iPhone 9: yilning superxit ayfoni arzon va o‘zgarishlarga boy bo‘ladi

iPhone 9: yilning superxit ayfoni arzon va o‘zgarishlarga boy bo‘ladi

Qishning qoq o‘rtasida ma’lum bo‘lgan xabarlarga ko‘ra, iPhone X ishonchni oqlamagan bo‘lsa ham, Apple bundan tashvishga tushgani yo‘q va tavakkal qilishda davom etadi.

Kupertinolik kompaniya shu kunlarda 1000 dollarlik smartfon ishlab chiqarishni 2 martaga kamaytirib, yangi modellarni ishlab chiqarishga kirishib ketgan.

2017 yilning 4-choragida eng ommabop smartfon deb topilgan iPhone X aslida Apple kompaniyasining nimalarga qodirligini ko‘rsatish uchun kerak edi. Amerikaliklar mobil innovatsiyada hali ham ular yetakchi ekanliklarini isbotlashga urinishdi. Vazifa uddalandi va endi olg‘a borish kerak.

iPhone X tajrbiasidan olingan xulosa shuki, ayni paytda odamlar qimmatbaho flagmanlarga muhtoj emaslar.

Xiaomi ishlatish mumkin bo‘lgan smartfonlarni 250-300 dollar, Huawei 300-350 dollar, Samsung esa 400-450 dollardan sotadi. Ya’ni, subflagmanlar bozori chaqqonlashib ketdi.

Shuni hisobga olib, 2018 yilda Apple ikkinchi avlod "SE" smartfonlarini aniq taqdim qiladi. Shu bilan birga, 6,1 dyuymli «hamyonbop» iPhone ham taqdim qilinadi. Xalqona va romsiz, katta ekranli iPhone kompaniyaga muvaffaqiyat keltiradi. Buning uchun quyidagi 5 ta ish amalga oshiriladi.

1. Apple bu modelda 3D Touch va simsiz quvvatlash texnologiyasidan voz kechadi. Bu jihatlarsiz ham telefondan samarali foydalanish mumkin.

2. Romsiz 6,1 dyuymli ekran OLED emas, LCD bo‘ladi. Bunga ham chidasa bo‘ladi. 6,1 dyuymli iPhone 9 (ehtimoliy nom) ko‘rinishdan iPhone Plus modelidan bir oz kichik bo‘ladi.

3. Touch ID texnologiyasidan to‘liq voz kechilgan bo‘lib, yangi ayfonlarda Face ID takomillashtiriladi.

4. Apple 6,1 dyuymli iPhone uchun tok sig‘imi 3000 mA soat bo‘lgan akkumulyator o‘rnatmoqchi. Bu iPhone Plus modellari yoki iPhone X yoki 4,7 dyuymli iPhone bilan taqqoslaganda -- yaxshi!

5. Hamyonbop modelning 700-800 dollarga narxlanishi kutilmoqda. Bu degani xalqaro bozorda tag‘in ming dollarlik ayfonlar paydo bo‘ladi.

2019 yilning bahoriga kelib bu gadjetning bahosi xalqaro bozorda 600-700 dollarga tushadi. Ayni paytda iPhone 7 va iPhone 8 flagmanlarini shu narxlarda xarid qilish mumkin.

Kamera qo‘sh bo‘lsa ham, iPhone X'dagi kabi ilg‘or bo‘lmasligi mumkin. A11 protsessorining imkoniyati esa saqlab qolinadi.

Umuman olganda, ayfonni arzonlashtirish uchun qilingan tadbirlar o‘zini oqlaydi.

Galaxy S8, Huawei Mate 10 va hatto Xiaomi Mi Mix 2 (700-800 dollarlik devayslar) bilan taqqoslaganda iPhone 9 ham romsiz ekrani va texnik imkoniyatlari bilan raqobatga dosh beradi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!