iPhone parolini iCloud orqali o‘chirish

  •   DiMaX
  •  3049
  •  23.01.2017 14:06

iPhone parolini iCloud orqali o‘chirish

Apple o‘z mahsulotlari himoyasiga o‘ta jiddiy qaraydi va bu borada qurilmalarga kompaniyaning o‘zi tomonidan ishlab chiqilib o‘rnatiladigan dasturiy ta’minotning o‘rni muhim. Biroq mazkur himoya ba’zan foydalanuvchilarning zarariga ishlashi ham mumkin, masalan – parolini unutib qo‘ysa. Biroq buning ham chorasi bor.

Agar siz o‘z iPhone qurilmangizni blokdan chiqarish parolini unutib qo‘ygan bo‘lsangiz, albatta qiyin ahvolda qolasiz. Biroq unda smartfonni topishga ko‘maklashuvchi «Nayti iPhone» funksiyasi yoqilgan bo‘lsa, iCloud orqali parolni osongina olib tashlay olasiz.

1. iCloud’ga kiramiz.

Eslatma: iPhone yoqiq holatda bo‘lishi kerak.

Boshqa biror qurilmadan yoki kompyuterdan https://www.icloud.com manzilini ochib, o‘zingizning iCloud akkauntingizga kiring, keyin esa «Nayti iPhone» onlayn-xizmatini oching. Har ikkala holatda ham kirish uchun o‘z Apple ID’ingizni kiritishingiz kerak bo‘ladi.

 

2. iPhone’ni topamiz

«Nayti iPhone» menyusidagi «Vse ustroystva» bo‘limiga kirib, iPhone’ni tanlang.

3. iPhone’ni o‘chiramiz

Ekranda qalqib chiquvchi oynacha paydo bo‘ladi, undagi «Steret iPhone» opsiyasini bosing. Bu amalingizni tasdiqlash uchun yana Apple ID’ingizni kiritishingiz lozim.

  1. Qurilma haqidagi ma’lumotlar o‘chadi

Bunda qurilmaning tozalanishi boshlanadi, iPhone displeyi o‘chib qoladi. So‘ng ekranda Apple logotipi va holatni ko‘rsatuvchi qator paydo bo‘ladi. Hech nima qilmasdan, jarayonning yakunlanishini kuting.

Eslatma: Tozalanganidan keyin iPhone ichidagi barcha ma’lumotlar o‘chib ketadi, xuddi yangi olingan paytidagidek holatga keladi. Smartfonni to‘liq qaytadan sozlashga to‘g‘ri keladi. Biroq siz o‘zingiz sozlab qo‘ygan avvalgi asosiy parametrlarini iCloud yoki iTunes nusxasidan qayta tiklashingiz mumkin bo‘ladi. Asosiysi – endi qurilmani blokdan chiqarish uchun parolni kiritish so‘ralmaydi. Tabiiyki, sozlash jarayonida o‘zingiz yangidan parol o‘rnatasiz va endi uni esdan chiqarib qo‘ymaysiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!