iPhone 7 bilan birga simsiz quloqchinlar ham taqdim qilinishi mumkin

iPhone 7 bilan birga simsiz quloqchinlar ham taqdim qilinishi mumkin

Shu kunlarda Apple kompaniyasining Beats brendiga xos, bolg‘acha shaklidagi tiqin-naushniklarini takomillashtirayotgani to‘g‘risida xabarlar quloqqa chalinyapti.

AirPods deb nom berilishi rejalashtirilgan bu moslamani savdo belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza 2015 yilning sentyabr oyida berilgan. Ariza bergan kompaniya nomi hozircha sir saqlanmoqda.

2007 yilda asos solingan, Apple mahsulotlariga oid tafsilot va taqrizlar chop etishga ixtisoslashgan 9to5Mac saytining ma’lum qilishicha, yangi mahsulot to‘la simsiz dizaynga asoslangan va zaryadlash portlaridan holi bo‘ladi.

Bluetooth texnologiyasi asosida ishlaydigan, mitti va ixcham simsiz quloqchinlar ishlab chiqarish loyihasi Beats brendi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Apple 2014 yilning yoz oyida ushbu yirik, audio moslamalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Beats Electronics kompaniyasini 3 milliard AQSh dollariga sotib olgan edi.

Naushnikda shovqinga qarshi texnologiya tatbiq qilinadi, shuningdek undagi mikrofon yordamida qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish, Siri ovozli yordamchi tizimidan foydalanish mumkin. Kompaniya naushnikni turli o‘lchamdagi quloq shakllariga moslab, har xil kattalikda ishlab chiqaradi. Qurilma bahosi hozircha noma’lum.

Kickstarter'нинг 5 граммли Earin симсиз қулоқчинининг нархи $303,720 га баҳоланган.

Kickstarter’ning 5 grammli Earin simsiz quloqchinining narxi $303,720 ga baholangan.

AirPods ovoz moslamasining yana bir o‘ziga xos xususiyati – uni quvvatlash uchun konnektorga hojat qolmaydi, ya’ni naushniklarning idishi bir vaqtning o‘zida uning zaryadlash idishi ham hisoblanadi. Qurilmani unga tashlab qo‘yilsa, ular simsiz quvvatalanadi. Mazkur quvvatlash idishidan ayfon apparatini zaryadlashda ham foydalanish mumkin.

Apple’ning mazkur eshitish moslamasida o‘ng va chap quloqchinning har biriga alohida batareya va simsiz chip o‘rnatiladi. 9to5Mac’ning yozishicha, undan to‘rt soat mobaynida tanaffussiz foydalanish mumkin.

Nashrning tarqatgan ma’lumotlariga qaraganda, AirPods alohida mahsulot sifatida sotiladi va  iPhone 7 qurilmasining bir qismi emas. Shuningdek, kompaniya zaryadlash konnektorida ulashga moslashgan EarPods simli naushniklarni ham takomillashtirmoqda. Ushbu quloqchin ixcham va suvga chidamli bo‘ladi. iPhone 7 apparatida faqatgina mazkur turdagi konnektor porti mavjud bo‘ladi.

Aytish joizki, AirPods axborot texnologiyalari bozoridagi ilk simsiz naushnik emas. Misol uchun, 2014 yilda Motorola kompaniyasi 130 AQSh dollari bahosida Hint quloqchinlarini ishlab chiqarishni boshlagan edi. Shuningdek, ularni ham zaryadlash qutisi yordamida quvvatlantirish imkoni mavjud bo‘lgan.

Bluetooth texnologiyasiga asoslangan quloqchinlar LG, Samsung va Plantronics kompaniyalari tomonidan ham ishlab chiqariladi.

Mutaxassislar o‘ziga xosliklari jihatidan Apple’ning yangi avlod quloqchinlari ommalashib ketishini taxmin qilishmoqda. Mazkur qurilmani 2016 yilning bahorida iPhone 7 bilan birgalikda namoyish etish rejalashtirilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!