iPhone 7’ning 7 ta kuchli, nisbatan arzon raqiblari

iPhone 7’ning 7 ta kuchli, nisbatan arzon raqiblari

Apple kompaniyasining so‘nggi iPhone qurilmalari — iPhone 7 va 7 Plus smartfon bozoriga 16 sentyabrdan sotuvga chiqariladi. Taqdimotda ma’lum qilinishicha, iPhone 7’ning oddiy talqini 649 AQSh dollaridan sotiladi. iPhone 7 Plus esa sotuvga $769 dollardan chiqariladi. Mazkur telefon apparatlari yaqin kunlarda yurtimiz smartfon bozorida ham savdoga chiqariladi.

Operatsion tizim:  iOS 10.

Protsessor: A10 Fusion.

Displey:   HD sig‘imli, Retina ekran.

Kamera: 12 MP va , old kamera 7 MP va optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega.

Narx-navo: 649 AQSh dollaridan.

Apple iPhone 7 va iPhone 7 Plus korpusi IP67 standarti bo‘yicha suv va changdan himoyalangan. Unda microSD-kartasi uchun joy ajratilmagan.
Fursatdan foydalanib, Terabayt o‘quvchilariga ayni kunda smartfon bozorida yangi ayfonlar bilan raqobat qila oladigan, binobarin undan nisbatan arzon smartfonlar to‘g‘risida ma’lumot berishga qaror qildik.

07

Samsung Galaxy S7
“7” raqami ostidagi ayfonga boshqa bir “yetti”lik flagman jiddiy raqib bo‘lishga da’vo qiladi. Samsung’ning “bayroqdori” ilg‘or platforma, dizayn va kuchli kameraga ega.
Smartfon Android 6.0 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. U 8 yadroli Samsung Exynos protsessori, 4 GB tezkor xotira hamda 32 GB doimiy ichki xotira bilan ta’minlangan. Unda 200 GB.gacha qo‘shimcha xotira kartasini o‘qiydigan microSD bo‘lmachasi mavjud.
Diagonali 5.1 dyuym bo‘lgan ekran Super AMOLED platformasida ishlaydi. Samsung Galaxy S7 ekranining sig‘imi QHD (1440×2560 piksel). Smartfonda ekran yorug‘ligini avtomatik boshqarish tizimi, Always On funksiyasi, turli rejimlar, Corning Gorilla Glass 4 himoya shishasi tatbiq etilgan.
Uning 12 Mp raqamli fotokamerasida Dual Pixel matritsasidan foydalanilgan bo‘lib, har bir linza yirik miqdordagi ma’lumotni to‘playdi. Kamera fazali avtofokuslash, optik barqarorlashtirish tizimlariga ega. Yorug‘lik past sharoitda ham unda sifatli surat olish mumkin. Hozircha iPhone 7’ning bu boradagi iste’dodi noma’lum. Galaxy S7 bosh kamerasida 3840×2160 pikselli videoroliklar yozish mumkin.
Flagman old kamerasining sig‘imi — 5 Mpiks. Ham old, ham bosh kameralar fotochaqnoq bilan ta’minlangan.
Samsung Galaxy S7 batareyasining sig‘imi 3000 mA soat. Smartfon Adaptive Fast Charging tezkor quvvatlash tizimiga ega. Korpus chang va suv ta’siridan himoyalangan.
Sentyabr holatida Samsung Galaxy S7 yurtimizda 3,450,000 so‘mdan sotilmoqda.

LG G5 SE

Modulli qismlarga, ya’ni qo‘shimcha gadjetlarga ega, bosh kamerasi 2 ta bo‘lgan LG G5 SE smartfonining imkoniyatlari iPhone 7 mobil aloqa vositasinikidan kam emas. LG G5 SE qanchalar salobatli bo‘lsa, iPhone 7 shu qadar kelishgan va ixcham. Koreyalik smartfonning bosh kamerasi qo‘sh bo‘lib, keng burchak ostida suratga oladi. Apple esa faqatgina iPhone 7 Plus’ni shunday ko‘nikma bilan siylagan. Shuningdek, iPhone 7’ning akkumulyatori ajralmas bo‘lsa, LG G5 SE mustaqil olinadigan akkumulyatorga ega.
LG G5 SE Android 6.0 operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi. Unda 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 652 protsessoridan foydalanilgan. Smartfon tezkor xotirasining sig‘imi 3 GB. Doimiy ichki xotira sig‘imi esa 32 GB. Shuningdek, LG G5 SE microSD qo‘shimcha xotirani ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Flagman 5,3 dyuymli, Quad HD (1440 x 2560 piksel) sig‘imiga ega, IPS Quantum platformasida ishlaydigan, multitach sensorli displey bilan ta’minlangan.
Cmartfon metall korpusli bo‘lib, uning orqa qismida barmoq izlari skaneri mavjud.
Unda 2 ta bosh kamera tatbiq etilgan. Ulardan biri 16 megapikselli bo‘lib, bu kamerada manzarani 8 karra yaqinlashtirish mumkin. Bosh kameradagi ikkinchi kamera moduli esa 8 MP. Bosh kamerada 3840×2160 pikselli videoroliklar yozish mumkin. Unda lazerli avtofokus tizimi joriy qilingan.
Old kameraning piksel sig‘imi 8 Mpiks.
LG G5 SE ajraladigan 2800 mA soat elektr toki sig‘imli akkumulyatorga ega. Unda Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlash tizimi mavjud.
Qurilmaning erkin sotuvdagi narxi 600 AQSh dollari. Sentyabr holatida LG G5 yurtimizda 3,200,000 so‘mdan sotilmoqda.

Huawei P9

Ikkita bosh kamerali metall flagman. U qo‘sh kamerali trendni boshlab bergan ilk gadjet. Uning kamerasi afsonaviy, eng yaxshi kamera ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan nemis brendi – Leica tomonidan ishlab chiqarilgan. Bu kamera tunda suratga olish bo‘yicha o‘tkazilgan testlarda Samsung Galaxy S7, iPhone 6s kabi flagmanlarni ham changda qoldirga. Uning faoliyat samaradorligi ham chakki emas. Dizayn masalasida esa bezak-sayqal metallning ishqibozlari hamma yerda topiladi. P9 gadjetining silliq metall korpusi 2.5D turidagi ekran shishasi bilan uyg‘unlashtirilgan.

Huawei P9 Android 6.0 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Huawei kompaniyasi uni 64 bit, 8 yadroli Kirin 955 protsessori bilan ta’minlagan. Huawei P9 smartfonining EVA-L09 talqini 3 GB tezkor va 32 GB doimiy ichki xotiraga ega. EVA-L19 talqini esa 2 ta sim kartani o‘qiydi.

Huawei P9 gadjetida FullHD, ya’ni 1920×1080 piksel sig‘imli 5.2 dyuym ekran mavjud. U yaponlar tomonidan ishlab chiqarilgan IPS matritsasida ishlaydi.
2 ta bosh kameraning har biri 12 MP sig‘imli surat oladi. Birinchi kamera ob’yektni rangli olsa, ikkinchisi oq-qora tasvirda tushiradi. Shundan so‘ng ikkala kamera olgan surat yaxlit holatga keladi. Bu esa ularga rangni eng yuqori darajada aks ettirishiga xizmat qiladi. Bosh kamerada lazerli avtofokus tizimi ham o‘rnatilgan. Old kamera sig‘imi 8 MP.
Huawei P9 akkumulyatorining elektr toki sig‘imi 3000 mA soat.

Huawei P9 O‘zbekiston smartfon bozorida o‘rtacha $500 dollardan sotilmoqda.

Honor-8

Honor 8

Huawei’ning yana bir kuchli smartfoni — Honor 8 Android 6.0 operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi. Shisha va metall uyg‘unligidagi korpus, qo‘sh ob’yektivli kamerasi tufayli Honor 8’ni “o‘rta darajali” smartfonlar qatoriga kiritish xato. Smartfon orqa panelidan barmoq izlari skaneri, ikki xil tus beruvchi fotochaqnoq va zamonaviy qo‘sh kameralar o‘rin olgan.
Smartfonga 8 yadroli, 2,3 GGs chastota tezligida ishlaydigan HiSilicon Kirin 950 protsessori o‘rnatilgan. Uning operativ xotirasining sig‘imi 4 GB. Doimiy ichki xotira esa 32 GB ma’lumotni sig‘dira oladi.
Honor 8’ning 5,2 dyuymli, 1080×1920 pikselli, ya’ni FullHD displeyi LTPS platformasida ishlaydi. Multitach sensor ekranda tashqi yorug‘likka ko‘ra faoliyat ko‘rsatish funksiyasi mavjud.
Flagman 12 MP sig‘imli 2 ta bosh kameralarga ega. Ulardan biri RGB – yuqori rangli diapazonida ishlasa, boshqasi oq va qora rangli suratlar olishga mo‘ljallangan. Bosh kamerada 1920×1080 sig‘imli videorolik yozish mumkin. U avtofokus, raqamli zum tizimlari bilan ta’minlangan.
Honor 8 smartfoni 8 megapikselli old kameraga ega.
Honor 8’ning quvvat ta’minoti 3 000 mA·soat elektr toki sig‘imiga ega akkumulyatorga bog‘liq. Quvvat toshi tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega.
Huawei Honor 8 uchun kompaniya 300 dan 375 AQSh dollarigacha bo‘lgan narx belgilagan.

Sony Xperia X

Sony har doim o‘zining ixtisosligidan kelib chiqib, kamerafon yaratishga intilib kelgan. Va, Xperia X ham mana shu jihatdan mustasno emas. Yupqa va jozibador «plitka» nafis va yassi burchaklarga ega. Smartfon hayratlanarli darajadagi 23 MP bosh hamda 13 megapikselli old kamera bilan ta’min etilgan. Platforma samaradorligi ham yomon emas. Birgina aybi sifatida korpusning suvdan himoyalanmaganini aytish mumkin.
Sony Xperia X gadjeti Android 6.0. operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Unda 6 yadroli Qualcomm Snapdragon 650 protsessoridan foydalanilgan. Gadjetning tezkor xotirasining sig‘imi 3 Gbayt, doimiy ichki xotira esa 16/32 Gbayt. Shuningdek, microSD bo‘lmachasi orqali xotirani 256 GB.gacha kengaytirish mumkin.
Sony Xperia X smartfonining ekran diagonali 5 dyuym bo‘lib, 1080×1920 pikselli, ya’ni FullHD displeyli. Displey IPS LCD texnologiyasi platformasida ishlaydi. Sensor multitach sig‘imli ekranga tashqi yorug‘lik darajasi bo‘yicha o‘z-o‘zini yoritadigan funksiyasi o‘rnatilgan. Displey Triluminos va X-Reality texnologiyalariga ega.
Sony Xperia X’dagi 23 MP sig‘imli bosh kamera fazaviy avtofokus, LED fotochaqnoq, surat sifatini tekshirish tizimi, suratga olish chog‘ida fokuslash tizimi, yuzni aniqlash va 8 karragacha yaqinlashtirish (raqamli zum) funksiyasi bilan ta’minlangan. Unda
sekundiga 30 kadr oluvchi 1080p sig‘imli videorolik olish mumkin. Old kamera sig‘imi 13 MP.
Smartfonning elektr sig‘imi 2620 mA soat bo‘lgan hamda korpusdan ajralmaydigan akkumulyatorini to‘la quvvatlab, 840 daqiqa muloqot qilish mumkin.
Sony Xperia X xalqaro bozorga 540 AQSh dollaridan baholanmoqda. Uning ixchamroq — 4.6 dyuymli Sony Xperia X Compact talqini 11 sentyabrdan boshlab xalqaro bozorga 500 AQSh dollaridan sotuvga chiqarildi.

5

Xiaomi Mi5

Kuchli jihatlarga ega, biroq narxi insof doirasidagi smartfon deganda xitoylik flagmanlar ko‘z oldimizga keladi. Agar umumiy jihatlariga ko‘ra solishtirib ko‘rilsa, kuchli Mi5 “Olma”ning “kuzgi hosili” bo‘lmish iPhone 7 bilan raqobatga kirisha oladi: Xiaomi uni texnologiya sanoatining eng kuchli protsessorlaridan bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 820, 4 GB.gacha operativ xotira, yorqin ekran va barmoq izlari skaneri joy olgan serhasham korpus bilan “siylagan”. Qolvasersa, “Xitoycha Apple” deb nom olgan kompaniya flagmani iPhone 7’dan 2 barobar arzon!
Uning shisha uyg‘unligidagi orqa metall paneli nafis qayrilma hoshiyalarga, shakldor bo‘rtiqlarga ega. Mi5 gadjeti ham Android 6.0 operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi. Uning standart talqinida 4 yadroli Qualcomm Snapdragon 820 protsessori joriy qilingan. Flagmanning operativ xotirasi 3 GB.ni tashkil qiladi. Uning doimiy ichki xotirasi 32 GB.
Unda qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi bo‘lmasa ham, smartfon 2 ta sim kartani qo‘llab-quvvatlaydi.
Xiaomi Mi5 flagmani 5,15 dyuymli IPS-matritsa faoliyat ko‘rsatuvchi, sig‘imi 1980 x 1080 piksel (har dyuymda 428 ta belgi)ga teng Full HD namoyishli ekran bilan ta’minlangan. Ekran bir vaqtning o‘zida 10 tagacha chertish ta’sirini seza oladi. Ekran Gorilla Glass 4 himoya shishasi qoplamasiga ega. Multitach texnologiyasiga ega ekranda tashqi yorug‘likka ko‘ra yorug‘likni sozlash funksiyasi tatbiq etilgan.
Xiaomi Mi5 flagmani Sony IXM298’ning 16 megapikselli sensori o‘rnatilgan. U optik pribori f/2.0 diafragmali, 6 linzali ob’yektivdan iborat. Kamerada fazali avtofokus, optik barqarorlashtirish funksiyasi, 2 tusli svetodiod fotochaqnoq mavjud.
Shuningdek, DTI – piksellarni ajratish texnologiyasi dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, u piksel rangining qorishib ketishini bartaraf qiladi.
Old kamera 4 MP sig‘imli. Sensorning yorug‘lik qamrovi keng bo‘lgani uchun unda piksel hajmi 2 mikrongacha kattalashadi. Old kamera ob’yektivi f/2.0 aperturasi va 80 gradusli burchakka ega.
Mi5 flagmani 3000 mA soat quvvat sig‘imiga ega bo‘lgan ajralmas akkumulyator bilan ta’minlangan. QuickCharge 3.0 tezkor quvvatlash funksiyasiga ega.
Xiaomi Mi5 xalqaro bozorda 320-545 AQSh dollaridan sotilmoqda. Ya’ni, raqiblaridan ancha-muncha arzon narxda.

Onplus 3

OnePlus 3

Smartfon bozoridagi eng sermahsul faoliyat ko‘rsatadigan smartfon – OnePlus 3 gadjeti kuchli Qualcomm Snapdragon 820 protsessori hamda 6 GB tezkor xotiraga ega. Bu jihatdan u hattoki iPhone 7’ni ham ortda qoldiradi. Yorqin ekran, sifatli kameralar (16 va 8 Mp), tezkor quvvat oladigan mustahkam akkumulyator bilan u foydalanuvchilar diqqatini Apple’ning so‘nggi mahsulotidan chalg‘itishi mumkin!
Smartfon Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimining moslashtirilgan Oxygen OS operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi.
OnePlus 3 ichki platformasi 2016 yilning flagmanlari standartiga xos ravishda Qualcomm Snapdragon 820 protsessori nazoratida bo‘ladi. Tezkorlikning sababi nima? Gap shundaki, bu protsessorning tezkor xotirasi standart darajasida 3 GB yoki 4 GB emas, u butun boshli 6 «giga» tezkor xotira bilan ta’min etilgan!
Shuningdek, smartfondagi 64 GB doimiy ichki xotira ham tezkorlikka hissasini qo‘shadi. Shu sabadan dasturlarni o‘rnatish va ishga tushirish boshqa flagman smartfonlarga nisbatan tez amalga oshadi.
OnePlus Three «bayroqdori»ning ekran diagonali 5,5 dyuymli, ya’ni juda yirik ham, kichik ham emas. Uning sig‘imi esa Full HD.
Rang-tasvirning sifatli uzatilishida AMOLED-matritsaning xizmat yuqori.Boshqa tomondan esa, u IPS-panel ekranga qaraganda kamroq quvvat yeydi.
OnePlus 3’da Sony’ning f/2.0 diafragmali yorug‘lik tuynugiga ega PDAF sensoridan foydalanilgan.
OnePlus 3 eng zo‘r flagmanlar darajasida surat olishga qodir. Uning 16 megapikselli bosh kamerasi kunduzgi sharoitda 2016 yilning eng yaxshi Android-smartfonlari bilan bir xil suratga oladi. Bosh kamera OnePlus 2 kabi 4K Ultra HD sig‘imli video suratga olish mumkin.
Old kamera sig‘imi 8 MP.
OnePlus 3 akkumulyatorining elektr toki sig‘imi 3000 mA soat. U 30 daqiqada akkumulyatorini 63 foizga to‘ldira oladi.
OnePlus 3 xalqaro bozorda 399 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!