iPhone 7 tezkorlikda Nokia 3310’ga mag‘lub bo‘ldi

iPhone 7 tezkorlikda Nokia 3310’ga mag‘lub bo‘ldi

Afsonaviy “kirpich” deya nom olgan Nokia 3310 tezkor faoliyatga kirishish bo‘yicha o‘tkazilgan imtihonda zamonaviy iPhone 7 smartfonidan ustun keldi. Fin telefoni Apple flagmanini changda qoldirdi.

Nokia 3310 telefoni 2000 yilning sentyabr oyida e’lon qilingan. 2005 yilda Macdigger tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga qaraganda, ushbu modeldan dunyo bo‘ylab jami 126 mln dona sotilgan.

17 yil avval savdoga chiqarilgan Nokia 3310 chindan ham chidamli telefon sifatida ko‘pchilikning hurmatini qozongan. Mana, ko‘pni ko‘rgan apparat hattoki bugunning peshqadami bo‘lgan iPhone 7 bilan ham tezkorlikda kuch sinashadi.

Ishga tushish bo‘yicha tezlikda Nokia 3310 “Olma” mahsulotini dog‘da qoldirdi. Nokia 3310’ning “yoqib-o‘chirish” tugmasi bosilgach, telefon apparati 7 sekund ichida foydalanishga tayyor bo‘ldi. “Aqlli telefon” sanoatining samarador Apple A10 protsessori bilan ta’minlangan iPhone 7’ga buning uchun 4 barobar ko‘proq vaqt kerak bo‘ldi.

Agar foydalanuvchi kimgadir shoshilinch telefon qilishi kerak bo‘lib qolsa, bu vaziyatda unga Nokia 3310 yordam beradi. Chunki undan ortiqcha amallarsiz, moddiy raqam tugmalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosish bilan aloqani amalga oshirish mumkin. iPhone 7 esa buning uchun ba’zi bir amallarni, jumladan telefonni blokirovkadan chiqarish, “Telefon” ilovasini topish kabi vazifalarni talab qiladi.

To‘g‘ri, iPhone 7 dastur va ilovalarga boy. Ammo, telefon deganda bizning ko‘z o‘ngimizga birinchi bo‘lib uning aloqa o‘rnatish vazifasi kelishini hisobga olsak, Nokia 3310’ning chindan ham g‘olib ekanini tan olmasdan ilojimiz yo‘q.

Quyidagi videoda bunga siz ham guvoh bo‘ling.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.