iOS 11 va Android O’ning e’tirofga loyiq “shoh-funksiyalari” (3 tadan)

O‘tgan oyda Apple o‘zining 11-avlod operatsion tizimini namoyish qilgan bo‘lsa, Google kompaniyasi Android'ning «O» deb nomlangan talqiniga oid rejalarini taqdim qildi. Ayni paytda har ikkala dasturiy platforma sinov jarayonida. Shunday bo‘lsa ham, dasturchilar va foydalanuvchilar bu tizimlarning yaxshi-yomon jihatlariga oid fikr-mulohazalarini bayon qilishmoqda.

Avval hammasi oson edi: agar sizga mukammal va tayyor operatsion tizim kerak bo‘lsa, iPhone yoki iPad olsangiz bo‘ldi edi. Yoki operatsion tizimda erkin tanlov va sozlamalarda imkoniyatlarga boy interfeys xohlovchilarga Android tavsiya qilinar edi. Biroq, endi bu stereotiplar o‘tmishda qoldi.    

Albatta, hozircha Apple va Google tizimlari to‘g‘risida bunday keskin xulosa qilish ham xatodir. Lekin so‘nggi talqinda ular bir-biriga o‘xshab ketadi. Android tizimida iOS foydalanuvchilari iPhone va iPad'da e’tirof etgan jihatlar –– san’atkorlik, soddalik va qulaylik sekin-asta joriy qilinmoqda. O‘z navbatida, iOS tizimi ham funksionallik hamda sozlamalardagi individuallik va erkinlikni o‘zlashtirmoqda. Quyida har ikkala platformaning diqqatga sazovor jihatlarini bayon qilamiz. 

1. Ilovadan foydalanishni mustaqil tanlash  (Android)

Android tizimi u yoki vazifani amalga oshirish uchun foydalanuvchiga biror ilovani o‘rnatish va undan foydalanish imkonini taqdim qiladi. Misol uchun, siz o‘zingiz xohlagan brauzerdan foydalanishingiz, xatni Gmail elektron pochta xizmatidan yozishingiz mumkin. iOS tizimida esa bu tanlov cheklangan. Ya’ni, modomiki internetdan foydalanmoqchi ekansiz, faqat Safari brauzeridan foydalanishga, xat yozishda Mail ilovasi orqali amalga oshirishga to‘g‘ri keladi.

2. Spotlight (iOS)

Spotlight – iOS-qurilmalar uchun fenomenal yoki xos instrument. Undan foydalanish uchun bosh ekranda barmoqni quyiga tomon yurgizsangiz bo‘ldi, so‘ng qurilmadagi o‘zingizga kerak ma’lumotni – ilova, kontakt, telefon raqami, xat, elektron pochta, musiqiy treklarni izlashingiz mumkin. Shuningdek, Spotlight Internet tarmog‘ida ham qidiruvni amalga oshirish imkonini beradi. macOS tizimidagi kabi, iOS'da ham Spotlight bazaviy matematik hisob-kitoblarni amalga oshiradi.

3. Launcherlar (Android)

Android tizimining tashqi ko‘rinishini shaxsiylashtirish istagida bo‘lganlar launcherlardan foydalanishlari mumkin. Ular yordamida ekranni blokirovka qilishni, vidjetlarni aralashtirishni, ilova ramzlarining hajmini kattalashtirishni, yangi ikonkalar qo‘yishni amalga oshirish mumkin. iOS'ning so‘nggi talqinida ham vidjetlar joriy qilindi. Biroq, ular ekranni bloklash tizimiga ulab qo‘yilgan. Shu yerda ham iOS'dagi xavfsizlik ta’minlab qo‘yligan.

4. Continuity (o‘zaro bog‘liqlik) (iOS)

Bugun smartfon yoki planshet tanlayotganda ko‘pchilik uchun texnik jihatlardan ko‘ra, batareya sig‘imi muhimroq bo‘lib qoldi. Boisi, biz tobora ko‘proq internetda aloqa qilyapmiz, ko‘proq quvvatga ehtiyoj sezmoqdamiz. Gadjetning quvvat sarflashi esa undagi mobil ekosistemaga bog‘liq. Ya’ni, devaysdagi texnik va dasturiy ta’minot vositalari o‘rtasidagi o‘zaro samarali aloqaga. Bu borada iOS tizimi nisbatan peshqadam.

Continuity, ya’ni o‘zaro bog‘liqlik funksiyasi ham Apple'ga xos. Misol uchun, iCloud xizmati allaqachon Apple ID qurilmalari uchun yagona ro‘yxatdan o‘tish bazasiga aylangan. Qolaversa, Apple foydalanuvchilari ma’lumotlarini bulutli saqlash omborxonalarida saqlab, ularni xohlagan vaqtlarida brendning boshqa qurilmalarida ham ochib foydalanishlari mumkin.

Deylik, Mac kompyuterida hujjat yaratib, uni iCloud xizmatiga yuklash va keyinroq iPhone'da ochib, foydalanish mumkin.

Yoki yangi iPhone olgan taqdirda ham, avvalgi ma’lumotlaringiz, sozlamalar va kontentni bulutli xizmatdan ko‘chirib olishingiz mumkin bo‘ladi.

5. Smart Unlock (Android)

Android tizimida planshet va smartfonlar ekranlarini ular ishonchli Bluetooth yoki NFC, shuningdek boshqa faoliyat hududlarida bo‘lgan paytda parol yordamida avtomatik ravishda bloklab qo‘yish funksiyasi ko‘pchilikka manzur bo‘lgan, diqqatni tortgan edi. 

Smart Unlock funksiyasi takomillashib, endi yangi jihatlar bilan taqdim qilingan ko‘rinadi. Bu yangi jihat sizning nazoratingidan chetda qolgan qurilmani blokirovka qilib qo‘yadi.

Aniqrog‘i, Android tizimida taqdim qilingan «Jismoniy aloqa» funksiyasi smartfondagi akselerometr datchigi yordamida smartfon qo‘lda, cho‘ntakda, sumkada yoki biror boshqa joyda qarovsiz yotgan-yotmaganini aniqlaydi.

Agar smartfonga u biror yerda egasining azoratisiz qolgani to‘g‘risida xabar borsa, smartfonda «Jismoniy aloqa» rejimi ishga tushadi va gadjet zudlik bilan o‘z-o‘zini blokirovka qiladi. Natijada, undagi ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlanadi.

Boshqa tarafdan esa, bu rejim foydalanuvchiga gadjetni cho‘ntak yoki sumkadan olishi bilan soniyalar ichida, ya’ni barmoqni skaner qilmasdan yoki parolni termasdan asosiy menyuga o‘tish imkonini beradi. Bu juda qulay-ku, shunday emasmi?

6. iMessage (iOS)

iOS'ga xos betakror jihatlardan biri — sms-xatlarni iMessage protokoli orqali yuborish imkoniyati. Bu foydalanuvchi uchun oddiy sms-xabar yuborishga o‘xshab ko‘rinishi mumkin, biroq gap shundaki, bu sms-xabarlar aloqa operatorlari emas, internet-kanallar orqali manziliga yetib boradi. Bu ham gadjetda yuqori xavfsizlik tizimini o‘rnatish uchun amalga oshirilgan.

Shunday ekan, foydalanuvchi ortiqcha messenjerlarga zarurat sezmaydi. Siz yuborgan oddiy matnli xatni qabul qiluvchi foydalanuvchi ham iPhone ishlatsa, telefon avtomatik ravishda bu xatni internet orqali yuboradi. Agar xatni jo‘natish muvaffaqiyatsiz yakun topsa, telefon ikkinchi gal xatni oddiy SMS formatida yuboradi.

iMessage barcha Apple qurilmalarida ishlaydi — smartfon, planshet, kompyuter va hattoki iPod Touch pleyerlarida ham. iOS 10 tizimida esa bu messenjer 3-tomon ilovalarini ham qo‘llab-quvvatlay boshladi. Endi iMessage – shunchaki xat va smayliklar almashsa bo‘ladigan platforma emas, u orqali Apple Pay to‘lovlarini amalga oshirish, taksi chaqirish va multimedia kontenti bilan ishlash mumkin. 

iOS 11 va Android O operatsion tizimlari rasman e’lon qilinsa, Apple va Google kompaniyalari o‘rtasidagi raqobat yanada kuchayadi. Maydondagi ilk jang esa Android-flagmani bo‘lgan yangi Pixel hamda  uzoq kutilgan iPhone 8 o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!