iPhone 7: barchasi haqida yanada batafsil

iPhone 7: barchasi haqida yanada batafsil

So‘nggi kunlarda axborot texnologiyalari olamida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri, bu – iPhone 7. Binobarin, biz ham bu mavzuga daxldor yangiliklarni tezkorlik bilan yetkazishga harakat qilyapmiz.

Apple kompaniyasi joriy yilning sentyabr oyida iPhone 6S apparati 3 kun ichida 12 mamlakatda 13 million donadan ziyod sotilgani va kompaniya telefonlari orasida eng ko‘p sotilgan qurilma sifatida rekord o‘rnatgani xususida e’lon qilgan edi. Hali foydalanuvchilar qurilmaning imkoniyati va jozibasiga to‘yib ulgurmaslaridan kompaniya iPhone 7 ustida izlanishlar olib borayotgani to‘g‘risida gap-so‘zlar ommalashib ketdi.

Tasvir uzatishda organik birikmalardan tayyorlangan nur tarqatuvchi yarim o‘tkazgichli diodlardan keng foydalanish OLED texnologiyasi deyiladi. Bu yuqori darajadagi aniq-tiniq tasvir degani. Bu gal iPhone 7 va uning bilan birga taqdim qilinishi rejalashtirilgan kichikroq hajmdagi iPhone 7C apparatlarining ekranlari shunday texnologiya asosida ishlaydi.

Unga ham iPhone 6S singari ekran yuzasini bosish kuchini o‘lchaydigan 3D o‘lchamli sensorli tizimi joriy qilinishi mumkin. Bu tizim telefonga qator funksiyalarni qo‘shish imkoniyatini beradi.

iPhone 7 ham ba’zi bir o‘zining “katta avlod”lari singari 2016 yilning sentyabr oyida taqdim qilinishi mumkin.

iPhone telefonlarining navbatdagi avlodi 7.1mm qalinlikdagi so‘nggi iPhone 6S apparatidan ham yupqaroq, aniqrog‘i 6mm.dan 6.5mm.gacha bo‘lishi kutilmoqda. Samsung Galaxy S6’ning qalinligi 6.8 mm ekanligi hisobga olinsa, bu unchalik ham shov-shuvli xabar emas.

Kundalik axborot texnologiyalarini yorituvchi DigiTimes nashriga ko‘ra, yangi telefonda 2560x1440 piksel formatiga ega QHD, hattoki 4K texnologiyasi qo‘llanilishi mumkin. Mazkur texnologiya ekranda bir vaqtning o‘zida bir nechta amalni bajarish imkonini beradi. Taniqli “eplshunos” Ming Chi Kuo Apple 2019 yilga kelibgina bu texnologiyani joriy qilish imkoniga ega bo‘lishini aytgan.

Bu o‘z navbatida apparat yirik hajmdagi ekranga ega bo‘lishini anglatadi. Yangi modellarning 4,7 va 5,5 dyuym (1 dyuym=2,54 sm) hajmga ega bo‘lishi taxmin qilingan. QHD, 4K texnologiyasi Samsung, Sony kabi kompaniyalar tomonidan allaqachon taqdim qilingan. Ammo hattoki 1080p formatiga ega bo‘lmagan iPhone 6S telefonidan qisqa fursat o‘tib Apple’ning bu texnologiyali qurilmani taqdim qilishi dargumon.

iPhone 7 osonlikcha sinmaydigan pishiq, bo‘rtma ekranga bo‘lishi mumkin. Manbaalarda uning orqa tomon korpusi metalldan ishlanishi aytilmoqda. Smartfonning yangi avlodi atrofidagi gap-so‘zlardan uning Samsung Galaxy S6’ga o‘xshab ketishi sezilmoqda.

iPhone 6S apparatida 12 megapikselli (iPhone’ning oldingi avlodida 8 MP) orqa va 5 megapikselli old kameralarning o‘rnatilgani kompaniya suratga olish texnologiyasi ustida jiddiy bosh qotirishini anglatadi. Yangi qurilmada ham shunday innovatsion funksiyalarning bo‘lishiga umid qilish mumkin.

Shuningdek, 4 dyuymli, A8 protsessori, metall korpusga, Touch ID shaxsni tasdiqlash tizimiga ega iPhone 7 Mini iPhone 7 modelidagi smartfonlarning eng arzoni bo‘lishi mumkin.

Kompaniyaning dizaynerlaridan biri Jermeyn Smit tomonidan e’lon qilingan videoyozuvda yangi qurilmaning iPhone 4 apparatiga o‘xshab ketishi tasvirlangan. Qurilma shaxsni tasdiqdan o‘tkazuvchi Touch ID tizimiga ega. Ekran hajmi kattaroq bo‘lishi uchun asosiy sahifaga qaytish tugmasi odatdagidan pastroqda joylashtirilgan. Korpusning ostki qismida ikki dinamik ovoz kuchaytirgich o‘rnatilgan.

Tasvirda telefon apparatining simsiz quvvatlantirish tizimi, 4.7 dyuym, Full HD formatidagi Super AMOLED ekran, 16-megapikselli kamera, 2 GB operativ xotira bilan ta’minlangani ko‘rsatilgan. Shuningdek, apparatda Usb c-type – simsiz tez quvvatlanish imkoniga ega texnologiya tatbiq qilingan.

iPhone 7’ning narxi to‘g‘risida aniq bir dalil bo‘lmasa ham, imkoniyatlari nisbatan o‘xshash bo‘lgan iPhone 6S bilan deyarli bir xil, taxminan  650 AQSh dollaridan sotilishi mumkin.

Bular hozircha taxmin va o‘z tasdig‘ini topmagan xabarlar. Ushbu qurilma to‘g‘risidagi gap-so‘zlarga kompaniya tomonidan oydinlik kiritilishi bilan sizlarni bu haqda yana xabardor qilamiz.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!