iPhone 7: Mish-mishlarga nuqta qo‘yish fursati ma’lum bo‘ldi

iPhone 7: Mish-mishlarga nuqta qo‘yish fursati ma’lum bo‘ldi

Apple kompaniyasi navbatdagi iPhone avlodini taqdim etish arafasida turibdi. An’anaga ko‘ra, sentyabrda o‘tadigan anjumaning 7 sentyabr kuni bo‘lib o‘tishi haqida nufuzli Bloomberg nashri ma’lum qilgan. Ha, aynan shu kun iPhone 7 va iPhone 7 Plus haqidagi mish-mishlarga nuqta qo‘yiladi. Kompaniya 7 raqami bilan chiqishib qolgan ko‘rinadi.

Taniqli ayfonshunos Evan Blass (Evan Blass) ma’lum qilgan yangilikka ko‘ra, yangi ayfon uchun buyurtmalar 9 sentyabrdan boshlab olinadi va 16 sentyabrdan boshlab yetkazib berila boshlaydi.

GSMArena’da yozilishicha, avval xabar berilgani kabi, taqdimotda iPhone 7 Pro nomli gadjet namoyish etilmaydi. Apple 4.7 dyuymli iPhone 7 va uning 5.5 dyuymli, bosh kamerasi 2 ta bo‘lgan Plus talqinini namoyish qiladi.

Bloomberg’da yozilishicha, qo‘sh kamera, takomillashgan “Home” bosh tugmasi, audio quloqchin uchun portning yo‘qligi yangi ayfonlarning muhim jihatlari bo‘ladi.

iphone7

iPhone 7’ning 2 ob’yektivli qo‘sh kamerasi qanday ishlashi haqida quyida ma’lumot beramiz. Misol uchun, LG G5’da kameralarning biri keng va boshqasi odatdagi burchak ostida suratga oladi. Huawei P9’da esa kameralardan biri rangli, boshqasi oq-qora rangda suratga oladi va keyin olingan 2 tasvir yaxlitlashadi.
Yangi smartfonlarda sensor texnologiyasiga ega «Home» tugmasi tatbiq etilib, unga o‘rnatilgan Force Touch texnologiyasi virtual tugmaga barmoq izlari zarbining darajasiga ko‘ra ishlash imkonini beradi.

Ishlab chiqaruvchi foydalanuvchilarga musiqa va audio fayllarni simsiz Bluetooth-naushniklari yoki Lightning porti orqali tinglash imkoniyatini taklif qilish mumkin.

Boshqa gap-so‘zlarga qaraganda, iPhone 7 va iPhone 7 Plus suv va chang ta’siriga bardoshli korpusga ega bo‘ladi. Moddiy tugmachalardan voz kechilayotgani esa buning ayni muddao.

Protsessor
iPhone 7’da hali yangi bo‘lgan Apple A10 protsessori joriy etiladi. U FinFET-tranzistorlari va InFO (Integrated Fan-Out) texnologiyasiga ega sovutish tizimi bilan ta’minlangan bo‘ladi. Natijada, platforma samaradorligi 20% ga oshadi.

Xotira
Operativ xotira ayfon 7’da 2 GB, iPhone 7 Plus’da 3 GB bo‘ladi. Bu esa smartfonga yanada yuqori darajada faoliyat ko‘rsatishiga yordam beradi. Apple qurilmalaridagi apparat va dasturiy ta’minot mahsulotlarining o‘zaro muvofqiligi bois, ularda faoliyat bilan bog‘liq samaradorlik doimo yuqori bo‘lgan.

Ekran
iPhone 7 Plus 5,5 dyuymli iPhone 6s’nikidek, Retina HD ekranga bo‘ladi. iPhone 7 ekranining diagonali 4,7 dyuymli bo‘ladi. Har ikkala smartfon ekrani 3D Touch – barmoq zarbiga ko‘ra ishlash texnologiyasiga ega bo‘ladi. Ekran 2,5D turidagi himoya va bezak shishasi bilan qoplanadi.

Kamera
iPhone 7 an’anaviy 1 ob’yektivli kameraga ega bo‘ladi. 12 MP sig‘imli kamera olgan suratlar bir vaqtlar eng sifatli deya tan olingan edi. iPhone 7 Plus esa qo‘sh bosh kameraga ega bo‘ladi. Ikki matritsa va 2 ob’yektiv yagona tizimga biriktirilgan. Ekspertlarning aytishicha, kuchli fokuslash tizimiga ega kameralarda olingan suratlar sifati professional kameralarnikidan qolishmaydi.

12 megapikselli matritsa ustidagi ob’yektiv suratni optik barqarorlashtirish tizimiga ega bo‘ladi. Boshqa kamera esa kuchli optik yaqinlashtirish ob’yektiviga ega. Bu esa olingan suratning detallarga boy bo‘lishini ta’minlaydi. Old kamera 5 MP, f/2.2 diafragmaga ega.

Portlar
Apple kompaniyasi iPhone 7’da 3,5 mm audio portni olib tashlashi haqidagi xabar barchada norozilik uyg‘otdi. Kompaniya korpusni yanada yupqalashtirish uchun shu qarorga kelgan. Qolaversa, bu orqali akkumulyatorga ham yaxshigina joy ajratiladi. Naushniklarni Lightning-porti orqali smartfonga ulashning qulayliklar ko‘p. Misol uchun, buning evaziga shovqinni kamaytirish funksiyasi tatbiq qilingan.

Shuningdek, Apple yangi iPhone qutilarida simsiz Bluetooth-naushniklarni ham taqdim etsa ajab emas. iPhone 7 Plus universal Smart Connector portiga ega bo‘lishi haqida mish-mishlar bor. Uning yordamida esa smartfonni magnitli quvvatlash mumkin bo‘lgan dok-stansiyaga, «aqlli» klaviatura va kompyuter bilan ulash mumkin.

iPhone 7 Pro

O‘lcham va dizayn
iPhone 7’ning bazaviy talqini quyidagi o‘lchamda bo‘ladi: 138,30×67,12×7,1 mm.
iPhone 7 Plus – 158,22×77,94×7,3 mm. iPhone 6s va 6s Plus’ning o‘lchami ham xuddi shunday. Qurilma dizayni ham “ajdodi”nikidan farq qilmaydi. Faqat kamera atrofida metall halqa yo‘q.
Dizayn va korpusga xos muhim yangilik shuki, u IP68 sertifikatiga ega bo‘ladi, ya’ni korpus suvni o‘tkazmaydi.

Akkumulyator
Akkumulyator sig‘imi iPhone 7’da 3100 mA soat, ya’ni avvalgi ayfonnikidan 12,5% ga ko‘proq.

Narx-navo
Ekspertlar taxminicha, iPhone 7’ning 16 GB xotiraga ega talqini $510, 128 GB talqini $780 dollardan sotuvga chiqariladi. Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ayfon – iPhone 6s (16 GB) 700 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilgan edi. So‘nggi yillarda raqobatning kuchayishi va arzon smartfonlarning kuchli imkoniyatlar bilan kirib kelishi bozordagi gigant kompaniyalarni ham mahsulotlariga arzon narx qo‘yishga majbur qilmoqda.

Xulosa
Bu hozircha navbatdagi ilg‘or ayfonning muhim jihatlariga oid bizning eshitganlarimiz. Bularning barchasiga 7 sentyabr kuni yana oydinlik kiritamiz. Ungacha esa yangiliklardan sizni boxabar qilib boramiz.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!