iPhone egalari hayratda – bolalar o‘yinlarida pornosaytlar reklamasi!

  •   DiMaX
  •  1769
  •  22.02.2018 14:15

iPhone egalari hayratda – bolalar o‘yinlarida pornosaytlar reklamasi!

Keyingi paytlarda ko‘plab iPhone sohiblari bolalarga mo‘ljallangan ilovalarda behayo saytlarga kirish yo‘lini ko‘rsatuvchi ochiq reklamalar paydo bo‘lganidan nolishmoqda. Bu kabi shikoyatlar ko‘p saytlarda, hatto Apple’ning rasmiy forumida ham yozilayotgan bo‘lsa-da, kupertinolik gigant haliyam bunga biror izoh bermayapti.

O‘QING: Qo‘l telefonida O‘zbekistonga pornografik materiallar olib kirishga uringan ayollar ushlandi

«Kattalarbop» reklama kontentiga duch kelgan bir foydalanuvchi voqeani bunday bayon etadi:

«Kichkina ukam mening iPhone’imda o‘yin o‘ynab o‘tirgan edi. Birdaniga u baqirib, smartfonga kimdir buzib kirganini aytib qoldi. Men tezda chopib borib, ayfonni qo‘lidan oldim va ko‘rdimki, ekranda mashhur bir pornosayt reklamasi ketayotgan ekan».

Bannerni qayta tomosha qilishdan anglashiladiki, unda o‘sha behayo saytning o‘zi emas, balki internetga VPN orqali kirish imkonini beruvchi ilova reklama qilingan. Dastur ishlab chiquvchilari banner tarzida qisqa yo‘riqnoma joylashgan – unda provayderning yoki mobil qurilmaning har qanday cheklovini ham chetlab o‘tib, pornosaytga kirish yo‘li ko‘rsatib berilgan ekan.

O‘QING: VPN nima o‘zi?

Bu kabi reklama videolarining bolalarbop ilovalarga o‘rnatilganidan boshqalar ham shikoyat qilishgan. Foydalanuvchilarning fikricha, bunaqa kontentni bolalarga ko‘rsatish mumkin emas, shuning uchun ham Apple tezda buning chorasini ko‘rishi lozim.

Xabarlarga ko‘ra, bu holat juda kam uchramoqda, ammo baribir yosh bolaning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq.

Aytishlaricha, joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan WWDC 2018 ko‘rgazmasida iOS 12 tizim talqini taqdim etiladi. Shu talqinda ota-onalar nazorati bo‘yicha kengaytirilgan imkoniyatlar ham bo‘ladi.

Ungacha esa, har ehtimolga qarshi, siz ham mana bu tavsiyalarimiz bilan tanishib chiqing: iPhone va iPad’da bolaning nobop saytlarga kirishini cheklaymiz

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.